Apple Pay xizmatiga TBC Bank kartalarini ulash imkoniyati paydo bo‘ldi
27.10.2026
Qulay, xavfsiz, va shaxsiy to‘lov vositasi.
Toshkent – 2026-yil 27-oktabr — Bugundan boshlab TBC Bank tomonidan chiqarilgan Visa to‘lov tizimidagi TBC Salom va Mastercard to‘lov tizimidagi TBC Osmon kartalari egalari tez va qulayligi bilan mobil to‘lovlar sohasida burilish yasayotgan qulay, xavfsiz va shaxsiy to‘lov vositasi — Apple Pay’dan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Xavfsizlik va maxfiylik Apple Pay’ning asosiy tamoyilidir. Kredit yoki debet kartangizni Apple Pay’ga qo‘shganingizda, karta raqami qurilmaning o‘zida ham, Apple serverlarida ham saqlanmaydi. Buning o‘rniga qurilmaga maxsus shifrlangan noyob raqam biriktiriladi va u qurilmangiz ichidagi “Secure Element” xavfsiz chipida ishonchli saqlanadi. Har bir to‘lov esa har safar yangidan yaratiladigan bir martalik maxfiy kod orqali tasdiqlanadi.
Apple Pay’ni sozlash juda oson: mijozlar kredit yoki debet kartalarini Wallet ilovasi orqali qo‘shishlari mumkin. Do‘konlarda Apple Pay yordamida iPhone SE, iPhone 6 va undan keyingi modellar, shuningdek, Apple Watch orqali to‘lov qilish mumkin.
Apple Pay ilovalar va veb-saytlarda xaridlarni birgina harakat bilan amalga oshirish imkonini beradi: buning uchun Touch ID’ga barmog‘ingizni tegizish yoki iPhone X va undan keyingi modellarda yon tugmani ikki marta bosib, Face ID orqali tasdiqlash kifoya. Endi aloqa ma’lumotlarini uzundan-uzun shakllarga qo‘lda kiritish, yetkazib berish hamda to‘lov manzillarini qayta-qayta yozib o‘tirishga hojat qolmaydi. Ilovalar va Safari brauzeridagi to‘lovlar uchun Apple Pay iPhone 6, iPad Pro, iPad Air 2, iPad mini 3 va undan keyingi barcha modellarda ishlaydi. Shuningdek, 2012-yildan keyin chiqarilgan, macOS Sierra tizimi o‘rnatilgan istalgan Mac kompyuterida ham Safari brauzeri orqali Apple Pay bilan to‘lash mumkin — bunda xaridni iPhone 6 va undan keyingi modellar, Apple Watch yoki yangi MacBook Pro’dagi Touch ID orqali tasdiqlashingiz kerak bo‘ladi.
Apple Pay haqida batafsil ma’lumotni saytda o‘qing: http://www.apple.com/ru/apple-pay/