TBC Bank Uzbekistan qo‘shimcha $35,1 million sarmoyaga ega bo‘ldi

08.08.2022

Xorijiy investitsiya innovatsion raqamli banking va xususiy bank sektorini rivojlantirishga yo‘naltiriladi

2022-yil 8-avgust kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Jahon banki guruhi a’zosi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va TBC Bank Group PLC kompaniyasi TBC Bank Uzbekistan’ga (TBC UZ) umumiy miqdorda 35,1 million dollar qo‘shimcha sarmoya kiritdi. TBC Bank Uzbekistan Gruziyaning yirik TBC Bank Group PLC xolding kompaniyasining sho‘ba korxonasi hisoblanadi. TBC Bank Group PLC Angliya va Uelsda ro‘yxatdan o‘tgan, kompaniyaning aksiyalari London fond birjasida kotirovka qilinadi.

 

Ushbu kapital oshirilishi 2021-yil 30-sentabrda TBC UZ, TBC Bank Group PLC, EBRD va IFC o‘rtasida imzolangan investitsion kelishuv doirasida ko‘p yillik moliyalashtirish rejasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, ikki institutsional investorning (YETTB va IFC) har biri TBC UZ’da 20 foizdan ulushlarni qo‘lga kiritgan edi.

 

Ilk badal miqdori 18,8 million AQSH dollari, ya’ni har bir investor uchun 9,4 million dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, TBC Bank Group PLC 25,9 million dollar investitsiya kiritdi.

 

Ikkinchi sarmoya doirasida EBRD va IFC har biri $7 milliondan, TBC Bank Group PLC esa $21,1 milliondan jalb qildi. Shunday qilib, TBC UZ’ga jalb qilingan investitsiyalarning umumiy miqdori 79,8 million AQSH dollarini tashkil etdi. Investitsion kelishuvga asosan, 2023-2024-yillarda ham kapitalni ko‘paytirish rejalashtirilgan.

 

TBC Bank O‘zbekistondagi ikki yillik faoliyati davomida yirik o‘sish templarini ko‘rsatishga erishdi. Bank 2020-yilning aprel oyida litsenziyasini qo‘lga kiritdi va oktabr oyida tijoriy faoliyatini boshladi. Bank TBC Group’ga tegishli va mobil ilova orqali chakana bank xizmatlarini taklif etuvchi “Space” platformasining innovatsion fintech bazasida faoliyat yuritadi. 2022-yilning iyuliga kelib TBC UZ ilovasini 2,4 million kishi yuklab oldi. Ayni payt TBC Bank respublikaning 9 ta shahridagi shou-rumlari va butun mamlakat bo‘ylab 33 ta “mijozlarni faollashtirish nuqtalari” orqali bank xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.

 

TBC Bank chakana foydalanuvchilarga onlayn-formatda: pul o‘tkazish, kredit, avtokredit, depozit, muddatli to‘lov, bank kartalari va hisobvaraqlar bo‘yicha to‘lov qilish kabi xizmatlarni taqdim etadi. Barcha imkoniyatlardan TBC UZ ilovasida foydalanish mumkin.

 

EBRD, IFC va TBC Bank Group PLC investitsiyalari TBC Bank operatsion faoliyatining rivojlanishiga, bank sektorida korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini ilgari surishga yordam beradi va O‘zbekistonda raqamli moliyaviy bozorning mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.

 

Yangi investitsiyalar mamlakat bozoriga yaqinda kirib kelgan raqamli bank operatsion faoliyatining yanada o‘sishiga va sektorda korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini ilgari surishga turtki bo‘ladi.

 

Spartak Tetrashvili, TBC Bank Uzbekistan boshqaruv raisi buni shunday izohladi: «Umid qilamizki, ushbu sarmoyalar nafaqat bankimizning rivojiga, balki butun mamlakatning raqamli sohasi taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Biz xalqaro investorlar uchun O‘zbekistonning jozibadorligi kundan-kunga oshib borayotganiga o‘z misolimizda amin bo‘lmoqdamiz. Respublika Markaziy banki tomonidan o‘tkazilayotgan reformalar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangi imkoniyatlar va sarmoyalar bizga mijozlar uchun xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga va foydalanuvchilarimiz uchun innovatsion raqamli xizmatlar taqdim etishga yordam beradi».

 

Kassandra Kolbert, IFC’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta menejeri: «Biz TBC Bank Uzbekistan bilan hamkorligimiz yanada mustahkamlanayotganidan va texnologik innovatsiyalarga asoslangan bank xizmatlarining kengayishini qo‘llab-quvvatlayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu investitsiyalar jo‘shqin, samarali va mustahkam kapitalizatsiya qilingan xususiy bank sektorini yaratish bo‘yicha O‘zbekistonga yordam ko‘rsatishga qaratilgan bizning strategiyamizga mos keladi».

 

Alkis Vriyenios Drakinos, EBRD’ning O‘zbekistondagi rahbari:

 

- Biz TBC Bank Uzbekistan’ni bundan buyon ham qo‘llab-quvavtlashdan mamnunmiz. Ushbu raqamli bankning faoliyati qisqa tarixga ega bo‘lsada, bank butun mamlakat bo‘ylab ko‘p sonli chakana mijozlarni qamrab olish bo‘yicha muhim natijalarga erishdi. Investitsiya bankning istiqbolli o‘sish strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va TBC UZ’ga yangi marralarni zabt etishga, jumladan O‘zbekistondagi mikro- va kichik biznes uchun moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga yordam beradi.