
ERI o‘zi nima va u qanday rasmiylashtiriladi
Alisa Granova
Ariza, shartnoma, dalolatnoma yoki boshqa rasmiy hujjatlarga odatda idoraga yoki davlat organiga borib, qo‘lda imzo qo‘yishga to‘g‘ri keladi. ERI bilan hujjatlarni onlayn imzolash mumkin. U nimaligi, qayerda ishlashini va qanday rasmiylashtirishni tushuntiramiz.
U nima va qanday ishlaydi?
ERI — bu elektron raqamli imzo. U xuddi qo‘lda qo‘yiladigan oddiy imzo kabi, faqat internetda ishlaydi.
U bilan hujjatni boshqalar emas, aynan siz imzolaganingizni tasdiqlaysiz. Bunday imzoni davlat organlari, soliq idorasi, banklar, sudlar va kompaniyalar qabul qiladi. Yuridik kuchi bo‘yicha u qog‘ozdagi imzo bilan teng.
ERI — kompyuter, smartfon yoki fleshkada saqlanadigan raqamli kalit. Hujjatni imzolayotganingizda, tizim kalitni tekshiradi va parolni kiritishingizni so‘raydi. Parol kiritilgandan keyin, hujjat rasman imzolangan hisoblanadi.
ERI bilan imzolangan hujjat ko‘rinishi
Elektron imzo JShShIRga bog‘langan va har bir kishining o‘z imzosi bo‘ladi. Turli vazifalar uchun bir nechta imzolar olish mumkin. Birinchisidan jismoniy shaxs sifatida davlat xizmatlarida ariza topshirasiz, ikkinchisidan esa YATT yoki kompaniya rahbari sifatida biznes nomidan shartnoma, dalolatnoma va hisobotlarni imzolashda foydalanasiz.
O‘zbekiston norezidentlari ham ERI olishlari mumkin. Buning uchun davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tish va JShShIR olish kerak.
2026-yil 1-fevraldan boshlab, birinchi marta ID-karta olayotganlarga ERI avtomatik ravishda va bepul beriladi. Uni alohida rasmiylashtirmasdan bemalol foydalanish mumkin.
Elektron imzoni onlayn yoki davlat xizmatlari markaziga borib rasmiylashtirish mumkin.
Onlayn olish
Bu eng oson variant. Uyda turib E-Imzo sayti, davlat xizmatlari portali yoki Soliq mobil ilovasi orqali olasiz. Faqat pasport, JShShIR va Soliq ilovasi kerak.
Onlayn olish tartibi:
1. E-Imzo sayti, YaIDXP yoki Soliq ilovasini oching. “ERI olish” xizmatini tanlang.
2. Davlat bojini to‘lang — payme bilan bu juda oson. Keyin ariza shakli ochiladi.
3. Anketani to‘ldiring. Ma’lumotlaringizni, JShShIR va telefon raqamingizni kiriting. Arizani tasdiqlash uchun telefoningizga SMS-kod keladi.
4. Qayerga saqlashni tanlang. Kompyuter, smartfon yoki fleshkada. Agar kompyuterda saqlasangiz — tizim qayta o‘rnatilganda faylni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun D: diskini tanlang.
5. Parol o‘rnating. Hujjatni imzolayotganingizda uni har safar kiritish kerak. Telefon raqami, JShShIR, tug‘ilgan sana yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlardan parol sifatida foydalanmang.
6. Shaxsingizni tasdiqlang va kalitni yarating. Ekranda QR-kod paydo bo‘ladi — uni Soliq ilovasi orqali skanerlang. Keyin “Kalitni yaratish” tugmasini bosing va parolni takroran kiriting.
Endi sizda elektron imzo bor. Anketada ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lsa, pasport ma’lumotlari kiritilmasa yoki davlat boji to‘lanmasa ariza rad etiladi. Unda jarayonni boshidan qaytarish kerak.
YATT va kompaniyalar uchun ERI rasmiylashtirish ham shunday. Ariza to‘ldirish, shaxsni tasdiqlash va kalitni yaratish kerak. Onlayn tarzda yuridik shaxs uchun ERIni faqat kompaniya rahbarlari olishlari mumkin. Boshqa xodimlar arizani shaxsan davlat xizmatlari markazlari yoki soliq idorasida topshirishadi.
Davlat xizmatlari markazi orqali shaxsan rasmiylashtirish
Oflayn usul qulayroq bo‘lsa, imzoni DXMda rasmiylashtirish mumkin. Pasport va fleshka olib kelishingiz kerak. Ariza to‘ldirasiz va davlat bojini kassada yoki onlayn to‘laysiz. Markaz xodimi kalitni yaratadi, uni fleshkaga yozib beradi va parol o‘rnatishga yordam beradi.
Kompaniyalar uchun esa lavozimni va imzo qo‘yish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar kerak. Masalan, kompaniya ustavi yoki bosh buxgalterni tayinlash to‘g‘risidagi buyruq.
ERI rasmiylashtirish narxi
Narxi imzo kim tomonidan rasmiylashtirilayotgani va ariza qayerda topshirilayotganiga bog‘liq. Jismoniy shaxslar uchun davlat boji 2026-yil may holatiga ko‘ra BHMning 7% — 28 840 so‘m. YATT va kompaniyalar uchun BHMning 10% — 41 200 so‘m.
Agar ERI my.gov.uz orqali rasmiylashtirilsa, boj miqdori pastroq. Jismoniy shaxslar uchun 25 956 so‘m va yuridik shaxslar uchun 37 080 so‘m. To‘lov qilishdan oldin summani tizimning o‘zida tekshiring. U to‘lovni tasdiqlashdan avval yakuniy narxni ko‘rsatadi.
Kalit ikki yil amal qiladi. Keyin qaytadan ariza topshirib va davlat boji to‘lab imzo muddatini uzaytirish kerak. Bitta imzoni faqat ikki marta uzaytirish mumkin.
Imzodan foydalanish
Imzodan foydalanish uchun E-Imzo dasturi kerak. Tizim shu dastur orqali kalitingizni “ko‘radi” va imzo qo‘yish imkonini beradi.
Dasturni ERI saqlanayotgan qurilmaga o‘rnating. Kompyuter uchun o‘rnatish fayllari E-Imzo saytida, smartfon uchun esa App Store yoki Google Play’da bor.
Kompyuterga o‘rnatishdan oldin Windows ichki himoyasini vaqtincha o‘chirib turish talab qilinishi mumkin. O‘chirish uchun yo‘riqnoma Microsoft saytida bor. macOS tizimida esa o‘rnatishdan oldin tizimni oxirgi versiyagacha yangilash so‘ralishi mumkin — bu odatiy hol.
Qayerda saqlash kerak?
Kalitni kompyuter, smartfon yoki fleshkada saqlash mumkin. Undan foydalanish imkoniyati faqat kalit egasida bo‘lishi kerak.
Kalit qurilmada saqlansa, unga albatta parol o‘rnating. Faylni va parolni boshqa shaxslarga bermang. Ushbu kalit bilan imzolangan har qanday hujjat siz tomoningizdan imzolangan deb hisoblanadi.
Fleshkadan foydalansangiz, uni xavfsiz joyda saqlang va kerak bo‘lmaganda o‘zingiz bilan olib yurmang. Uni yo‘qotib qo‘ysangiz yoki u buzilib qolsa, imzoni qaytadan chiqarishga to‘g‘ri keladi.
ERI ishlamasa-chi?
Agar imzo ishlamasa, ko‘pincha bu texnik muammo bo‘ladi. Uni tez hal qilish mumkin.
Brauzerni almashtirib ko‘ring. ERI Mozilla Firefox yoki Microsoft Edge brauzerlarida yaxshi ishlaydi. Google Chrome va Safari brauzerlarida xatoliklar bo‘lishi mumkin.
E-Imzo dasturini qayta o‘rnating. Modul noto‘g‘ri ishlashi mumkin. Dasturni qayta o‘rnatish yoki oxirgi versiyagacha yangilab ko‘ring.
Kalit saqlangan joyni tekshiring. ERI fayli mavjudligini tekshiring. Fleshka ulangan bo‘lishi, fayl esa o‘chirilmagan yoki boshqa joyga ko‘chirilmagan bo‘lishi kerak.
Mobil versiyadan foydalaning. Kompyuterda imzo qo‘yilmasa, hujjatni smartfonda imzolashga urinib ko‘ring.
Bitta ham variant yordam bermasa, (71) 202-32-32 raqami orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga telefon qiling.
ERI yozilgan fleshkani yo‘qotsangiz — imzoni tezda bloklang va yangisini rasmiylashtiring
Fleshkada sizning nomingizdan hujjatlarni imzolash imkonini beruvchi kalit saqlanadi. U boshqa shaxsning qo‘liga tushib qolsa, sizning kalitingizdan foydalanishga urinishi mumkin. Sizning kalitingiz bilan imzolangan hujjatlar esa aynan siz tomoningizdan imzolangan deb hisoblanadi.
ERI haqida qisqacha
ERI — sizning internetdagi imzongiz. U bilan shaxsni tasdiqlash va hujjatni onlayn imzolash mumkin. U qo‘lda yozilgan imzo bilan bir xil yuridik kuchga ega.
ERIni onlayn yoki shaxsan rasmiylashtirish mumkin. Onlayn — E-Imzo, YaIDXP yoki Soliq ilovasi orqali. Shaxsan esa — davlat xizmatlari markazida, pasport va fleshka bilan birga borib.
2026-yil fevralidan boshlab, birinchi marta ID-karta olayotganlarga ERI avtomatik ravishda va bepul yaratiladi. Uni alohida rasmiylashtirish shart emas.


