
“Bank” yoki “tergovchi”ning firibgar emasligini qanday bilish mumkin
Katya Bulgakova
Ko‘pincha firibgarlar “prokuratura” yoki “bank” nomidan qo‘ng‘iroq qilib, tergov bilan qo‘rqitishadi va pulingizni qo‘lga kiritishga harakat qilishadi. 2024-yilda O‘zbekiston IIV (ichki ishlar vazirligi) firibgarlik bo‘yicha 35 000 dan ortiq murojaatni qabul qilgan va ular orasida bunday qo‘ng‘iroqlar bilan bog‘liq holatlar ham bor. Firibgarlikni aniqlab, pulni yo‘qotmaslik uchun nima qilish kerakligini tushuntiramiz.
Qo‘ng‘iroqlar qanday ishlaydi?
Ko‘pincha ssenariy bir xil bo‘ladi. Firibgarlar noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank, prokuratura, IIV yoki tergov xodimi deb tanishtiradi. Keyin, pulingiz xavf ostida ekanini aytib, kimdir hisobingizdan pul yechmoqchi, nomingizga kredit olmoqchi yoki shubhali operatsiya o‘tkazmoqchi ekani haqida xabar beradi.
Shundan keyin firibgarlar bosim o‘tkazadi. Sizni shoshiltirib, qo‘rqitishadi va xotirjam o‘ylashga imkon berishmaydi. Darhol harakat qilish kerak, bo‘lmasa pul yo‘qotasiz yoki muammolar kelib chiqadi deydi. Ba’zan esa qo‘ng‘iroq haqida hech kimga aytmaslikni so‘rashadi. Go‘yoki bu, “tergov siri” yoki “xizmat tekshiruvi”.
Keyin esa asosiy maqsadga o‘tishadi. Pulni “xavfsiz” hisob raqamiga o‘tkazishni, SMS kodni aytishni, karta ma’lumotlarini berishni yoki “himoya” ilovasini o‘rnatishni so‘rashadi. Bularning barchasi pulingizni qo‘lga kiritish uchun qilinadi. “Xavfsiz” hisob raqami aslida firibgarlarga tegishli bo‘ladi, SMS kod esa pul o‘tkazmasini, ilovaga kirishni yoki boshqa operatsiyani tasdiqlash uchun ishlatiladi.
Firibgarlikni qanday aniqlash mumkin?
Asosiy qoidalarni esda tuting:
1. Markaziy bank xodimlari hech qachon jismoniy shaxslarga qo‘ng‘iroq qilmaydi. Markaziy bank mijozlar bilan bevosita ishlamaydi, shuning uchun bunday qo‘ng‘iroqlar firibgarlik hisoblanadi.
2. Bank va davlat organlari xodimlari bank kartasining raqami, CVC kod va SMS kodlarni so‘ramaydi.
3. “Xavfsiz” hisob raqamlar mavjud emas. Na huquq-tartibot organlarida, na banklarda, na boshqa muassasalarda.
Sizga qo‘ng‘iroq qilishganida nima qilish kerak?
Agar suhbat davomida sizni qo‘rqitishsa, shoshiltirishsa, hoziroq pul o‘tkazishni yoki SMS kodlarni aytishni talab qilishsa, darhol qo‘ng‘iroqni uzing. Bahslashmay, o‘zingizni oqlamay suhbatni tugating. Davom ettirsangiz firibgarlar yanada ko‘proq bosim o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishadi.
Shundan keyin, kartada, ilovada yoki rasmiy saytda ko‘rsatilgan raqam bo‘yicha bankka qo‘ng‘iroq qiling. Xodimlar hisob raqamingiz haqida ma’lumot berib, biror nima qilish kerak bo‘lsa aytishadi.
Ma’lumotlar bilan bo‘lishdingiz yoki pul o‘tkazdingiz. Nima qilish kerak?
Karta ma’lumotlarini aytib, SMS kodni bergan yoki pul o‘tkazgan bo‘lsangiz, darhol bankning rasmiy raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Ular sizga hisob raqamini himoya qilish va keyingi qadamlar haqida ma’lumot berishadi.
Qo‘ng‘iroq qiluvchining iltimosi bilan telefoningizga ilova o‘rnatgan bo‘lsangiz, bank ilovalariga kirmang. Avval uning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiling.
Shuningdek, qo‘ng‘iroq qiluvchining raqami, xabarlar va pul o‘tkazmalari cheklarini saqlab qo‘ying. Firibgarlik haqida huquqni muhofaza qiluvchi huquq-tartibot idoralariga murojaat qiling.
Esda tuting:
Sizga qo‘ng‘iroq qilib, “pulni saqlab qolish”ni taklif qilishsa — bu, firibgarlar.
SMS kodlarni va karta ma’lumotlarini hech kimga bermang.
- Agar ma’lumotlarni aytib qo‘ygan yoki pul o‘tkazgan bo‘lsangiz, darhol bankingizga murojaat qiling.
