Barcha maqolalar
Firibgarlar

Firibgarlarda qayta qo‘ng‘iroq sxemasi qanday ishlaydi

Alisa Granova

 

Boshida sizga go‘yoki yetkazib berish xizmatidan qo‘ng‘iroq qilib SMS-kod so‘rashadi. Keyin boshqa odam telefon qilib, o‘zini Markaziy bank, IIV yoki MyGov’danman deb tanishtiradi. Ular sizga firibgarlar qo‘ng‘iroq qilganini aytib, pulingizni yoki akkauntingizni xavfsiz saqlashda yordam taklif qilishadi. Bunday sxemani qanday aniqlash va shunday qo‘ng‘iroq bo‘lsa, nima qilish kerakligini ko‘rib chiqamiz.

Sxema qanday ishlaydi

Bu firibgarlik sxemasida hammasi ikki bosqichda bo‘ladi. Birinchi firibgarlar ishonarli bahona bilan SMS orqali kelgan kodni olishga harakat qilishadi. Keyin odamni xavotirga solib, boshqa ma’lumotlarni ham olishga yoki kerakli harakatlarni bajarishga ko‘ndirishadi. 


Birinchi qo‘ng‘iroq. Firibgar o‘zini pochta, yetkazib berish xizmati, do‘kon yoki boshqa tashkilot xodimi deb tanishtiradi. Ishonarli bahona topib, SMS orqali kelgan kodni aytishingizni so‘raydi.

Masalan, o‘zini kuryer deb tanishtirib, sizga posilka kelganini aytishi mumkin. Kodni olishi bilan firibgar ataylab tuzoqqa tushganingizni sezdiradi. Yonidagilarga “Kodni oldik” deb go‘shakni qo‘yib qo‘yadi. Shunda siz kodni firibgarga aytib qo‘yganingizni tushunasiz, lekin keyin nima bo‘lishini bilmaysiz. Firibgarlar esa aynan shu holatdan foydalanib, sizga ikkinchi marta qo‘ng‘iroq qiladi. 


Ikkinchi qo‘ng‘iroq. Endi telefon qilgan odam o‘zini Markaziy bank, IIV, MyGov yoki boshqa rasmiy tashkilot xodimi deb tanishtiradi. U avval sizga qo‘ng‘iroq qilgan odam haqida bilishini va u aslida firibgar bo‘lganini aytadi. Keyin pulingizni yoki akkauntingizni himoya qilishda yordam berishni taklif qiladi. 


Masalan, hisobingizni tez bloklash kerakligini aytib, SMS orqali kelgan kodni aytishingizni so‘rashi mumkin. Yoki firibgarlar akkauntingizga kirgan-kirmaganini tekshirish bahonasida MyGov paroli yoki tasdiqlash kodini so‘rashi mumkin. Yana pulingiz yoki ma’lumotlaringizni himoya qilish bahonasida havolaga kirishni, biror ilovani o‘rnatishni yoki boshqa amalni bajarishni aytadi.


Buning maqsadi qo‘shimcha ma’lumotlarni olish yoki odamni firibgarlarga pulni olishga yordam beradigan harakatni bajarishga ko‘ndirishdir.

Qo‘ng‘iroq qilishsa, nima qilish kerak

Qo‘ng‘iroq qilgan odam SMS kodni, parolni, karta ma’lumotlarini aytishni yoki ilova o‘rnatishni so‘rasa, suhbatni yakunlang. Qo‘ng‘iroq vaqtida tortishmang va uning gaplarini tekshirishga urinmang. 


Telefonda o‘zini bank, davlat yoki biror tashkilot xodimi deb tanishtirsa, qo‘ng‘iroqni tugating va ma’lumotni o‘zingiz tekshiring. Tashkilotning rasmiy raqamini sayt yoki ilovadan topib, o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling. Sizga yuborilgan raqam yoki havolaga kirmang.

 

Kodni aytishga yoki firibgarning talabini bajargan bo‘lsangiz, tez harakat qiling.

Kodni aytgan bo‘lsangiz, nima qilish kerak?

Kodni aytib qo‘ygan bo‘lsangiz ham, vahimaga tushmang. Eng muhimi, qo‘ng‘iroq qilgan odamning boshqa ko‘rsatmalarini bajarmang va kod, parol yoki karta ma’lumotlarini bermang.


Pul bilan bog‘liq operatsiyalarni tezroq tekshiring. Pulingiz joyida ekaniga ishonch hosil qiling. Bank bilan bog‘lanib, nima bo‘lganini ayting. Kartangiz va hisobingizdagi oxirgi operatsiyalarni, masalan, boshqa xizmatlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlarni ham tekshirtiring. Notanish operatsiyani ko‘rsangiz, bu haqda bank xodimiga ayting. U keyin nima qilish kerakligini tushuntiradi.


Pul yechib olingan bo‘lsa, tezroq bankka xabar bering. Bankka operatsiya vaqti va summasini ayting. Kirim-chiqim tarixida pul kimga yoki qaysi servisga o‘tkazilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu ma’lumotlarni ham bering.


Firibgarlik haqida TBC UZ ilovasi orqali ham xabar berish mumkin: “Profil” → “Boshqa”.

Yodda tutish kerak bo‘lgan muhim qoida

SMS orqali kelgan kod, parol va karta ma’lumotlarini hech kimga bermang. Bank, Markaziy bank, pochta yoki boshqa tashkilot xodimlari sizdan SMS kod, PIN kod yoki karta orqasidagi CVV/CVC kodni so‘ramaydi.


Bir marta ishlatiladigan SMS kod to‘lovni yoki boshqa harakatni tasdiqlash uchun ishlatiladi. Parol va akkaunt kodi esa profilga kirish uchun kerak. Bu ma’lumotlarni firibgarlar bilsa, ular nomingizdan operatsiya bajarishga va pul yechishga urinadi. Kartaning qaysi ma’lumotlarini aytish mumkinligi, qaysilarini esa sir saqlash kerakligi haqida bilib oling. 


Shoshmang va ma’lumotni tekshirib oling. Sizni shoshirishsa, qo‘rqitishsa yoki tez kodni aytish va operatsiyani tasdiqlashni talab qilishsa, suhbatni tugating. Keyin bank ilovasiga kirib, operatsiyalarni o‘zingiz tekshiring. 


Faqat rasmiy raqamga qayta qo‘ng‘iroq qiling. Uni tashkilotning saytidan yoki ilovasidan topasiz. Telefondagi odam aytib turgan raqamga qo‘ng‘iroq qilmang va yuborilgan havolaga o‘tmang. Bu soxta sayt bo‘lishi mumkin. 


Ilovalarni faqat rasmiy manbalardan yuklang. Telefondagi odam yuborgan havolalar va yo‘riqnomalarga ishonmang. Faqat rasmiy ilovalar do‘koni yoki tashkilot saytidan foydalaning. 


“Telefoningizni buzib kirishdan himoya qilamiz” degan bahona bilan sizga maxsus ilova o‘rnatishni taklif qilishlari mumkin. Bunday ilova orqali firibgarlar SMS va telefondagi boshqa ma’lumotlarga kiradi. Soxta antiviruslar orqali ishlaydigan firibgarlik sxemasi qanday bo‘lishini o‘qing.

Yaqinlaringizni ogohlantiring

Ayniqsa, yoshi katta qarindoshlaringizga bu sxema haqida gapirib bering. Firibgarlar bank yoki davlat idorasi xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilib, ishonchli ohangda gapirishi mumkin. Ular ishonchli gapirgani uchun qo‘ng‘iroq haqiqiydek ko‘rinadi.


Yaqinlaringiz bilan oldindan kelishib oling. Masalan, ularni telefonda kimdir qo‘rqitsa, SMS kod yoki parolni so‘rasa yoki pullarni “saqlab qolish” uchun shoshilinch biror ish qilishni aytsa, qo‘ng‘iroqni tugatishi va yaqinlaridan biriga telefon qilishlarini ayting. 


Yaqiningiz firibgarlarga kod yoki boshqa ma’lumotlarini berib qo‘ygan bo‘lsa, uni ayblamang. Bank bilan tezroq bog‘lanib, hisoblari va akkauntlarini himoya qilishga yordam bering. Bunday paytda uning yonida bo‘lish va yordam berish juda muhim.

Firibgarlik haqida TBC Bank Uzbekistan’ga xabar berish uchun:

  • 1150 yoki +998 78 777 27 27 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.

     

  • Saytdagi murojaat shakli orqali yozing

     

  • TBC UZ ilovasidagi chatga yozing: “Profil” → “Boshqa”.