
Novvot: novvot o‘zi nima va u qanday ishlaydi
Nataly Fein
Novvot va NVT o‘zi nima?
Novvot — TBC Bank Uzbekistan’ning yangi sodiqlik dasturi. NVT esa uning ichki valyutasi. Ular ilovadagi Novvot balansiga turli amallar uchun qo‘shiladi. Masalan, karta orqali to‘lov yoki ilovadan xarid qilsangiz, novvot olasiz.
Novvot kursi: 1 novvot = 1 so‘m. Bu degani, hisobingizda 40 000 novvot bo‘lsa, 40 000 so‘mlik xarid uchun ulardan foydalanishingiz mumkin.
Novvot bosh sahifasi
Yig‘ilgan novvotlarni xohlagan paytda ishlatishingiz yoki ko‘proq yig‘ib, keyin sarflashingiz mumkin. Ularni naqdlash yoki boshqa odamga o‘tkazishning iloji yo‘q. Novvotlardan TBC Bank Uzbekistan ilovasidagi to‘lovlar va “Novvot” do‘konidagi xaridlar uchun foydalaniladi.
TBC Bank Uzbekistan va payme’da novvot umumiy balansda hisoblanadi. Ya’ni ikkala servisdan foydalansangiz ham, novvot bir joyda yig‘iladi.
Novvot nima uchun beriladi
Novvotlarni TBC Bank Uzbekistan kartalari bilan qilgan xaridlar, ilovadagi to‘lovlar va profildagi topshiriqlar uchun olish mumkin. Topshiriqlar esa profilingizda ko‘rsatiladi. Masalan, birinchi to‘lovni qilish, kartani ulash yoki elektron pochtani tasdiqlash uchun novvot beriladi.
Qanday hisoblanadi
Novvot qancha berilishi kartangiz, to‘lov joyi va obunaga bog‘liq. Obuna bo‘lsa, novvot olish foizi yuqoriroq bo‘ladi va oy davomida olinadigan novvot limiti ham oshadi.
Hamkorlarda eng ko‘pi bilan 5% novvot olish mumkin. Ularga KFC, Korzinka Go, The Mart va payme tickets servisi kiradi. TBC Salom Visa va TBC Osmon Mastercard bilan qilingan oddiy xaridlar uchun 1% novvot, obuna bo‘lsa 2% novvot beriladi.
Stavkalar qo‘shilmaydi. Har bir xarid uchun bir nechta shartlar to‘g‘ri kelganda, eng yuqori foiz hisoblanadi.
Masalan, TBC Salom kartasi bilan mahalladagi do‘konda 200 000 so‘mlik xarid qildingiz. Obunasiz 2 000 novvot, ya’ni 1% olasiz. Obuna bilan esa 4 000 novvot, ya’ni 2% beriladi. Xuddi shu summani 5% novvot beriladigan hamkorda sarflasangiz, 10 000 novvot olasiz.
Bo‘lib to‘lash yoki keyinroq to‘lashni rasmiylashtirish uchun ham xarid summasining 1% da novvot beriladi. Faqat har oylik muddatli to‘lovni yopayotganingizda novvot hisoblanmaydi.
Novvot avtomat ravishda balansingizga tushadi. Qancha novvot kelgani va qayerga ishlatganingizni TBC Bank Uzbekistan ilovasidagi Novvot Tarix bo‘limida ko‘rinadi.
Novvot qachon, nimaga va qancha tushganini ko‘rib borishingiz mumkin
Bir oyda qancha novvot olish mumkin
Har xil turdagi xaridlar uchun alohida oylik limitlar bor.
Xaridlar | Obunasiz | Obuna bilan |
|---|---|---|
TBC Salom Visa, Humo, Uzcard oflayn | 50 000 novvotgacha | 200 000 gacha |
TBC Osmon Mastercard bilan oflayn | 50 000 novvotgacha | 200 000 gacha |
TBC Bank Uzbekistan va payme ilovalari orqali | 50 000 novvotgacha | 200 000 gacha |
Turli toifalardagi limitlar bir-biriga qo‘shilib boradi. Masalan, TBC Salom va TBC Osmon kartalaringiz bilan do‘konlarda qilgan xaridlaringiz, TBC Bank Uzbekistan ilovasi ichidagi to‘lovlaringiz uchun novvotlar alohida yig‘iladi. Shuning uchun obunasiz bir oyda maksimal 150 000 novvotgacha, obuna bilan esa 600 000 novvotgacha olish mumkin.
Topshiriqlar uchun beriladigan novvotlar umumiy oylik limit ichida hisoblanishi yoki undan tashqari berilishi mumkin. Bu ma’lumot har bir topshiriq shartlarida ko‘rsatiladi.
Qanday va qayerda ishlatish mumkin
Novvotdan ikki xil usulda foydalanish mumkin:
1. TBC Bank Uzbekistan va payme ilovalarida xaridlar uchun. Oyiga 50 000 tagacha novvot ishlatish mumkin. Obuna bo‘lsa, bu limit 200 000 novvotgacha oshadi.
2. Novvot do‘konidagi xaridlar uchun. Bu yerda oylik limit yo‘q, shuning uchun novvotlarni yig‘ib, qimmatroq mahsulotlarni, masalan, iPhone yoki smart TV olish mumkin. “Novvot” do‘konidagi narxlar bozor narxlaridan farq qilmaydi.
Qanday qilib ko‘proq novvot olish mumkin
Yagona TBC Plus va payme plus obunasiga ulaning. TBC Salom Visa va TBC Osmon Mastercard kartalari bilan xarid qilganda 1% o‘rniga 2% novvot beriladi. Oylik limit ham oshadi.
Obuna boshqa bonuslar ham beradi. Masalan, TBC Salom orqali pul o‘tkazmalarining umumiy limiti 50 mln so‘mgacha oshadi. Boshqa kartalardan esa oyiga 5 mln so‘mgacha pulni komissiyasiz o‘tkazasiz. Obunaga Yandex Plus, Setanta Sports va payme’dagi “Hammasi ichida” tarifi ham kiradi. Obuna narxi — oyiga 39 990 so‘m. Yangi mijozlar uchun 30 kunlik bepul sinov muddati bor.
Hamkorlarda xarid qiling. Ba’zi hamkorlarda xarid qilganingiz uchun 5% gacha novvot olishingiz mumkin. Xaridga bir nechta stavka to‘g‘ri kelsa, eng yuqori stavka bo‘yicha novvot olasiz.
Topshiriqlarni bajaring. Ilovada novvot olish mumkin bo‘lgan turli topshiriqlar paydo bo‘ladi. Ularni bajarib, qo‘shimcha novvot yig‘ishingiz mumkin.
TBC Bank Uzbekistan va payme’dan foydalaning. Novvot ikkala ilovada bir xil ishlaydi. Novvot ham bitta balansga yig‘iladi. payme’ga TBC Bank Uzbekistan kartalarini ulab, xaridlarni shu ilova orqali qilsangiz, novvot olasiz.
Novvot shartlari va limitlari haqida ma’lumotni nechpul’dagi maqolada yozganmiz.
Ko‘p beriladigan savollarga javoblar
TBC Stars’larim nima bo‘ladi?
Xavotir olmang, TBC Stars’dagi yulduzlaringiz kuyib ketmaydi. Ular bilan nima qilish mumkinligini keyinroq aytamiz.
Qachon tushadi?
Novvot to‘lov amalga oshirilganidan yoki topshiriq bajarilganidan keyin tushadi. Do‘konda karta orqali oflayn to‘lov qilinganda biroz kechikish bo‘lishi mumkin. Bu to‘lov tizimining operatsiyalarni qayta ishlash tezligiga bog‘liq.
Qaysi bonuslar so‘mda qoladi?
Kartadagi qoldiq uchun foizlar, TBC Salom kartasini to‘ldirish va undan pul yechish uchun beriladigan alohida bonuslar so‘mda hisoblanadi. Bunga 100% aksiya va Uzcard bilan birinchi xarid uchun 5% bonus ham kiradi.
Novvotning amal qilish muddati qancha?
Novvotning amal qilish muddati 730 kalendar kun, ya’ni taxminan ikki yil. Bu vaqt davomida ularni kattaroq xaridlar uchun to‘plab borishingiz mumkin.
Xaridning bir qismini novvot, bir qismini pul bilan to‘lasa bo‘ladimi?
Yo‘q, xaridning bir qismini pul, bir qismini novvot bilan to‘lab bo‘lmaydi.
Bo‘lib to‘lash yoki to‘lovni kechiktirishda novvot beriladimi?
Ha. Xaridni bo‘lib to‘lash yoki to‘lovni kechiktirish orqali qilsangiz, xarid summasining 1% da novvot olasiz. Har oylik to‘lovni yopib borayotganingizda novvot qo‘shilmaydi
Pul o‘tkazmalari va kredit to‘lovlari uchun novvot beriladimi?
Yo‘q. Novvot xaridlar uchun beriladi. Pul o‘tkazmalari va kredit to‘lovlari uchun novvot hisoblanmaydi.
Novvot bilan bo‘lib to‘lash yoki kechiktirilgan to‘lovni yopish mumkinmi?
Ha, novvot orqali payme’da bo‘lib to‘lash yoki kechiktirilgan to‘lovni yopish mumkin.
Xaridni qaytarsam, hisoblangan novvotlar nima bo‘ladi?
Xaridni qaytarsangiz, shu xarid uchun berilgan novvot balansingizdan yechib olinadi.



