Barcha maqolalar
Kreditlar

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun kreditlar: shartlari, turlari va olish tartibi

TBC Blog tahririyati

 

Kredit olish uchun odatda daromadingizni tasdiqlashingiz kerak. O‘zini o‘zi band qilgan odamning ish beruvchisi yoki oyligi haqida ma’lumotnomasi bo‘lmasligi mumkin, lekin bu unga kredit berilmaydi degani emas. O‘zini band qilganlar uchun kreditlar, bir-biridan farqi va qaysi kredit sizga mos kelishini ko‘rib chiqamiz. TBC Bank’dan onlayn-kredit olish tartibini ham tushuntiramiz.

Kreditlar

O‘zini band qilganlar iste’mol kreditlari, avtokreditlar, ipoteka yoki biznesni rivojlantirish uchun kreditlarga ariza topshirishi mumkin. Ularda daromad, hujjatlar va kredit maqsadiga qo‘yiladigan talablar bo‘ladi.


Iste’mol krediti yoki mikrokredit. Bu kredit ish xarajatlariga, masalan, materiallar, asbob-uskunalar yoki texnika sotib olish uchun pul kerak bo‘lsa o‘zini o‘zi band qilganlarga mos keladi. Biznesni rivojlantirish uchun kreditlardan farqi — mikrokredit shartlari osonroq. Garov, kafil yoki biznes-reja kerak emas.


Avtokredit. U faqat avtomobil sotib olish uchun beriladi. Iste’mol kreditidan asosiy farqi ham shu: pulni uyni ta’mirlashga, asbob-uskunalar yoki boshqa xarajatlarga ishlata olmaysiz.


Ipoteka. Uy olish uchun beriladigan kredit. 2026-yil 1-apreldan boshlab o‘zini o‘zi band qilganlar ijtimoiy soliqni o‘z xohishi bilan to‘lagan bo‘lsa, davlat ipoteka dasturida qatnashishi mumkin. 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki yil, 2028-yildan boshlab oxirgi uch yil uchun soliq to‘langanini tasdiqlash kerak. Agar ijtimoiy soliq to‘lanmagan bo‘lsa, umumiy shartlar asosida ipotekaga ariza topshirish mumkin. Unda bank uning daromadini alohida baholab, kredit berish-bermasligini hal qiladi.


Biznesni rivojlantirish uchun kreditlar va dasturlar. Aniq bir ish uchun beriladigan kreditlar. Uskunalar sotib olish, parrandachilik, asalarichilik yoki tomorqa xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun. Pulni boshqa joyga sarflash mumkin emas. Qo‘llab-quvvatlash dasturlari orqali o‘zini band qilgan odam 10 sotixdan katta yoki ijaraga olgan yeri bo‘lsa, garovsiz 50 mln so‘mgacha pul olishi mumkin. Kichik issiqxona qurish yoki baliqchilik uchun olinadigan kredit esa 100 mln so‘mgacha boradi.

Bank kamroq summa bersa yoki kreditni rad etsa-chi

Bank kredit miqdorini har bir kishi uchun alohida hisoblaydi. U har doim ham arizada ko‘rsatilgan summani ma’qullayvermaydi. Ba’zan kamroq taklif qiladi, muddatini o‘zgartiradi yoki rad etadi.
Bunga bir nechta sabablar bor.


Tasdiqlangan daromad kamligi. Bank odamning oylik to‘lovni qila olish-olmasligini tekshiradi. Shaxsning daromadi mijozlardan keladigan to‘lovlardan yig‘iladi. Pul muntazam tushmasligi va har xil summada kelishi mumkin. Shu uchun bank kartaga qancha pul tushyapti, qanchalik tez-tez va barqaror ekanini baholaydi. Masalan, o‘zini band qilgan shaxs oylik to‘lovi taxminan 2 mln so‘m bo‘lgan kredit so‘rayapti, uning kartalariga esa odatda oyiga 2 mln so‘mgacha pul tushadi. Bu vaziyatda bank kreditni ma’qullamaydi. Sababi, deyarli butun daromad qarzni yopishga ketadi. To‘lov kamroq bo‘lishi uchun bank kamroq summa yoki boshqa muddat taklif qiladi.


Kreditlar bo‘yicha yuklamaning yuqoriligi. Bank avvalgi kreditlar bor-yo‘qligini tekshiradi. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun alohida qoida bor: agar yangi qarz bilan umumiy qarzdorlik 75 BHM dan oshsa — 2026-yil iyun holatiga ko‘ra bu 30,9 mln so‘m, — bank arizachining qarz yuklamasi va daromadini qo‘shimcha baholaydi. Masalan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning oldingi krediti bo‘yicha 18 mln so‘m qarzi qolgan. U yana 15 mln so‘mga ariza topshirdi. Umumiy qarz 33 mln so‘mga yetdi va 75 BHM dan oshib ketdi. Bunda bank arizachining daromadi yangi to‘lovga yetish-yetmasligini ko‘rib chiqadi. Agar daromad yetmasa, kamroq summa berilishi yoki rad etilishi mumkin.


Umumiy qarz limitdan oshib ketishi. Kreditlardan tashqari, bank barcha majburiyatlar bo‘yicha umumiy qarz summasini tekshiradi. Iste’mol kreditlari va mikroqarzlar uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning umumiy qarzi uning o‘rtacha oylik daromadiga nisbatan 8 barobardan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Masalan, bank o‘zini band qilgan shaxsning daromadini oyiga 5 mln so‘m deb belgiladi. Bunda, umumiy qarz 40 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Agar arizachining turli majburiyatlar bo‘yicha qarzi 30 mln so‘m bo‘lsa va u yana 20 mln kredit so‘rasa, umumiy qarz 50 mln so‘mga yetadi. Bunda qarzdorlik limitdan ko‘p bo‘lgani uchun bank kamroq summa berishi yoki rad etishi mumkin.


Muddati o‘tgan to‘lovlar yoki boshqa qarzlar borligi. Bank kredit tarixini — muddati o‘tgan to‘lovlar, amaldagi kreditlar va arizachi ularni qanday to‘layotganini ko‘rib chiqadi. Qarorga boshqa qarzdorliklar —  to‘lanmagan jarimalar, kommunal xizmatlardan qarzlar yoki majburiy ijro ishlari ham ta’sir qiladi. Qarzlar ko‘p bo‘lsa, bank kamroq summa ajratishi yoki rad etishi mumkin.

Kredit olish uchun hujjatlar

Hujjatlar ro‘yxati kredit turiga va bank talablariga bog‘liq. Oddiy iste’mol krediti uchun quyidagilar kerak:

 

  • pasport yoki ID-karta — bank shaxsingizni tekshiradi va arizani rasmiylashtiradi;

     

  • o‘zini o‘zi band qilganlik maqomi — ma’lumotnomani Soliq yoki myGov ilovasidan olsa bo‘ladi;

     

  • daromadni tasdiqlash — ba’zi banklar oxirgi oylardagi karta ko‘chirmasini so‘raydi, boshqalari to‘langan soliqlarni tekshirib daromadni hisoblaydi.


TBC Bank’da daromad haqida ma’lumotnoma kerak emas. Ilovaga o‘z kartalaringizni qo‘shsangiz yetarli. Bank ularga tushgan pullarga qarab daromadni hisoblaydi va kredit shartlarini taklif qiladi.

Kredit shartlari

TBC Bank’da o‘zini band qilganlar 3 oydan 36 oygacha, 300 000 dan 100 mln so‘mgacha mikrokredit olishi mumkin. Pulni ish xarajatlariga — materiallar, asbob-uskunalar yoki texnika sotib olishga sarflash mumkin. Garov yoki kafil kerak emas.


Kredit olishdan oldin, kalkulyatorda taxminiy oylik to‘lovni hisoblasa bo‘ladi. Summa va muddatni tanlaysiz, kalkulyator oyiga taxminan qancha to‘lashingizni ko‘rsatadi. Qaysi kredit sizga to‘g‘ri kelishini tushunish osonroq bo‘ladi.


Bank arizani ko‘rgandan keyin aniq shartlarni taklif qiladi. Oxirgi summa, muddat, stavka va oylik to‘lov kartalarga tushgan pullar, kredit tarixi va hozirgi qarzlarga bog‘liq.

TBC Bank’dan kredit olish tartibi

O‘zini band qilganlar TBC UZ ilovasida onlayn-kredit uchun ariza topshirishi mumkin.

 

  • TBC UZ ilovasini yuklang va ro‘yxatdan o‘ting. Pasport yoki ID-karta va JShSHIR kerak bo‘ladi. Bank mijozi bo‘lsangiz — keyingi qadamga o‘ting.

 

  • “Kreditlar” bo‘limiga kiring va “O‘zini o‘zi band qilganlar uchun kredit”ni tanlang.

 

  • Arizani to‘ldiring. Daromadingizni, o‘zingizga kerakli summani va kredit muddatini ko‘rsating.

 

  • Bank qarorini kuting. Ariza bo‘yicha javob bir daqiqada keladi.


Ariza ma’qullansa, summa, muddat, stavka, oylik to‘lov va umumiy ustama to‘lovini ko‘rib chiqing. Shartnomani o‘qib, ilovaning o‘zida imzolang. Kredit shartnomasida nimalarga e’tibor berish kerakligini maqolada batafsil yozganmiz.


Shartnoma imzolangach, pul TBC Bank’dagi hisobingizga tushadi.


Kredit rad etilsa, sizga uning sababi ko‘rsatilgan xabarnoma keladi. Keyingi safar imkoniyatni oshirish uchun shu sababni bartaraf eting. To‘lanmagan jarimalarni yoki hozirgi kreditlaringizning bir qismini yoping. Bank ko‘proq tushumlarni ko‘rishi uchun qo‘shimcha kartalaringizni kiriting.

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun kreditlar haqida qisqacha

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun turli kreditlar bor. Iste’mol krediti, avtokredit, ipoteka yoki biznesni rivojlantirish uchun kreditga ariza topshirish mumkin. Har bir kreditning o‘z shartlari va talablari bor.


Mikrokredit uchun talablar kamroq. Biznesni rivojlantirish kreditlarida esa dastur shartlariga mos kelish va pulni faqat aniq maqsadga ishlatish kerak. Masalan, materiallar sotib olishga.


Bank faqat o‘zini o‘zi band qilganlik maqomiga qaramaydi. Kartalarga tushumlar, kredit tarixi, hozirgi kreditlar va boshqa majburiyatlar juda muhim. Shu uchun summa va shartlar arizada ko‘rsatilganidan farq qilishi mumkin.


TBC Bankda onlayn kredit olsa bo‘ladi. Ariza ilovada topshiriladi, bank esa uni ko‘rib chiqqach aniq summa, muddat, stavka va oylik to‘lovni ko‘rsatadi.