
Kredit bo‘yicha foizlarni qanday kamaytirish mumkin
Nataly Fein
Kredit olganingizda, bank sizga jadval bo‘yicha qancha ortiqcha to‘lashingizni ko‘rsatadi. Lekin bu summani kamaytirish mumkin. Kreditni tezroq yopish va kamroq foiz to‘lashning ikkita ishonchli usulini keltiramiz.
1-usul: Kreditni muddatidan oldin to‘liq yoping
Siz asosiy qarz va shu kungacha hisoblangan foizlarni to‘laysiz. Shundan keyin kredit yopiladi, yangi foizlar esa hisoblanmaydi.
2-usul: Kreditni qisman so‘ndiring
Oylik to‘lovdan tashqari kredit uchun qo‘shimcha summa kiritasiz. Summaning bir qismi hisoblangan foizlarga, qolgani esa asosiy qarzni yopishga ketadi. Natijada qarz kamayadi va keyingi foizlar ham kichikroq summaga hisoblanadi.
Muddatidan oldin to‘langan summa qanchalik katta bo‘lsa, kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lov shunchalik kamayadi.
Kreditni so‘ndirish uchun istalgan summani xohlaganingizcha kiritishingiz mumkin. Lekin, kredit muddatidan oldin qisman so‘ndirilganda oylik majburiy to‘lov sanasi o‘zgarmasligini esdan chiqarmang. Masalan, to‘lov sanasigacha 100 000 so‘m kiritgan bo‘lsangiz, bank buni muddatidan oldin so‘ndirish hisobiga qabul qiladi. Ya’ni oldindan pul kiritgan bo‘lsangiz ham, jadval bo‘yicha navbatdagi to‘lovni baribir amalga oshirishingiz kerak.
Muddatidan oldin so‘ndirish ortiqcha to‘lovni qanday kamaytiradi
Siz bank oldidagi qarzingizni har oyda teng miqdordagi to‘lovlar bilan uzib borasiz. Uning miqdori kredit stavkasi, summasi va muddatiga bog‘liq. Har bir to‘lov ikki qismdan iborat. Birinchi qismi hisoblangan foizlarga, ikkinchisi esa “kredit tanasi”, ya’ni asosiy qarzni yopishga ketadi.
Qismlarning o‘zaro nisbati oydan oyga o‘zgarib boradi. Dastlabki to‘lovlarda foizlar miqdori yuqoriroq, asosiy qarz summasi esa pastroq bo‘ladi. Muddatning boshida asosiy qarz sekinroq, oxirida esa tezroq kamayadi.
Masalan, agar bir yilga 2 mln so‘m kredit olsangiz, oylik to‘lov taxminan 193 000 so‘m bo‘ladi. Birinchi oyda summaning 47 000 so‘mi foizlarni, 146 000 so‘mi esa asosiy qarzni yopadi. Ikkinchi oyda foizlarga 43 000 so‘m, asosiy qarzga esa deyarli 150 000 so‘m ketadi.
To‘lovning o‘zi o‘zgarmaydi, lekin har oy foizlar uchun kamroq, qarzni so‘ndirish uchun esa ko‘proq summa ketadi. Oxiriga kelib, oylik to‘lovning deyarli barchasi aynan asosiy qarzni yopishga yo‘naltiriladi.
Shu sababli, muddatidan oldin to‘lov qilish ortiqcha to‘lovni kamaytirishga yordam beradi. Asosiy qarz tezroq kamayib, foizlar miqdori qisqaradi.
Kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lov haqida qisqacha
Kreditni to‘liq yoki qisman muddatidan oldin yopish orqali ortiqcha to‘lovni kamaytirish mumkin. Asosiy qarz qanchalik tez kamaysa, bank shunchalik kam foiz hisoblaydi.
Qisman muddatidan oldin so‘ndirilganda oylik to‘lov sanasi o‘zgarmaydi. Jadval bo‘yicha navbatdagi to‘lov o‘z vaqtida qilinishi kerak.
- Muddatidan oldin to‘lov qilishdan avval to‘lovlar jadvalini ko‘rib chiqing. Shunda hozir qancha mablag‘ kirita olishingizni va bu ortiqcha to‘lovga qanday ta’sir qilishini tushunib olasiz.
