
“Oson daromad” va “aniq foyda”: firibgarlik sxemalari qanday ishlaydi
Katya Bulgakova
Agar sizga tez va tajribasiz daromad olish yoki hech qanday harakatsiz pul ishlash va’da qilinsa, bu hushyor bo‘lish uchun sabab. Bunday sxemalar turlicha bo‘ladi. Masalan, internetdagi qo‘shimcha ish, investitsiya loyihasi, layklar uchun pul yoki tanishdan kelgan “zo‘r taklif”. Lekin, maqsad bir — pul ishlash. Firibgarlikni aniqlash usullari va pulni yuborgan bo‘lsangiz, nima qilish kerakligini tushuntiramiz.
Oson pul ishlash sxemalari qanday ishlaydi?
Bunday sxemalarning har xil nomi bor, internetdagi qo‘shimcha ish, layklar uchun pul, investitsiya loyihasi, tanishdan kelgan “zo‘r taklif” yoki “daromad keltiruvchi” uskunani sotib olish. Lekin, ularning ishlash mexanizmi deyarli bir xil.
Boshida oson pul va’da qilinadi. Tez foyda, oddiy vazifalar, minimal harakat va deyarli hech qanday xavf yo‘q deyishadi. Sxema ishonchli ko‘rinishi uchun izohlar, to‘lov skrinshotlari, daromad raqamlari va go‘yoki muvaffaqiyatga erishgan odamlar haqidagi hikoyalarni ko‘rsatishadi.
Keyin birinchi qadamni qilib, ro‘yxatdan o‘tish, depozit kiritish, platformaga kirish uchun pul to‘lash, kichik paket sotib olish yoki katta bo‘lmagan summani kiritishni so‘rashadi. Ba’zan shundan keyin shaxsiy kabinetdagi “foyda”ni ko‘rsatishadi yoki ishonch uyg‘otish uchun ozgina pulni yechib olishga ruxsat berishadi.
Odam ko‘nikib qolganidan keyin shartlar o‘zgaradi. Ko‘proq pul kiritish, do‘stlarini jalb qilish, yangi darajaga o‘tish yoki ko‘proq foyda uchun yana biroz kutish so‘raladi. Natijada sxema deyarli har doim bir xil tugaydi. Odam pulini yo‘qotadi, tashkilotchilar esa g‘oyib bo‘ladi yoki to‘lovni kechiktirish uchun bahonalar topadi.
Eng ko‘p uchraydigan sxemalar
Firibgarlarning ssenariylari ko‘p. Lekin, ular sxemani sizga tushunarli va odatiy bo'lgan narsalar ortiga yashirishadi.
Oldindan to‘lanadigan qo‘shimcha ish. Odamga oson masofaviy ish taklif qilishadi. Masalan, layk qo‘yish, video ko‘rish, izoh yozish, buyurtma bilan yordam berish yoki “yengil ishlar”ni qilish. Boshida hammasi oddiy ko‘rinadi. Lekin, keyin shartlar qo‘shiladi. Platformaga kirish uchun pul to‘lash, depozit kiritish yoki paket sotib olish kerak bo‘ladi. Ishtirokchi pul yuborganidan keyin, yangi talablar paydo bo‘ladi, yoki aloqa shunchaki uziladi.
Layk, video yoki obuna uchun pul. Bu, keng tarqalgan firibgarlik usullaridan biri. Sizga ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy ishlar uchun pul va’da qilishadi. Layk bosish, obuna bo‘lish, video ko‘rish yoki izoh qoldirish. Odamni ishontirish uchun boshida “hisobga pul tushgandek” ko‘rsatishadi yoki ozgina pulni yechib olishga ruxsat berishadi. Lekin, keyin deyarli har doim “qimmat topshiriqlar”ni ochish yoki daromadni oshirish uchun ko‘proq pul kiritishni so‘rashadi.
Soxta investitsiya loyihalari va moliyaviy piramida. Bunday sxemalarda yuqori daromadli yoki hatto kafolatlangan foyda beradigan investitsiyalar va’da qilinadi. Takliflar kriptovalyuta, aksiyalar, ko‘chmas mulk, biznes yoki “istiqbolli loyiha”ga investitsiyadek ko‘rinishi mumkin.
Ba’zan odamni hammasi rasmiy va xavfsiz ekanligiga ishontirishadi. Lekin, aslida to‘lovlar boshqa ishtirokchining pullaridan yuboriladi. Yangi odamlar qo‘shilaversa sxema ham ishlaydi. Pul sarflaydiganlar kelmay qolsa, to‘lovlar to‘xtaydi va kompaniya yopiladi.
“Pul keltiradigan” deb ko‘rsatiladigan tovarlar yoki uskunalar asosidagi sxemalar. Ba’zida firibgarlar “pul keltiradi” deb turli narsalarni sotib olishni taklif qilishadi. Bu, uskunalar, panellar, mayning qurilmalari, savdo botlari yoki boshqa “aktivlar”. Shunchaki pul kiritib, keyin aralashmasangiz ham foyda olasiz deb va’da qilishadi. Aslida buning ortida hech qanday daromad yo‘q. Faqat chiroyli va’dalar.
Aldashayotganini qanday bilsa bo‘ladi?
Oldingizda firibgar ekanini ko‘rsatadigan aniq belgilar bor.
Juda oson va juda katta pullarni va’da qilishadi. Agar sizga kafolatli daromad, tajribasiz tez pul ishlash yoki deyarli hech narsa qilmasdan foyda olishni va’da qilishsa, bu ehtiyot bo‘lish uchun sabab. Hayotda ish ham, investitsiyalar ham xavfsiz va oson daromad bermaydi.
Boshida to‘lov qilishni so‘rashadi va shoshiltirishadi. Firibgarlikning eng yaqqol belgilaridan biri, hali pul ishlamasdan turib depozit kiritish, kirish uchun pul to‘lash yoki paket sotib olishni so‘rashlari. Shu bilan birga yana shoshiltirishadi. Taklif faqat hozir amal qiladi, joylar tugayapti yoki loyihaga tez kirish kerak deb aytishadi.
Yangi odamlarni jalb qilishni so‘rashadi, lekin kompaniya haqida ma’lumot yo‘q. Daromadni oshirish uchun do‘stlaringizni taklif qilish aytilsa, bu xavotirli belgidir. Bunday sxemalar ko‘pincha aynan yangi odamlarning doimiy oqimi hisobiga ishlaydi. Yangi ishtirokchilar oqimi davom etar ekan hammasi ishlayotgandek tuyuladi. Oqim to‘xtaganda, to‘lovlar ham to‘xtaydi.
Bu yerda ham loyiha kimniki va qanday ishlashini tushuntirmay, faqat skrinshotlar, izohlar va boshqalarning “ajoyib natijalarini” ko‘rsatishadi. Va’dalar ko‘p, lekin aniq ma’lumot yo‘q bo‘lsa tavakkal qilmagan yaxshi
Agar pulni yuborgan bo‘lsangiz, nima qilish kerak?
Vaqtni cho‘zmay darhol harakat qiling.
1. Barcha yozishmalarni, cheklarni, skrinshotlarni, sayt yoki chat havolasini va sxemaga bog‘liq boshqa tafsilotlarni saqlab qo‘ying. Keyinroq dalil sifatida kerak bo‘lishi mumkin.
2. Bank bilan bog‘lanib, shubhali operatsiya haqida ayting. Ba’zida bank nima qilish kerakligini tushuntirib, qo‘shimcha pul yechilishi xavfini kamaytirishga yordam beradi.
3. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga asosan ariza topshiring. Buni qanchalik tez qilsangiz, firibgarlarni topish va pulni qaytarish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.
Qisqacha: oson daromad sxemalariga uchramaslik haqida
Ishni boshlash uchun hech qachon pul yubormang. Agar ishni boshlash uchun depozit, kirish to‘lovi yoki “start paket” so‘rashsa, bu aniq firibgarlik.
Va’dalarga ishonmang, tanqidiy baholang. Oson va tez pul — bu, firibgarlik belgisi.
Qaror qabul qilishga shoshilmang, biroz kuting. Shoshqaloqlik tafsilotlarni yaxshilab tekshirishga va hiylani vaqtida payqashga xalaqit beradi.
Daromad manbasiga e’tibor qarating. Agar daromad yangi odamlarni jalb qilishga bog‘liq bo‘lsa, bu piramida yoki firibgarlik bo‘lishi mumkin.
Kompaniyani faktlarga asoslanib tekshiring. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyani qidiring. Agar aniq ma’lumot bo‘lmasa, u bilan ishlash yoki ishlamaslik haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
