
TBC Bank ochiq ariza sabab kredit bermasa nima qilish kerak
Nataly Fein
Agar sizda boshqa bankda kredit, muddatli to‘lov yoki kredit karta bo‘yicha faol onlayn ariza bo‘lsa, boshqa bank yangi arizani ko‘rib chiqa olmaydi. Bu barcha banklar uchun umumiy qoida. Ochiq arizani qanday topish, yopish va qayta kreditga topshirishni tushuntiramiz.
Ochiq arizani qanday topish mumkin
Avval yaqinda qayerga kredit, muddatli to‘lov yoki kredit karta uchun onlayn ariza yuborganingizni eslashga harakat qiling. Bu bank, muddatli to‘lov ilovasi yoki endi rasmiylashtirishni boshlagan boshqa servis bo‘lishi mumkin.
Ba’zida bank rad javobini bergan bo‘lsa ham, ariza kredit byurosida faol holatda qolib ketadi. Masalan, bank hali rad etilganini KATM tizimiga yubormagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun faqat eslash emas, hozirgi holatni ham tekshirish kerak.
Eslay olmasangiz, kredit tarixingizni tekshiring. MyGov ilovasida (Android yoki iOS) “Kredit tarixini olish” xizmatini tanlang. Birinchi marta olsangiz bepul, agar bu yil oldin olgan bo‘lsangiz — 14 832 so‘m turadi.
Sizga hisobot keladi. Undan “Shartnomasiz arizalar” bo‘limini toping. Ochiq ariza 6-blokda bo‘ladi. U yerda rad etilgan sana va sababi ko‘rsatilmagan qator bo‘ladi. Shu qatorda ariza qolib ketgan bank nomi ham yoziladi. Yopilishi kerak bo‘lgan ariza huddi shu.
Ochiq arizani qanday yopish mumkin
Ariza ochiq turgan bankka murojaat qiling. Kredit, muddatli to‘lov yoki kredit karta bo‘yicha tugallanmagan arizani bekor qilishni kerakligini ayting. Ariza raqamini ham ayting — uni kredit tarixida, ochiq ariza ko‘rsatilgan joydan topsa bo‘ladi.
Bank sizga arizani qanday yopishni tushuntiradi. Odatda uni ilova yoki qo‘llab-quvvatlash markazi orqali qilish mumkin.
Murojaatdan keyin bank arizani tizimda yopadi.
TBC Bank’ka arizani qachon qayta topshirish mumkin
Ariza yopilgandan keyin kredit byurosidagi ma’lumot tez yangilanmasligi mumkin. Agar bank uni qo‘lda yangilasa, bu biroz vaqt oladi. Odatda ma’lumot tizimda ertasi kuni paydo bo‘ladi.
Shundan keyin TBC Bank ilovasiga qayting va yana ariza topshiring. Endi uni ko‘rib chiqishlari mumkin.
