Barcha maqolalar
Kreditlar

Nega kartada pul bo‘lsa ham kredit uchun to‘lov avtomatik yechilmasligi mumkin

Ziyoda Gazanboyeva

 

Ko‘pincha kredit, nasiya yoki kredit karta bo‘yicha to‘lov kartalardan belgilangan sanada avtomatik yechib olinadi. Mijozlar bunga ko‘nikib qolishgan va ko‘plar qo‘lda to‘lov qilmay qo‘ygan. Lekin endi ilovaga ulanmagan kartadan avtomatik to‘lov uchun pul yechilmasligi mumkin.

Nima uchun avtoto‘lov o‘tmay qolishi mumkin

15-apreldan kartalar orqali avtomatik pul yechish qoidalari o‘zgardi. Endi TBC Bank o‘zining ilovasiga ulanmagan kartadan pul yechmoqchi bo‘lsa, kartada kamida 3 BHM qolishi kerak. Uch BHM hozir — 1 236 000 so‘m.

 

Agar to‘lovdan keyin kartada bu summadan kam qoladigan bo‘lsa, avtoto‘lov o‘tmaydi.

 

Masalan, kredit bo‘yicha to‘lovingiz 500 ming so‘m, kartangizda esa 1,5 mln so‘m bor. To‘lov yechib olinsa, kartada 1 mln so‘m qoladi. Lekin bu 3 BHMdan kam, shuning uchun bank pulni avtomatik yecholmaydi.

 

Yangi qoida ilovaga ulanmagan kartalarga tegishli. Agar karta TBC UZ’ga qo‘shilgan bo‘lsa, avtoto‘lov odatdagidek amalga oshadi.

Agar to‘lov yechib olinmasa, nima bo‘ladi

Agar avtoto‘lov o‘tmasa, to‘lov kechikishi mumkin. Kechikkan to‘lovlar haqidagi ma’lumot kredit tarixida ko‘rinadi va keyinchalik kredit olishga xalaqit berishi mumkin. Bundan tashqari, penya yoki jarima hisoblanadi, bu esa ortiqcha xarajat.

Avtoto‘lov ishlashda davom etishi uchun nima qilish kerak

Agar to‘lovlarning avtomatik o‘tishi sizga qulay bo‘lsa, pul saqlaydigan kartalaringizni TBC UZ ilovasiga oldindan qo‘shib qo‘ying. Buning uchun “Kartalar” bo‘limiga kiring.

 

Shunda bank ushbu kartalardan kredit, nasiya yoki kredit karta bo‘yicha kerakli summani yechib oladi. Bu to‘lov sanasini o‘tkazib yuborish va to‘lovni kechiktirish xavfini kamaytiradi.