
Avtokredit qanday ishlaydi va u foydalimi
TBC Blog tahririyati
Mashina olishga pulingiz yetmasa, uni kreditga olish mumkin. Bank mashina pulini sotuvchiga to‘laydi, siz esa qarzni bankka bo‘lib-bo‘lib qaytarasiz. Lekin kreditga olingan mashina odatda uni birdaniga sotib olishdan qimmatroqqa tushadi. Avtokredit qanday ishlashini va ortiqcha to‘lov qilmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini ko‘rib chiqamiz.
Avtokredit qanday ishlaydi
Avtokredit — faqat mashina olish uchun beriladigan kredit. Bank mashina pulini sotuvchiga to‘laydi, xaridor esa qarzni bankka bo‘lib-bo‘lib qaytaradi.
Avtokreditning oddiy iste’mol kreditidan asosiy farqlari — garov, sug‘urta va boshlang‘ich to‘lov borligida. Garov sifatida avtomobilning o‘zi olinadi, shuning uchun kafil kerak bo‘lmaydi. Mashinadan odatdagidek foydalanish va uni ta’mirlash mumkin. Lekin kredit to‘liq to‘lanmaguncha, bankning roziligisiz mashinani sotish, hadya qilish yoki boshqa shaxs nomiga qayta rasmiylashtirish mumkin emas.
Oxirgi kredit to‘lovidan keyin bank garovni bekor qiladi va mashina to‘liq egasiga o‘tadi.
Avtokredit qancha turadi
Avtokredit qiymati mashina narxi, boshlang‘ich to‘lov va kredit muddatiga bog‘liq. Sug‘urta majburiy, chunki avtomobil bank garovida turadi. Sug‘urtani bankning o‘zi qilmaydi. Uni bank akkreditatsiyadan o‘tgan sug‘urta kompaniyasi rasmiylashtiradi. Bu qo‘shimcha xarajat va uni oldindan hisobga olish kerak. Mashina o‘rniga boshqa narsani garovga qo‘yib bo‘lmaydi.
Odatda avtokredit 5 yilgacha beriladi. Boshlang‘ich to‘lov ko‘pincha mashina narxining 25 foizidan boshlanadi. Boshida ko‘proq pul to‘lasangiz, bankdan kamroq qarz olasiz va kamroq ortiqcha pul to‘laysiz.
Foiz stavkasi mashina modeli, kredit muddati va boshida qancha to‘lov qilishingizga bog‘liq.
Faqat foiz stavkasiga qarab qaror qabul qilmang. Uning asosida jami qancha ortiqcha to‘lov qilishingizni hisoblab bo‘lmaydi. Mashina sizga qanchaga tushishini ham bila olmaysiz. Ba’zan 0% bo‘lib to‘lash foizli kreditdan qimmatroq bo‘lishi mumkin, chunki mashina narxi to‘lov usuliga qarab o‘zgaradi. Shuning uchun oylik to‘lovga e’tibor berib, kreditning butun davrida to‘lanadigan umumiy summani hisoblash kerak.
Masalan, mashina 300 million so‘m turadi. Boshida 30%, ya’ni 90 million so‘m to‘laysiz. Qolgan 210 million so‘mni 5 yilga kreditga olasiz.
Aytaylik, kredit stavkasi yiliga 22%. Shunda oylik to‘lov taxminan 5,8 million so‘m bo‘ladi. 5 yil davomida bankka taxminan 348 million so‘m to‘laysiz. Shundan qariyb 138 million so‘mi foizlarga ketadi.
Yangi mashinalarning ayrim modellariga dilerlarda imtiyozli dasturlar bo‘ladi. Kreditni pastroq stavkada yoki hatto 0% stavkada rasmiylashtirishadi. Bank diler bilan hamkorlik qilsa, imtiyozli shartlar kredit olinganda ham saqlanishi mumkin. Kreditga ariza berishdan oldin tanlagan mashinangiz uchun hamkorlik dasturi bor-yo‘qligini tekshiring.
O‘zingizga mos avtokreditni TBC Bank kredit kalkulyatorida hisoblash mumkin. U taxminiy oylik to‘lovni, jami qancha to‘lashingizni va ortiqcha to‘lov summasini ko‘rsatadi.
Ortiqcha to‘lovni kamaytirish uchun boshlang‘ich to‘lovni oshirish yoki kredit muddatini qisqartirish mumkin. Oyiga ko‘proq to‘laysiz, lekin oxiridagi jami to‘lovingiz kamroq chiqadi
TBC Bankdan mashinani kreditga qanday olsa bo‘ladi
Avtokredit olishning ikkita asosiy usuli bor.
Mashinani onlayn tanlaysiz, keyin kredit olasiz. Mashinani tanlaysiz, keyin avtokreditga ariza berasiz. Bank arizani ko‘rib chiqadi va natijasini aytadi. Arizangiz oldindan ma’qullansa, TBC Bank vakili siz bilan bog‘lanib, avtosalonda uchrashuv vaqtini kelishib oladi.
Avtosalonda bank tanlagan mashinangiz va shartlarni hisobga olib, yakuniy baholashni o‘tkazadi. Kredit ma’qullangandan keyin, boshlang‘ich to‘lovni qilib, hujjatlarni rasmiylashtirasiz va mashinani olib ketasiz.
Avtosalonda mashinani tanlaysiz, keyin kreditga ariza berasiz. Avtosalonga kelasiz, yoqqan mashinani tanlaysiz, xodim esa kreditning shartlarini tanlashga yordam beradi. Masalan, boshlang‘ich to‘lov va kredit muddatining turli variantlarini ko‘rsatadi. Oyiga qancha to‘lashingiz va jami qancha ortiqcha to‘lov bo‘lishini hisoblab beradi.
Keyin ariza berasiz. Bank ma’lumotlarni tekshiradi va qaror qabul qiladi. Ariza ma’qullansa, boshlang‘ich to‘lovni qilasiz, hujjatlarni imzolaysiz, garovni rasmiylashtirasiz va mashinani olib ketasiz.
TBC Auto’da avtokreditga ariza qanday beriladi
Avtokreditga arizani TBC UZ ilovasida topshirsa bo‘ladi. Ariza bo‘yicha dastlabki javob taxminan bir daqiqada keladi.
Kredit ma’qullangandan keyin, shartnoma va sug‘urta shartlarini yaxshilab o‘qib chiqing. Hammasi sizga mos bo‘lsa, boshlang‘ich to‘lov qilasiz. Shundan keyin bank pulni sotuvchiga o‘tkazadi.
Avtosalonda kredit olayotganda TBC Bank yordamchisi sizga hujjatlar, shartnoma, sug‘urta va keyingi bosqichlar bo‘yicha yordam beradi.
Bitim rasmiylashtirilgach, mashinani salondan olib ketish mumkin.
Nega kredit bermasliklari mumkin
Bank kredit bermasligining odatda ikkita sababi bor:
1. Yomon kredit tarixi. Masalan, boshqa kreditlar bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar, qarzdorlik yoki bajarilmagan majburiyatlar bo‘lsa.
2. Kreditlar bo‘yicha to‘lovlar ko‘p bo‘lsa. Bank shaxs qancha daromad olishini va hozir kreditlar hamda bo‘lib to‘lashlar uchun qancha to‘layotganini hisobga oladi. Yangi to‘lov byudjetingizga og‘irlik qilsa, kreditni tasdiqlamasliklari mumkin.
Ariza topshirishdan oldin kredit tarixingizni tekshirib ko‘ring. Buni my.gov.uz saytida qilish mumkin. Yiliga bir marta xizmat bepul, takroriy so‘rov pullik bo‘ladi. Qarzingiz yoki kechiktirilgan to‘lovlaringiz bo‘lsa, yangi ariza berishdan oldin hammasini to‘lab qo‘ying. Shunda kredit olish imkoniyatingiz oshadi.
Asosiy ma’lumotlar
Avtokredit — faqat mashina olish uchun beriladigan kredit. Pulni boshqa narsalarga ishlatib bo‘lmaydi. Mashina esa kredit to‘liq to‘lanmaguncha bank garovida bo‘ladi.
Imtiyozli dasturlar pulni tejashga yordam beradi. Ba’zi mashina modellarini dilerlardan pastroq foizda, hatto 0% kreditga olish mumkin. Ariza berishdan oldin qaysi mashinalarga imtiyozlar borligini tekshirib ko‘ring.
Boshlang‘ich to‘lov qancha katta bo‘lsa, kredit shuncha foydaliroq bo‘ladi. Demak kreditni kamroq olasiz va oxirida kamroq ortiqcha to‘laysiz.
Kredit olishdan oldin kredit tarixingizni tekshirib ko‘ring. Boshqa kreditlardan qarzingiz yoki kechiktirilgan to‘lovlaringiz bo‘lsa, kreditni ma’qullash ehtimoli kamayadi.
TBC Bank’da avtokreditni bir kunda olish mumkin. Arizani onlayn, TBC UZ ilovasining o‘zida topshirsa bo‘ladi. Ariza tasdiqlanib, hujjatlar joyida bo‘lsa, mashinani o‘sha kunning o‘zida olib ketasiz.


