TBC Bank Uzbekistan o‘zbek so‘mida ilk marotaba chiqarilgan obligatsiyalar joylashtirilishini amalga oshirdi
04.12.2024
Toshkent, 2024-yil 5-dekabr — O‘zbekistondagi eng yirik raqamli bank bo‘lgan va London fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan TBC Bank Group PLC tarkibiga kiruvchi TBC Bank Uzbekistan bir yil muddatga o‘zbek so‘midagi ilk marotaba chiqarilgan obligatsiyalarning joylashtirilishi haqida e’lon qiladi.
TBC Bank Uzbekistan — O‘zbekistonda milliy valyutada obligatsiyalar chiqargan birinchi raqamli bank. Joylashtirish hajmi 40 milliard so‘mni (3,11 million AQSh dollari), daromadlilik esa 24% ni tashkil etdi. Jalb qilingan mablag‘lar TBC kompaniyasining O‘zbekiston bozorida biznesini kengaytirishga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng yirik mamlakati hisoblanadi va bu yerda kompaniya 2020-yildan boshlab raqamli bank xizmatlarini faol rivojlantirib kelmoqda.
O‘zbekiston tomonidan 2019-yilda suveren yevrobondlarning birinchi marta muvaffaqiyatli joylashtirilishi keyinchalik ham suveren, ham korporativ emitentlar tomonidan AQSh dollarida va milliy valyutada keng ko‘lamli obligatsiyalar chiqarilishiga asos bo‘ldi. O‘shandan buyon mamlakatning moliya bozori barqaror o‘sib, jadal rivojlanib kelmoqda hamda xalqaro investorlarning e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda.
Obligatsiyalarning debyut chiqarilishi TBC Uzbekistan uchun yana bir muhim voqeaga aylandi. TBC Uzbekistan tarkibiga TBC Bank Uzbekistan, Payme va Payme Nasiya kiradi, mamlakat bo‘yicha uning ro‘yxatdan o‘tgan unikal foydalanuvchilari soni esa 17 millionga yetgan. Debyut obligatsiyalarining joylashtirilishi TBC Bank Uzbekistan’ning moliyalashtirish manbalarini yanada diversifikatsiya qilishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi. TBC mamlakatdagi eng yirik raqamli bank hisoblanadi va mahalliy hamda xorijiy investorlarni milliy kapital bozorlariga jalb etishga faol hissa qo‘shib kelmoqda.
Nika Kurdiani, TBC Uzbekistan bosh direktori:
"Biz o‘zbek so‘midagi ilk obligatsiyalar chiqarilishini e’lon qilishdan g‘oyat mamnunmiz. Bitim TBC Capital ko‘magida amalga oshirildi va mahalliy bozorda Tat Reestr broker vazifasini bajaradi. Ushbu joylashtirish ham TBC uchun, ham umuman O‘zbekiston moliya bozori uchun muhim bosqich hisoblanadi: u bizning mintaqani iqtisodiy rivojlantirishga va Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini kengaytirishni istagan investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga bo‘lgan intilishimizni aks ettiradi. Mablag‘ manbalari difersifikatsiyasini amalga oshirish va O‘zbekistondagi mavqeimizni mustahkamlashni davom ettirar ekanmiz, mamlakat moliya bozorini rivojlantirishga yanada salmoqliroq hissa qo‘shishga intilamiz".
TBC Uzbekistan Markaziy Osiyoda bank sektorining raqamli o‘zgarishini yetakchi kuch sifatida boshqarmoqda va moliyaviy xizmatlar kelajagini shakllantirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqda. O‘zining texnologik platformasiga asoslangan holda, TBC Uzbekistan barcha xizmatlarni faqat raqamli kanallar orqali taqdim etadi va tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan uchta fintech-biznesini o‘z ichiga oladi – TBC Bank Uzbekistan, Payme va Payme Nasiya.
Obligatsiyalarning chiqarilishi TBC Uzbekistan’ning barqaror rivojlanishini tasdiqlovchi muvaffaqiyatli moliyaviy bitimlar qatoridagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Yil boshidan buyon TBC Bank Uzbekistan jami 105 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish jalb qildi, jumladan bularga FMO (Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki)dan 40 million AQSh dollari miqdoridagi kredit, Shveysariyalik responsAbility Investments AG impact-investordan umumiy qiymati 20 million AQSh dollari bo‘lgan kredit liniyalari, BlueOrchard’dan 25 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari, YETRB’dan 10 million AQSh dollari miqdoridagi kredit hamda Triple Jump orqali Global Gender-Smart Fund (GGSF)dan 10 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ kiradi.
TBC Uzbekistan
TBC Uzbekistan – London fond birjasida ro‘yxatga olingan TBC Bank Group tarkibiga kiruvchi, Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimidir.
TBC Uzbekistan tarkibiga uchta tez rivojlanayotgan fintech-biznes kiradi: TBC UZ mobil banki, jismoniy shaxslar va kichik biznes uchun raqamli to‘lovlar uchun mo‘ljallangan Payme ilovasi, hamda jadal sur’atda rivojlanib borayotgan payme nasiya muddatli to‘lov xizmati.
TBC Uzbekistan o‘zining texnologik platformasi, xalqaro jamoa tajribasi va iste’molchi kreditlashga qaratilgan strategiyasiga asoslanib, jadal rivojlanib bormoqda. Kompaniya bank xizmatlari kirib kelishi past darajada bo‘lgan, ammo raqamli texnologiyalarni yaxshi tushunadigan aholi orasida zamonaviy moliyaviy yechimlarga talab o‘sib borayotgan bozor imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqda.
TBC Uzbekistan o‘z faoliyatini boshlagandan ikki yil o‘tib foyda keltira boshladi va dunyodagi raqamli banklar orasida rekord o‘rnatdi; shu paytgacha uning ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 17 millionga yetdi. 2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakuniga ko‘ra, sof foyda 27 million AQSh dollarini tashkil etdi, kredit va omonat portfellari hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 99% va 66% ga oshdi. TBC Bank Uzbekistan Fitch Ratings yetakchi reyting agentligi tomonidan BB- barqaror reytingiga ega bo‘ldi (O‘zbekistonning mamlakat reytingi darajasida).