TBC Uzbekistan avtomobil bozoriga kirmoqda va shaxsiy konsyerj xizmatiga ega TBC Avto’ni ishga tushirmoqda

21.09.2026

Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli banking ekotizimi bo‘lgan TBC Uzbekistan O‘zbekistonda avtomobil xarid qilish jarayonini tubdan o‘zgartiruvchi yangi maxsus servis — TBC Avto yo‘lga qo‘yilganini e’lon qiladi.

Ushbu xizmat avtomobil tanlash va mablag‘ olishning raqamli bosqichini shaxsiy konsyerj hamrohligi bilan birlashtiradi — u hujjatlarni rasmiylashtirishdan tortib, kalitlarni topshirish va avtomobilni salondan olib chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda ko‘maklashadi. 

 

TBC Avto zamonaviy texnologiyalar hamda shaxsiy xizmatni uyg‘unlashtirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilovaning o‘zida uzluksiz raqamli tajribani taqdim etadi. Foydalanuvchi o‘z xohishi va imkoniyatiga mos avtomobil modelini tanlaydi, TBC Avto esa rasmiy dilerlardan eng mos variantlarni taklif etadi. Tanlangan mashina sotuvda bo‘lmagan taqdirda, tizim birdaniga unga munosib muqobillarni topib beradi. Barcha jarayon uydan chiqmasdan, qisqa fursatda hal bo‘ladi. 

 

Model tanlangach, mijoz o‘ziga qulay to‘lov usulini belgilaydi — o‘z mablag‘i hisobidan yoki kredit evaziga. Shundan so‘ng jarayonga TBC Avto shaxsiy konsyerji (bank vakili) qo‘shiladi. U mijoz bilan bog‘lanib, keyingi qadamlar bo‘yicha maslahat beradi. Avtosalonda ham mijozga ushbu konsyerj hamrohlik qilib, hujjatlarni rasmiylashtirish va xaridni yakunlashga yordam beradi. 

 

Raqamli texnologiyalar va mutaxassis ko‘magining birlashuvi tufayli ilovada avtomobil tanlashdan tortib, kalitni qabul qilib olish va avtosalondan olib chiqib ketguncha bo‘lgan jarayon atigi 24 soatni tashkil etishi mumkin. 

 

TBC Avto dastlab Toshkentdagi rasmiy dilerlar bilan ishlaydi va yangi avtomobillar xaridiga mo‘ljallangan. Poytaxtda ishga tushirilishi xizmatni rivojlantirishning birinchi bosqichi bo‘lib, kelgusida TBC Avto o‘z qamrov hududini kengaytirishni rejalashtirmoqda. 

 

Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan:  “O‘zbekistondagi olti yillik faoliyatimiz davomida biz moliyaviy xizmatlarga bank mahsulotlari to‘plami sifatida emas, balki insonlar kundalik hayotining bir qismi sifatida qarashga odatlandik. Biz mijozlarning raqamli banking haqidagi qarashlarini allaqachon o‘zgartirdik.  Endi esa bu yondashuvni an’anaviy bank xizmatlaridan tashqariga olib chiqmoqdamiz. TBC Avto shunchaki yangi kredit mahsuloti emas. Biz avtomobil xarid qilishning mutlaqo yangi ssenariysini yaratmoqdamiz, unda murakkab va ko‘pincha uzoq davom etadigan jarayon mijoz uchun raqamli, shaffof hamda tushunarli ko‘rinishga keladi. Biz uchun bu avtomobil bozoridagi ulkan loyihalarning boshlanishi hamda TBCʼning mijozlarimiz hayotidagi eng muhim qarorlarga hamroh bo‘lishi sari tashlangan muhim qadamdir”.

 

TBC Avtoʼning ishga tushirilishi TBC Uzbekistan so‘nggi yillarda izchil rivojlantirib kelayotgan moliyaviy va layfstayl xizmatlarining yagona raqamli ekotizimini yanada kuchaytiradi. Bugungi kunda ushbu ekotizim ham chakana mijozlar, ham tadbirkorlarning deyarli barcha ehtiyojlarini qamrab oladi. 

 

Mahsulotlar qatoridan flagman TBC Salom debet kartasi, TBC Osmon kredit kartasi, TBC Sug‘urta raqamli sug‘urta servisi hamda O‘zbekiston norezidentlari uchun mo‘ljallangan xizmatlar o‘rin olgan. Kichik va o‘rta biznes uchun esa onlayn kreditlash va to‘liq raqamli ish haqi loyihasiga ega TBC Biznes platformasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

 

Mobil ilova ichida moliyaviy xizmatlarni tezkor tushunishga ko‘maklashuvchi Lola AI-yordamchisi tufayli mijozlarning ekotizim bilan o‘zaro aloqasi yanada texnologik tus olmoqda. Kundalik xaridlardan maksimal foyda olishni istaydiganlar uchun esa TBC Uzbekistan moliyaviy vositalar va layfstayl-imtiyozlarni birlashtiruvchi yagona obunani rivojlantirmoqda.