Barcha maqolalar
Firibgarlar

Dropperlar o‘zi kim va bunday pul topish nega xavfli

Olga Mokshina

 

“Katta daromad, tajriba shart emas, kuniga 1 soat ish” — bunday e’lonlar orqasida ko‘pincha xavfli sxemalar turadi. Odamlarga pul evaziga kartasiga pul qabul qilishni taklif qilishadi, lekin bu pullar noqonuniy yo‘l bilan topilganini aytishmaydi. Dropperlar kim, nega qonun ularni jabrlanuvchi emas, jinoyatga sherik deb hisoblaydi va bu xavfli tuzoqdan saqlanish yo‘llarini o‘rganamiz.

Dropperlar o‘zi kim

Dropper yoki “drop” — har xil noqonuniy yo‘l bilan topilgan yoki o‘g‘irlangan pullarning izini yashirish uchun o‘z kartasi va bank hisobini ishlatishga beradigan odam.


Sxemani ishlashi: kartangizga pul tashlab berishadi, siz uni kimgadir o‘tkazasiz yoki bankomatdan yechib, firibgarlarga berasiz. Keyin IIB xodimlari haqiqiy firibgarlarni topishga qiynaladi va birinchi bo‘lib pul o‘tkazilgan karta egalarini aniqlaydi.

Qanday qilib dropperga aylanib qolishadi

Hamma ham ataylab dropper bo‘lib qolmaydi. Ko‘pchilik buni qo‘shimcha daromad deb o‘ylaydi yoki shunchaki birovga yordam berayotganiga ishonadi. Firibgarlar odatda odamlarni shunday yo‘llar bilan tuzoqqa tushiradi.   


Oson pul va’da qiladigan e’lonlar. Ijtimoiy tarmoqlarda “Oyiga 1000$ topasiz, tajriba kerakmas” degan e’lonlar bor. Odamni laqillatish uchun “to‘lov tizimlarining tekshiruvchisi” yoki “to‘lov menejeri” degan lavozimlarni ham yozishadi. Lekin butun ish faqat bir kartadan boshqasiga pul o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.

Oson daromad va’da qiladigan e’lon

Adashib o‘tkazilgan pul. Kartaga katta summa tushgach, yuboruvchi adashganini aytib, pulni boshqa kartaga qaytarishni so‘raydi.  


Bankomat oldidagi noma’lum shaxs. Bankomat oldida turganingizda begona odam kelib, kartasini uyda unutganini va shoshilinch pul kerakligini aytadi. Keyin u qarindoshidan keladigan o‘tkazmani kartangizga qabul qilib, bankomatdan yechib berishingizni so‘raydi. 


Tanish odamning iltimosi. Ba'zan firibgarlar odamlarni tanishlari orqali ham topadi. Masalan, tanishingiz pul evaziga bank ilovangizdan foydalanishga ruxsat berishingizni so‘raydi. Tanish odam aytgani uchun ko‘pchilik bunda xavf yo‘q deb o‘ylaydi.

Oson pul va’da qiladigan yana bir firibgarlik

Shunga o‘xshash e’lonlar orqali firibgarlar odamlarni muddatli to‘lov limitini naqdlashtirish sxemasiga ham jalb qiladi. Masalan, odamda bankning muddatli to‘lov limiti bor. Bu pulni do‘konda ishlatish mumkin, lekin bankomatdan yechib bo‘lmaydi.


Firibgarlar sizga do‘kondan soxta xarid qilib, buyum o‘rniga naqd pul olishni aytishadi. Lekin oxirida pulni olib qochib ketishadi yoki belgilangan summaning yarmini berishadi. Masalan, 3 mln so‘m naqdlab bergan bo‘lsangiz, qo‘lingizga atigi 1,5 mln so‘m tushadi. 


Odam va’da qilingan pulni olmaydi, bank oldidagi qarzni ham o‘zi to‘laydi.

Dropperlikning xavfi nimada

Qonun dropperlarni jabrlanuvchi emas, balki jinoyatchining sherigi deb hisoblaydi. Chunki o‘z harakatlariga javob beradigan shaxs firibgarlarga pul o‘tkazishda yordam bersa, noqonuniy daromadlarni qonuniylshtirish yoki firibgarlik bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. 


Noqonuniy pulni aylantirganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi bor. Buning uchun bir marta pul o‘tkazishning o‘zi yetarli. Firibgarlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha), 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha qamoq jazosi beriladi. 


Ish jinoiy javobgarlikkacha yetib bormasa ham, dropperlik qilish bank xizmatlaridan foydalanishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki banklar o‘tkazmalarni tahlil qiladigan va firibgarlik belgilarini aniqlaydigan antifrod tizimlaridan foydalanadi. 


Masalan, kartaga har xil odamlardan pul tushib, tez yechib olinsa, bank buni shubhali deb bilishi mumkin. Shunday holatda bank pul qayerdan kelganini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘raydi. Buni isbotlab berolmasangiz, bank bilan muammo chiqadi.

Kartani bloklab, mijozni qora ro‘yxatga kiritishlari mumkin. Boshqa bu bank xizmatlaridan foydalanib bo‘lmaydi. 


Markaziy bankning “qora ro‘yxati”ga tushish mumkin. Ma’lumotlar Markaziy bank yuritadigan yagona ro‘yxatga tushadi. Kartadan kartaga pul tashlayotganda banklar shu ro‘yxatni tekshiradi. Yuboruvchi yoki oluvchi ro‘yxatda bo‘lsa, pul o‘tmaydi va bloklanadi. 


Boshqa banklar hisobraqam ochishni rad etishi mumkin. O‘zbekiston Markaziy bankining qora ro‘yxatiga tushganlarga boshqa banklardan ham hisob ochish qiyin bo‘ladi. Qonunda bunga taqiq yo‘q, lekin banklar o‘z xavfsizligini o‘ylab rad javobini berishi mumkin.  


Kredit va ipoteka olish qiyinlashadi. Markaziy bank dropperlarga kredit berishni taqiqlamaydi, lekin banklar ularni xavfli mijoz deb hisoblab, rad etishadi.

Dropper bo‘lmaslik uchun nima qilish kerak

Shubhali ishlarga aralashib qolmang: 


Pul o‘tkazib beradigan ishga rozi bo‘lmang. Haqiqiy ish bunday bo‘lmaydi. 


Oson pulga uchmang. Katta maosh va’da qilib, nima qilishni tushuntirishmasa, bu firibgarlik. 


Bank akkauntingizni hech kimga bermang. Jinoyatchilar undan foydalansa ham, javobgarlik sizga tushadi. 


Adashib tushgan pulni qaytarib yubormang. Yuborgan odamdan o‘tkazmani o‘z banki orqali bekor qilishni so‘rang. 


Begonalarga bankomatdan pul yechib bermang. Vaziyat qanday bo‘lmasin, baribir pul siz orqali o‘tadi. Yordam bermoqchi bo‘lsangiz, biroz pul bering.

 

Muddatli to‘lov yoki limitni naqdlashtirmang. Qaysidir qismini qo‘lga kiritganingiz bilan, bankka qarz bo‘lib qolaverasiz.