Barcha maqolalar
Kreditlar

Kreditni to‘lash qiyinlashganda nima qilish kerak?

TBC Blog tahririyati

 

Ba’zida kredit bo‘yicha keyingi to‘lovga pul yetmay qolishi mumkin. Shu payt to‘lovni o‘tkazib yuborish, muammoni esa keyinroq hal qilish osondek tuyuladi. Biroq, hatto bir kunlik kechikish ham penya va jarimalarni keltirib chiqaradi hamda kredit tarixini yomonlashtiradi. To‘lashga imkon bo‘lmaganda nima qilish kerakligi, yuklamani kamaytirishning qonuniy yo‘llari va kredit tarixiga zarar yetkazmagan holda qarz bo‘yicha bank bilan qanday kelishish haqida ma’lumot beramiz.

Bankka murojaat qiling

Bu eng oddiy va to‘g‘ri yo‘l. Agar navbatdagi to‘lovni qiynalsangiz, buni bankdan yashirmang. Muammo haqida qanchalik erta xabar bersangiz, muammoni osonroq yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlari shunchalik ko‘p bo‘ladi.


Bank qiyin davrni to‘lov kechikishisiz, kamroq talafotlar bilan o‘tkazishga va kredit tarixini yaxshi saqlashga yordam beradigan o‘zgarishlarni taklif qilishi mumkin.
Bankda qanday yechimlar bor:


Restrukturizatsiya — bank tomonidan oylik to‘lov miqdorini kamaytirish maqsadida kredit shartlarini o‘zgartirilish. Masalan, kredit muddati uzaytiriladi. 
Aytaylik, siz bir yil muddatga yillik 28% stavka bilan 10 mln so‘m miqdorida kredit oldingiz. Oylik to‘lovingiz — 965 059 so‘m. Agar kredit muddati uch yilga uzaytirilsa, to‘lov miqdori kamayadi va 413 635 so‘m bo‘ladi. 


Kredit ta’tillari. Agar sizda og‘ir vaziyat yuzaga kelgan bo‘lsa, bank to‘lovni 6 oygacha, ayrim hollarda esa undan ham uzoqroq muddatga kechiktirishi va to‘lovlar vaqtini ko‘chirishi mumkin. Masalan, siz uzoq vaqt kasallanib, ishlay olmasangiz, ishingizni yo‘qotgan bo‘lsangiz yoki daromadingiz sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa. Bu holatlarning to‘liq ro‘yxati qonunchiligda belgilangan.


Og‘ir moliyaviy holat hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak: tibbiyot muassasidan ma’lumotnoma, ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq, ish haqi haqida ma’lumotnoma yoki I–II guruh nogironlik guvohnomasi.


Agar siz bankka to‘lov kechikishidan oldin murojaat qilsangiz, osonroq kechadi. Odatda bank bunday arizalarni mijozning joriy kreditlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmaganda va so‘nggi oylarda to‘lovlar uzoq muddatga kechiktirilmagan bo‘lsa ko‘rib chiqadi. Shuning uchun, navbatdagi to’lovga kechikkaningizda bankka murojaat qilganingiz ma’qul. Bunday kechiktirish imkoniyati kreditning butun muddati davomida bir marta beriladi.


Bunday kechiktirish imkoniyati kreditning butun muddati davomida bir marta beriladi. 
Agar ushbu variant to‘g‘ri kelmasa, yuklamani kamaytirishning yana bir usuli bor

Kreditni “refinanslash” uchun boshqa bankka murojaat qiling

Agar o‘z bankingiz bilan o‘zingizga mos keladigan to‘lov grafigi bo‘yicha kelisha olmasangiz, refinanslash xizmatini ko‘rib chiqishingiz mumkin. Bu — mavjud kreditni yopish uchun boshqa shartlar asosida yangi kredit olish degani. Odatda, u oylik to‘lov miqdorini kamaytirish yoki to‘lov muddatini uzaytirish maqsadida rasmiylashtiriladi.


Yangi kreditni rasmiylashtirishdan oldin hisob-kitoblar va shartlarni diqqat bilan tekshiring: yangi oylik to‘lov qancha bo‘ladi, komissiyalar yoki qo‘shimcha xarajatlar bormi va yakunda jami ortiqcha to‘lov miqdori qanchani tashkil etadi. Refinanslash to‘lov miqdori haqiqatan ham yengillashgandagina ma’noga ega bo‘ladi. Mavjud yuklamani shunchaki boshqa bankka ko‘chirish esa o‘zini oqlamaydi.


Refinanslashni to‘lov kechikishlari yuzaga kelmasidan oldin olish osonroq. Agar to‘lovlar bo‘yicha kechikishlar boshlangan bo‘lsa, bank xizmat ko‘rsatishni rad etishi yoki kamroq foyda keltiradigan shartlarni taklif qilishi mumkin.

Kredit to‘lovi kechikish xavfi bo‘lganda ko‘riladigan choralar

Agar to‘lov amalga oshmay qolishini tushunsangiz, muddat o‘tishini kutmaslik tavsiya etiladi. Kredit bo‘yicha kechikishlar bo‘lmasa, bank sizga yordam berishi osonroq: bu holda qarz bo‘yicha kelishish va jarimalardan qutulib qolish imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi.


Zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan harakatlar:

 

  • Bankning mobil ilovasidagi chatga yozing yoki ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, to‘lovni o‘z vaqtida kirita olmasligingizni ayting.
  • Qanday yechimlar borligini so‘rang: to‘lovni kechiktirish, muddatni ko‘chirish yoki grafikni o‘zgartirish.
  • Agar sabab asosli bo‘lsa, qanday hujjatlar kerakligini aniqlashtiring.


Bankning qo'llab-quvvatlash xizmatiga yuborilishi mumkin bo'lgan xabarga misol: 
“Assalomu alaykum! Mening daromadim vaqtinchalik pasaygan va kredit bo‘yicha navbatdagi to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirolmasligimni tushunib turibman. Iltimos, to‘lov muddati o‘tib ketmasligi uchun to‘lovni kechiktirish yoki grafikni o‘zgartirishni qanday rasmiylashtirish mumkinligini aytsangiz. Buning uchun qanday hujjatlarni taqdim etishim kerak?”


Asosiysi: bankdan yashirinmang, muammo haqida darhol xabar bering. Bu juda muhim.

Kredit to‘lanmasa, nima bo‘ladi?

Mablag‘ bo‘lmaganda, to‘lovni shunchaki o‘tkazib yuborish eng oson yo‘ldek ko‘rinishi mumkin. Ammo kechikish yuzaga kelishi bilan qarzga penya va jarimalar qo‘shiladi, natijada summa siz kutganingizdan tezroq o‘sishni boshlaydi. Kredit tarixi ham yomonlashadi — kechikish haqidagi ma’lumot Kredit axborot tahliliy markazi (Kredit byurosi) bazasida qayd etiladi. 


Agar kechikish davom etsa, bank qarzni undirish uchun qat’iy choralarni ko‘radi. Ayrim hollarda ish sudgacha borishi, mablag‘lar esa hisobvaraqlardan majburiy tartibda yechib olinishi mumkin. Shuning uchun g‘oyib bo‘lish va vaziyat o‘z-o‘zidan o‘nglanishini kutish kerak emas. To‘lovni amalga oshira olmasligingizni tushunishingiz zahoti bankka yozing va variantlarni muhokama qiling.

Qisqacha: Kreditni to‘lashga imkon bo‘lmasa, nima qilish kerak?

Vaziyat murakkab va tezda yechim toppish kerak bo‘lsa, oddiy qadamlardan boshlang.


Avvalo, o‘z bankingizga murojaat qiling. Qanchalik erta yozsangiz, shartlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi: muddatni uzaytirish hisobiga to‘lovni kamaytirish yoki tasdiqlangan sabab bo‘lsa, kredit ta’tillarini olish mumkin.


Agar o‘z bankingiz bilan kelisha olmasangiz — kreditni boshqa bankda refinanslashtiring. Bu variant yangi oylik to‘lov haqiqatan ham yengillashsa va shartlar orasida ortiqcha yashirin to‘lovlar bo‘lmasa, mantiqiy hisoblanadi.


Eng nomaqbul ssenariy— to‘lovlarni shunchaki to‘xtatish. Kechikish penya va jarimalarni keltirib chiqaradi, kredit tarixini buzadi va uzoq muddatda sud orqali undirishga olib keladi. Shuning uchun masalani bank orqali hal qilgan afzal.