
O‘zbekistonda qaysi biznes turlariga litsenziya kerak, qaysilarini esa yo‘q
Nataly Fein
YATT yoki MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazish ishni boshlash mumkin degani emas. Ayrim biznes turlari uchun qo‘shimcha litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjat kerak. Ba’zan faoliyatni boshlash haqida davlat organini xabardor qilish mumkin. Qaysi holatda litsenziya yoki ruxsatnoma kerakligi va biznesingiz uchun talablarni qanday tekshirish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Litsenziya o‘zi nima va nega kerak
Litsenziya — bu davlat tomonidan birorta faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun beriladigan ruxsat.
Biznes faoliyati insonlar hayoti va sog‘lig‘iga, ularning huquqlariga, jamoat xavfsizligi yoki atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, litsenziya talab qilinadi. Masalan, dorixonada dori sotish yoki yo‘lovchi tashish uchun litsenziya kerak. Texnika do‘koni yoki qahvaxona uchun litsenziya kerak emas. Ularning faoliyati uchun boshqa ruxsatlar yoki xabarnomalar talab qilinishi mumkin.
Elektron litsenziyada kompaniya ma’lumotlari va hujjatning haqiqiyligini tekshiradigsn QR-kod bo‘ladi. Manba
Litsenziya har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi uchun alohida beriladi. Masalan, stomatologiya klinikasi va yonida dorixona ochsangiz, ikkita litsenziya olishingiz kerak. Biri tibbiy faoliyat uchun, ikkinchisi farmatsevtika faoliyati uchun. Bitta litsenziya bilan ikkata yo‘nalishda ishlash mumkin emas.
Bitta faoliyat turining ichida alohida yo‘nalishlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, tibbiy faoliyat umumiy yo‘nalish, stomatologiya yoki jarrohlik esa uning alohida turlari hisoblanadi. Shuning uchun litsenziya butun tibbiy faoliyatga emas, unda ko‘rsatilgan muayyan yo‘nalishlarga beriladi.
Litsenziyalarni tegishli davlat organlari beradi. Tibbiy faoliyat uchun litsenziyani Sog‘liqni saqlash vazirligi, avtomobilda yo‘lovchi tashish va xalqaro yuk tashish uchun litsenziyani Transport vazirligi beradi.
Ko‘pincha litsenziyalar muddatsiz beriladi. Ba’zi faoliyat turlari uchun amal qilish muddati cheklangan va kamida besh yil bo‘ladi. Masalan, bu tibbiy va farmatsevtika faoliyatiga tegishli. Muddat tugagach, litsenziyani uzaytirish kerak.
Qaysi faoliyat turlariga litsenziya kerak
2026-yil iyul holatiga ko‘ra, litsenziyalash to‘g‘risidagi qonunda 64 ta faoliyat turi ko‘rsatilgan. Masalan:
tibbiyot, ba’zi veterinariya faoliyati va farmatsevtika — xususiy klinika va dorixonalarda ishlash, dori ishlab chiqarish;
ta’lim — xususiy bog‘cha, maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalarini yuritish;
transport — avtomobilda yo‘lovchi tashish, xalqaro avtomobil yuk tashish;
aloqa va telekommunikatsiya — aloqa tarmoqlarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish, telefon aloqasi va internet xizmatlarini taqdim etish;
qurilish va loyihalash — ko‘prik va tunnellarni qurish va ta’mirlash, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish.
To‘liq ro‘yxat qonunning 1-ilovasida bor.
Biznesga litsenziya kerakligini qanday aniqlash mumkin
Faoliyat turini aniq belgilang. Faqat, “tashish bilan shug‘ullanaman” deb yozmang. Litsenziya barcha transport xizmatlari uchun shart emas. Nima yoki kimni, qaysi transportda va qaysi yo‘nalishlarda tashishingizni aniqlang.
Faoliyatingizning turi yoki kichik turini toping. Buni MyGov orqali litsenziyalash bo‘yicha maxsus “Litsenziya” tizimi yoki litsenziyalash to‘g‘risidagi qonunning 1-ilovasi orqali tekshirish mumkin. U yerda litsenziyani qaysi davlat organi berishi va uni yuridik shaxs, YATT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs olishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Faoliyatingiz ro‘yxatda bo‘lmasa, litsenziya kerak emas. Lekin uning o‘rniga ruxsat beruvchi hujjat yoki xabarnoma talab qilinishi mumkin. Buni ham tekshirish kerak. Masalan, aerotasvirga olish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, ruxsat olish shart. Chet tili kurslarini ochish uchun faoliyatni boshlash haqida xabarnoma yuborish talab qilinadi.
Ruxsat beruvchi tartib ro‘yxati qonunning 2-ilovasida, xabarnoma talab qilinadigan faoliyatlar 3-ilovasida ko‘rsatilgan.
Faoliyatingiz uchta ro‘yxatning hech birida bo‘lmasa, ushbu qonun bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma yoki xabarnoma kerak emas.
Litsenziya olish uchun qanday hujjatlar kerak
Barcha litsenziyalar uchun yagona hujjatlar ro‘yxati yo‘q. Hujjatlar faoliyat turi va talablarga qarab farqlanadi. Masalan, bino yoki xona hujjatlari, uskunalar haqidagi ma’lumotlar yoki xodimlarning malakasi haqida hujjatlar talab qilinishi mumkin.
Litsenziya olish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarni “Litsenziya” tizimi yoki MyGov saytida topish mumkin.
“Litsenziya” servisining sahifasida kerakli hujjatlar ro‘yxati bor.
Ba’zi ma’lumotlarni davlat organlari elektron tizimlar orqali olishadi. Hujjat yoki ma’lumotnomalarni oldindan yig‘ish shart emas. Sizga tegishli litsenziya bo‘yicha berilgan ro‘yxatga amal qiling.
Tizimga yuklanadigan hujjatlarni skaner qiling yoki kerakli formatda saqlab qo‘ying. Ariza topshirishda ularni biriktirishingiz kerak.
Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im olinadi. Uning miqdori xizmat sahifasida ko‘rsatiladi va litsenziya turiga qarab farqlanadi. Yig‘imni ariza topshirish vaqtida to‘lash mumkin.
Litsenziya onlayn qanday olinadi
Onlayn ariza topshirish uchun elektron raqamli imzo kerak. Uni MyGovda onlayn olish mumkin. Buni qanday qilishni maqolamizda yozganmiz.
Elektron raqamli imzoingiz bo‘lsa, keyingi bosqichga o‘ting:
1. “Litsenziya” tizimiga kirib, ro‘yxatdan o‘ting yoki tizimga kiring. Faoliyat turini tanlang. Masalan, “Qurilish va montaj”.
2. Ro‘yxatdan kerakli litsenziyani toping. Masalan, “Arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun litsenziya”.
3. “Ariza topshirish” knopkasini bosing.
4. Arizaning barcha maydonlarini to‘ldirib, kerakli hujjatlarni biriktiring. Maydonlar soni litsenziya turiga qarab farq qiladi.
Ariza yuborilgandan keyin tizimda ro‘yxatdan o‘tganingizni tasdiqlovchi xabar keladi.
Vakolatli organ arizani tekshirib, litsenziya berilishi yoki rad etilishi haqida elektron tizim orqali xabar yuboradi. Arizani ko‘rib chiqish muddati xizmat turiga qarab farq qiladi. Ariza yoki hujjatlarda xatolar aniqlansa, nimalarni o‘zgartirish kerakligi tushuntiriladi. O‘zgartirishlar kiritilgandan keyin arizani qayta topshirish mumkin.
Litsenziya berilgach, u elektron tizimda paydo bo‘ladi. Litsenziyalangan faoliyatni faqat litsenziyani olgandan keyin boshlash mumkin.
Biznesni yuritish uchun yana nimalar kerak
Hisob-kitoblar uchun hisobraqam oching. To‘lovlarni qabul qilish-yuborish, xodimlarga ish haqi to‘lash, rasmiy ma’lumotnoma va ko‘chirmalarni olish hamda pul harakatini tahlil qilish qiladigan servis ham kerak.
Buning uchun TBC Biznes servisidan foydalanish mumkin. Unda moliyaviy operatsiyalarni istalgan vaqtda onlayn bajarish mumkin. Bunda bank ish kuni, dam olish yoki bayram kunlarini kutish shart emas.
Hisobraqam bepul va bir necha daqiqada ochish mumkin.





