27 март 2022

Qahramonlar hikoyasi - 014 - Akmal Rahmanov

Odamlar hashamatli, kichik derazalar va koʻplab oltinlarni yaxshi koʻradilar. Lekin men yangilik kiritishni xohlardim, lekin eski me’morchilik bilan uygʻunlikda...

Akmal Rahmanov - ekskursovod, tadbirkor va Buxorodagi Khujra Studios apart - mehmonxonasiga tamal toshi qoʻygan shaxs. Hujra, arabcha “xona” soʻzidan olingan boʻlib, avval madrasa yoki karvon saroylarda kichik xonalar nomlanardi, u yerda oʻquvchilar yashagan yoki koʻchmanchilar toʻxtab oʻtishgan. Xujra Studios - ichki interyeri oʻzligini saqlab qolgan, ammo qulaylik va dam olish tushunchalari qayta koʻrib chiqilgan loyihadir. Biz Akmal bilan Khujra Studios gʻoyasi qanday tugʻilganligi va bu joy Buxoro va Oʻzbekistonning boshqa barcha mehmonxonalaridan qanday farq qilgani haqida suhbatlashdik.

1

– Akmal, iltimos, Khujra Studios yaratilish tarixini aytib bering. U vaqtgacha nima bilan shugʻullangansiz?

 

– Keling eng boshidan boshlaymiz. Men Buxorodanman va 6 yoshimda meni shahar boʻylab va shahar tashqarisida tashkil etilgan barcha sayohatlarga olib borgan otamga minnatdorchilik bildiraman. Shunday boʻldiki, bir necha yil davomida haftada bir marta, mavsum davomida men u bilan yurib, koʻp narsalarni oʻrgandim. Avvaliga bu butun Oʻzbekistondan sayohat qilishni istagan mahalliy aholi uchun sayohatlar edi. Koʻpchilikni “muqaddas joylar”, masalan, Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasi qiziqtirardi.

 

O‘zbekistonda sayohatning 95 foizi quyidagicha amalga oshirilardi: erta tongda avtobus yoki poyezdda Buxoroga yetib olish, ushbu maskanni ziyorat qilib, keyin esa shahar bo‘ylab sayr qilish. Shunday qilib, men otamning ish kunini qanday oʻtkazishini kuzatardim. Va 15 yoshga toʻlganimda u menga: “Boʻldi, endi seni navbating - mana senga guruh”, dedilar. Guruh 40 ta ayollardan tashkil topgan edi, men hayratda edim. Hammasi yaxshi oʻtdi, oxirida ular menga katta rahmat aytishdi, juda yoqimli edi. 15 yoshda hammasi shunday boshlangan. 

 

Ammo hamma narsa oʻzgardi, inqiroz yuz berdi, Ittifoq parchalandi, chet ellik sayyohlar paydo boʻla boshladi. Keyin men iqtisod fanini oʻrganishga qaror qildim, garchi otam bu fikrni qoʻllab-quvvatlamagan boʻlsa ham. Keyin men ingliz tilini oʻrgandim va parallel ravishda ishladim - koʻplab sayyohlar Qoʻshma Shtatlardan va Avstraliyadan kelishardi. Men ekskursovod sertifikatini oldim va nafaqat ekskursiyalar, balki butun Markaziy Osiyo boʻylab sayohatlar tashkil etishni boshladim. Taqdimotni qanday oʻzgartirish kerakligi, odamlar ularni eslab qolishlari uchun har bir shahar haqida gapirish qanchalik qiziqarli ekanligi haqida oʻylab yurardim.

2

– Apart-mehmonxona ochish gʻoyasi qachon paydo boʻlgan?

 

– Bu gʻoya haqida 2018 yilda oʻylay boshladim. Men sayohat qilishni juda yaxshi koʻraman va ish bilan bogʻliq koʻp sayohat qildim va oʻzim uchun chouchserfing xizmatini kashf qildim. Sizga ayni vaqtda ishongan boshqa bir insonnikida yashab koʻrish - menga bu butunlay boshqacha mehmondoʻstlik uslubi boʻlib koʻrindi. Koʻpincha uy egasi uyini kalitlarini qoldirardi yoki uning velosipedidan foydalanish mumkin boʻlardi. Odamlar qanday yashashini ko‘rish uchun ko‘p joylarga tashrif buyurganman. Meni shunday uylardan biri oʻzining qulayligi bilan hayratda qoldirdi. Avstriyaning janubidagi kichik shaharchada boʻldim.

 

Uy Skandinaviya uslubida qurilgan boʻlib, erkinlik hissi sezilardi, katta derazalar bor edi, shuning uchun tabiat va uy oʻrtasidagi chegara shunchaki yoʻqdek goʻyo. Shu bilan birga, uy kichik studiyalardan iborat edi, shunda an’anaviy hujralarimizni esladim. Hozir Oʻzbekistonda zamonaviy me’morchilikning aksariyat namunalari imkon qadar an’anaviy me’morchilikdan nusxa ko‘chiradi. Odamlar hashamatli, kichik derazalar va koʻplab oltinlarni yaxshi koʻradilar. Lekin men yangilik kiritishni xohlardim, lekin eski me’morchilik bilan uygʻunlikda.

 

Keyin men oʻz loyihamni ikki darajali hujra xonalari gʻoyasidan foydalanib, ularni zamonaviy qilish haqida oʻyladim. Madrasalarda, axir, hujralar odatda ikki qavatli qurilardi. Avvaliga men shunchaki tarixiy binoni rekonstruksiya qilishni oʻyladim, lekin bu juda qiyin. Bundan tashqari, hech kim sizga yodgorlik maskanini topshirib qoʻymaydi, masalan, hammom qurish uchun. Noldan qurish kerakligi aniq boʻldi. Keyin birinchi chizmalarni chizishni boshladim, bu fikr miyamda qoldi. Oʻsha Avstriya uyida men egalari bilan bir piyola choy ustida uchrashdim va ularning loyihasini ochishda nimalarni boshdan kechirganliklarini batafsil soʻrab oldim. Ular garaj ustidagi boʻsh joydan qanday foydalanishga qaror qilganliklari, qanday qilib kredit olib, oʻz studiyalarini qurishganini aytib berishdi.

 

Oʻsha paytda men sayyohlik kompaniyamni endigina ochgan edim, shuning uchun men diqqatni yoʻqotishdan, bir vaqtning oʻzida bir nechta ishlarni qilishdan qoʻrqardim va qurilishdan katta qoʻrquv bor edi. Shunda Toshkentda buxorolik eski do‘stim yonimga kelib: “Buxorodagi eski uyimni eslaysizmi?” dedi. “Keling, u yerda yotoqxona quraylik? Ammo yotoqxona koʻplab ishchilarni oʻz ichiga oladi, bundan tashqari, u yerda odamlar muntazam ravishda almashadilar, katta oqim mavjud. Va men apart-mehmonxona qurishni taklif qildim. Bu 2019 yil edi. Shunday qilib, biz hamkor boʻldik va qurilishni boshladik. 

3

– Khujra Studios gʻoyasi haqida bir oz koʻproq gapirib bering?

 

– Hozir to‘rtta “Hujra” studiyamiz bor. Hujra “Asal oyi”, bu juftliklar uchun toʻgqri keladi. Oila yoki katta kompaniya uchun bezatilgan katta “Oilaviy hujra” ham bor. Ikki ayol-rassomlar nomi bilan ataladigan “Ikki rassom” hujramizda ushbu rassom qizlar asarlaridan interyer bezagida foydalanganmiz. Shuningdek, yolgʻiz sayohat qiladiganlar uchun toʻgʻri keladigan “Boʻydoqning hujrasi” ham mavjud. 

 

Men darhol mehmonxonaning umumiy koʻrinishini chizdim - hovli atrofida tizilgan holda balandligi 4,5 metrdan 5 metrgacha boʻlgan katta oq kublar, ikki qavatli baland derazalar. Derazadan tashqariga boqsangiz yashil oʻsimliklar koʻrinadi, juda yorugʻ. Har bir kubda uchta zona mavjud: dam olish, boʻsh vaqtni oʻtkazish uchun va oshxona uchun. Yotoqxonasi ikkinchi qavatda joylashadi deb taxmin qildim. Ammo men darhol meni tushunadigan va loyihani aniqlashtirishi mumkin boʻlgan professional arxitektor kerakligini angladim. Shunday qilib italiyalik arxitektor Leonardo Nossani topdik, u Toshkentda ishlar ekan, uning oʻzi ochgan dizayn studiyasi bor ekan. U gʻoyani oxirigacha yetkazishda katta yordam berdi. 

 

Tez orada biz eski binoni buzgan holda binoning karkasini qurdik. Ammo jarayon choʻzilib ketdi. Biz tabiiy materiallardan, masalan, yogʻochdan maksimal darajada foydalandik. Ammo u juda uzoq vaqt quriydi, oylar kutish kerak edi. Keyin, hammamiz bilamiz, 2020 yil mart oyida pandemiya boshlanib ketdi va hamma ishlarni toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Koʻp sabablarga koʻra biz boshimizdan juda qiyin davrni kechirdik. Hech narsa qilishning iloji yoʻq edi, sayyohlar tashrifi toʻxtatildi, bundan tashqari, qurilish materiallarining narxlari keskin koʻtarilib ketdi. 

 

Umuman olganda, mening dastlabki qurilish rejam vaqt va investitsiyalar nuqtai nazaridan ancha optimistik edi. Dastlab, men oʻz mablagʻlarimni loyihaga kiritdim, lekin biz qurilishni yana tiklaganimizdan keyin, hamma ishlarni oxirigacha yetkazish uchun kredit olishga majbur boʻldim. Lekin men boshlagan ishimni oxiriga yetkazishni juda xohlardim. Natijada, toʻxtab-toʻxtab ishlaganimizda qurilish ikki yildan ozroq davom etdi. Pandemiyadan keyin biz asosan ichki bezak tugatish ishlari bilan shugʻullanganmiz.

 

Va faqatgina birinchi mehmonlarni 2021 yilning kuzida qabul qilib oldik. Hozirgi vaqtda biz yaqinlashib kelayotgan sayyohlik mavsumini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Vaholanki, bizning muvaffaqiyatimizga hamma ham ishonmagan edi. Masalan, mehmonxona boshi berk ko‘chada, mahallaning eng olis joyida joylashganini aytishardi, lekin hech narsa bunga hech ham ta’sir qilmas ekan. Koʻpchilik Buxoro uchun gʻayrioddiy loyihadan hayratda qolishar edi va ular: “Biz Skandinaviyada emasmiz”, deyishardi.

4

– Binoning bezagi va dizayniga qanday yondashgansiz?

 

– Arxitektor bilan omadimiz yurushganidek, interyer dizayneri Nilufar Po'latova bilan ham omadimiz keldi. Biz uchrashdik, suhbatlashdik va u tezda birinchi chizmalarini koʻrsatdi. Va bu juda aniq va toʻla-toʻkis ishlangan chizmalar edi, biz ularni ozgina oʻzgartirdik. Aynan u, oddiy va tabiiy materiallardan foydalanish zarurligini ta’kidlab oʻtgan edi, masalan, polda yalangoyoq yurish yoqimli boʻlishi zarurligini aytib oʻtdi. Aynan u yorqin ranglardan koʻra sokin va yumshoq ranglarga asoslangan holda ranglar tartibini ishlab chiqdi. Bunday sokin interyer koʻzni qamashtiruvchi dekorativ elementlar bilan toʻldirish muhim edi va ular ustida Nilufar o'zlari ishladi. Shu tarzda studioda eski sandiqlar, kashta tikilgan yostiqlar, qadimiy oʻymakorlik elementlari paydo bo‘ldi.

 

Devorlardagi rasmlar haqida alohida aytib oʻtmoqchiman. Biz ularni ko‘pchilik mehmonxonalardagidek yuzsiz abstraksiyalar yoki “buyuk rassomlar” nusxalari bilan bezashni xohlamadik. Bundan avvalroq Toshkentdan yosh rassom Laziza To‘laganovaning o‘zimga yoqqan asarlarini topdim. Keyin u bilan uchrashdik ham, vaqt oʻtib Nigina Mirzadjonova bilan ham shaxsan tanishdik. Ularning asarlari aynan O‘zbekiston va mahalliy hayotni aks ettirgani men uchun juda muhim edi. Ushbu qizlar nomiga “Ikki rassom” hujrasi berildi: ular loyiha bilan tanishish va oʻz asarlarini chizish uchun alohida tashrif buyurishgan edi. Shuningdek, kelajakda hovliga zamonaviy rassomning haykalini ham oʻrnatmoqchiman. 

5

– Loyihangiz qanday qadriyatlar asosida ishlab chiqildi?

 

– Qadriyatlardan biri bu ekologik tozalik. Biz iloji boricha kamroq plastmassadan foydalanishga harakat qilamiz, asosan qogʻozdan foydalanamiz. Biz axlatni alohida turiga qarab ajratamiz, polietilen paketlarni bermaymiz. Ammo O‘zbekistonda bu juda qiyin masala. Yana bir qadriyatimiz - bu jamoa. Dastlab menga Turizm kollejidan talabalarga amaliyot o‘tashda yordam so‘rab murojaat qilishdi. Men hech kimga ish va’da qilmadim va darhaqiqat amaliyotda sinab koʻramiz dedim.

 

Avvaliga ular bilan biz ingliz tilini, aynan grammatika emas, muloqot uchun o‘rgandik, chunki mehmonxonada eng muhimi gapira bilishdir. Kechroq Buxoroda yangi mehmonxona ochildi va biz u yerga “amaliyot oʻtish uchun” borardik. Men ularga xonalarga kirib, darhol e’tibor bermaydigan buyumlarni qidirishni soʻradim. Keyin birgalikda tahlil qilib koʻrardik. Menga professionallar kerak edi va men ularni oʻzim tarbiyalab yetishtirishga tayyor edim. Oxir-oqibat men ikkitasini tanlab oldim, ular hali ham shu yerda oʻz faoliyatini yuritib kelishadi, yosh bir yigit va bir qiz.

6

– Loyihani rivojlantirish rejalaringiz qanday?

 

– Men mehmonxona atrofida umumiy ekologik tizim yaratmoqchiman. Birinchidan, oʻz oshxonamiz va bogʻimiz boʻlsa deyman, u yerda mehmonlarimiz koʻz oʻngida koʻrib turishi uchun biz oʻzimiz sabzavot va koʻkatlarni yetishtirardik: biz oʻzimiz yetishtirgan mahsulotlardan foydalansak maqsadga muvofiq boʻladi. Mehmonlarni va ekskursiyalarga sayohat qilishni osonlashtirish uchun oʻzimizning mini-transport kompaniyamizga ega boʻlishni xohlayman. Axir mening sayyohlik kompaniyam oʻz faoliyatini davom ettirmoqda-ku. Men ekologik toza transportga ega boʻlsam deb orzu qilaman. 

 

Biznesning ijtimoiy mas’uliyati biz uchun juda muhim. Masalan, keraksiz oziq-ovqatlarni tashlamaslik, balki uni qandaydir tarzda yigʻib, muhtojlarga tarqatishdir. Men O‘zbekistondagi tadbirkorlar ham shunday ishlashni boshlashlarini istardim, hozircha bizda umuman madaniyat boshqacha. Lekin bu ham mehmonlarni jalb qilishning bir usuli boʻlishi mumkin: koʻplab sayyohlar bunday narsalarga juda ehtiyotkor va mas’uliyatli maskanlarni tanlashadi.

 

Nisbatan gapiradigan boʻlsak, ular har doim bepul paket yoki ortiqcha qadoqlash degan masalalarga koʻproq e’tibor berishadi va ular uchun bu uncha ijobiy holat emas. Bizning narxlarimiz bozordagi oʻrtacha narxlardan biroz yuqoriroq, menimcha, bu qisman bizning qadriyatlarimiz bilan oʻrtoqlashadigan maqsadli auditoriyaga e’tibor qaratishning bir usulidir. Albatta, biz yana bir boshqa maskan yoki qoʻshimcha uy haqida oʻylayapmiz, ammo bu hali rejalar. Bundan tashqari, buning uchun biz yaxshi menejer topishimiz kerak boʻladi.

7

– Siz mehmonxonalar boʻyicha boshqa tadbirkorlarni ham tilga oldingiz. O‘zbekistonda mehmonxona biznesi egalari jamiyati bormi? Odamlar tajriba almashishadimi?

 

– Aytaylik, hamma, albatta, bir-birini biladi, lekin ular kamdan-kam tajriba almashadilar, garchi hamma bir xil muammolarga ega boʻlsa ham. Lekin men ishonamanki, bitta faol tadbirkor oʻz faoliyatini boshlaganida hamda boshqacha uslubdan foydalansa, albatta, unga e’tibor berishni boshlashadi. Ya’ni, bitta shu kabi tadbirkorning paydo boʻlishi butun tizimni biroz oʻzgartirishi mumkin. 

 

Nazarimda, hozir odamlar bir-biriga biroz ishonishmaydi, bo‘lishishdan, muhokama qilishdan qo‘rqishadi. Ular birlashishni xohlamaydilar, ular hamma narsada salbiy narsalarni koʻradilar. Bu fikrlash stereotiplari, ular oʻzgartirilishini xohlardim.

8
9
10
11
4 Фото

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish