07 март 2022

«Quyosh» geliomajmuasi yoki Parkentdagi texnologik mo‘jiza

Konsentratorning futuristik binosi sayyoh nigohini uzoqdan o‘ziga mixlab oladi...

Soat uchlarda, Toshkentdan bir soatlik safardan so‘ng Materialshunoslik institutining hududiga kirib keldik. Aynan shu yerda, Toshkent viloyati Parkent tumanining Changihisarak qishlog‘idan yuqoriroqda "Quyosh" geliomajmuasi – Katta quyosh sandoni (KQS) joylashgan.

1

Geliomajmua 1981 yilda akademik Sodiq Azimov tashabbusi bilan qurilishni boshlagan va 1987 yilda bitkazilgan. Dastlab sandon bilan Fizika-texnika institutining (FTI) bir necha bo‘limi ishlagan. So‘ng, 1993 yilda shu bo‘limlar asosida Materialshunoslik instituti yaratilgan. U KQS va FTI bilan birgalikda «Fizika-quyosh» ilmiy ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etadi. Bu yerda quyosh energiyasi yordamida sanoat va ilm-fanda qo‘llanuvchi yangi qiyin eruvchan materiallar yaratiladi, sinaladi va takomillashtiriladi.

2

Bir paytlar bu yerda «Bo‘ron» kosmik kemalarining issiqlik himoya plastinalarining issiqqa chidamliligi tekshirilgan. Qiyin eruvchi oksidlar yaratish bo‘yicha tadqiqotlar asosida elektronika, kimyo, mashinasozlik va h.k.da ishlatiluvchi keramika turlari yaratilgan. Sandonda materiallar nurlanish yordamida qizdirilgani sababli, olingan materialni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan yonish mahsulotlari bo‘lmaydi, natijada juda toza namunalar olinadi.

3

Shuningdek, KQSni yaratish va foydalanish tajribasi asosida bu yerda quyosh texnologiyalari bo‘yicha turli tadqiqotlar olib boriladi. Shu tadqiqotlar asosida yaratilgan kichik quyosh sandonlari Misr va Hindistonda qo‘llanilmoqda. Hozirda majmuada muqobil energiya manbalarini o‘rganish uchun innovatsion poligon yaratilgan. Shuningdek, bu yerda O‘zR FA Astronomiya institutining o‘quv observatoriyasi joylashgan.

4

«Quyosh» nimadan tashkil topgan va u qanday ishlaydi?

 

Geliomajmua beshta asosiy qismdan tashkil topgan: texnologik minora, konsentrator, geliostatlar maydoni, bosh bino va yordamchi inshoatlar. Minora, geliomaydon va konsentrator bevosita Katta quyosh sandonini tashkil etadi.

5

Geliostatlar maydoni bu 62 ta geliostat, ya’ni Quyoshning ortidan burilib, nurlarni doim bir tomonga akslantiruvchi ko‘zgular majmuasi. Har bir geliostat aslida bir katta ko‘zgu emas, 195 ta kichik ko‘zgudan tashkil topgan. Har bir kichik ko‘zguning o‘lchami 50 sm × 50 sm, geliostatniki esa 7.5 m × 6.5 m. Geliostatlardan akslangan nurlar konsentrator – katta botiq parabolik ko‘zguga tushadi. U 10700 kichik ko‘zgudan tashkil topgan, uning balandligi 47 metr, kengligi esa 54.

6

Konsentratorning futuristik binosi sayyoh nigohini uzoqdan o‘ziga mixlab oladi. U pastdagi ilonizi yo‘ldan ham, qo‘shni cho‘qqilardan ham ko‘rinadi. Ma’lum bir tomonlardan qaraganda uni o‘zga sayyoraliklarning g‘aroyib minorasiga o‘xshatish mumkin. Konsentrator tashki qobig‘ining kulrang panellaridagi sariq tasmalara birgalikda konsentrik sariq aylanalar – quyoshning ramziy tasvirini tashkil etadi. Qurilmaning mustahkamligini jami vazni 200 ming tonna – bir yarim mingta ko‘k kit yoki o‘ttiz mingta afrika filining vazni – bo‘lgan metal fermalar ta’minlaydi.

7

Konsentrator geliostatlardan kelgan nurlarni texnologik minora yuqorisidagi 45 santimetr diametrli bir dog‘ ichida to‘playdi. Bahaybat bu majmua shunchalar aniq sozlanganki, juda katta maydondan to‘plangan yorug‘lik yarim metrdan kichik dog‘ ichida jamlanadi! Minoraning ichida, nurlar to‘planadigan joyda 300 litr hajmli issiqqa chidamli tigel (eritish uchun maxsus idish) joylashgan, turli moddalar aynan unda eritib, kuydiriladi. Minoraning butun sirti ichkaridan va tashqaridan suv yordamida sovutilib turadi.

8

Minoraning ro‘parasida, konsentrator markazida pirometrik laboratoriyaning derazasi joylashgan. Olimlar shu yerdan turib sandon ishini kuzatadi va boshqaradi. Sandonning quvvati alohida geliostatlarni burish va texnologik minora tirqishini kengaytirish yoki toraytirish orqali sozlanadi. KQSning maksimal quvvati – 1 megavatt – 10000 dona cho‘g‘lanma chiroqning quvvati. U har qanday moddani bir-ikki soniyada Selsiy bo‘yicha 3500 daraja – Quyosh sirti haroratining yarmigacha qizdira oladi.

9

«Quyosh» arxitekturasi va interyerlari

 

Hozirda Materialshunoslik instituti joylashgan geliomajmua bosh binosining brutalistik inshoatlari konsentratorning futuristik arxitekturasidan keskin farq qiladi. Betondan qurilgan massiv binolar bahaybat va havotirli ko‘rinadi, ichki hovli esa antiutopik asarlarni eslatadi. Sovet davri yuk mashinalari va hovli o‘rtasidagi eski sisterna bu taasurotni kuchaytirsa, tomdan tomib turgan suvning tovushi havotirni oshiradi.

10

Hozirda qavatlardagi ba’zi xonalar qurilish chiqindilariga to‘la, ayrim eshiklar esa taxta qoqib yopib tashlangan. Go‘yoki bu yer tashlandiq va keraksizdek. Chindan ham majmua hozir avvalgidek ishlamaydi. Balki buning sababi Sovet Ittifoqi tarqab ketgach, moliyalashtirish susayganidadir. Geliomajmua O‘zbekiston SSR fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti buyurtmasi bilan loyihalashtirilgan. Mualliflar: Viktor Zaxarov (Sovet Ittifoqi Atom vazirligining bosh me’mori bo‘lgan) va O. Taushkanov.


Majmua uchun joy uchta omilni hisobga olib tanlangan:
bu yerda quyoshli kunlar soni yiliga 250 dan 270 gacha;
dengiz sathidan 1050 m balandlikda havo siyrakroq, bu sandonning samaradorligini oshiradi;
majmua yagona qoya massivda qurilgan, bu yaqin atrofda tez-tez ro‘y beradigan zilzilalardan himoya vazifasini o‘taydi.

11

Me’morlar majmuani loyihalashtirishda tashqi ko‘rinish va me’moriy shakllar orqali binolarning vazifasini ham namoyon qilmoqchi bo‘lishgani, utilitar va estetik jihatlar sintezini ko‘rsatishni istashganini yozishgan. Bu futuristik inshoatda albatta o‘sha davr sovet ritorikasining pafosi va balandparvoz maqsadlari aks etgan. Mualliflar bu yerda «xay-tek» uslubini (o‘z tushunchasida) «uning murakkab «mashina» me’morligi va supergrafikasi, o‘zaro kontrast yaratuvchi yangi qurilishi va yuqori sifatli ishlov berish materiallari bilan» qo‘llashganini belgilab o‘tishgan («Sovetskaya arxitektura» jurnali, 1988 yil).

12

Bosh binoda institut muzeyi, anjumanlar zallari va ishchi xonalar joylashgan. Interyerga ishlov berishda osma gips shiftlar va mahalliy konlarda qazib olinuvchi marmar va travertin ishlatilgan. Binoning ishi, shuningdek, latviyalik musavvir Irena Lipene tomonidan yaratilgan rangli shisha va metaldan ishlangan kompozitsiyalar bilan bezalgan.

13

Muzeyning xollida bizni «Sayyoralar paradi» nomli asar qarshi oldi – mayin pushtirang shisha shakllar bilan qoplangan ustun. Shakllar sayyoralarning timsoli, lekin ular gullar shaklida ishlangan. Deyarli to‘rt qavat balandlikda bu gulli-sayyorali ustun atrofida burama zina bor. Musavvirning ikkinchi ishi – muzey shifti ostida lov-lov yonayotgan Quyosh. Bu asarning nomi «Quyoshga madh», u otashin sariq-qizil ranglarda ishlangan. Yana ikki asar – «Oy» va «Somon yo‘li» biz borgan payt yopiq turgan xonalarda joylashgan.

14

Materialshunoslik institutidagi kompozitsiyalardan tashqari Irena Lipene 60-80-yillarda vitrajlar, shisha va Florensiya mozaikasi yordamida Toshkentning ma’muriy binolari va metropoliten bekatlarini bezash ustida ishlagan. U «Mustaqillik» (1977) va «Pushkin» bekatidagi qandillar, «Hamid Olimjon» (1980) bekatidagi yoritgich ustunlar dizaynining muallifi. Uning boshqa ishlari: German Lopatin ko‘chasidagi O‘zbekiston hukumat rezidensiyasidagi «Gullar va barglar» vitraj kompozitsiyasi (1975), teleminora bezaklari (1985), «O‘zbekiston» mehmonxonasidagi «Kun va tun» vitraji.

15

Ushbu majmuada sovet me’morlari milliy an’analarni hisobga olgan holda zamonaviy arxitekturani yaratmoqchi bo‘lishgan. Milliy motivlar tashqi ko‘rinishda hech qanday namoyon bo‘lmagan, ular ko‘proq koloritning asosida va joy manzarasiga mos uyg‘un konstruksiya yaratish ishtiyoqida yashiringan.

16

«Quyosh» geliomajmuasi – jahondagi ikki katta quyosh sandonida biri. Ikkinchisi – Odeylo quyosh sandoni Fransiyada joylashgan. Bunday majmualar boshqa qurilmagan – ular qimmat, mahsus iqlim sharoiti, aniq sozlash va doimiy xizmat ko‘rsatishni talab qiladi, biroq katta tijoriy natija bermaydi.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish