20 октябр 2022

Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabi

Yaxshi oʻymakor usta boʻlish uchun bir oz matematika, bir oz rassomlik va eng asosiysi, yetuk fantaziya kerak boʻladi

Fargʻona vodiysi oʻzining koʻplab gʻaroyib maskanlari va iste’dodli insonlari bilan tanilgan. Ushbu oʻlkaning goʻzalligi, aholisining ochiqkoʻngilligi va mehmondoʻstligi haqida qancha gapirsa oz. Vodiy haqida soʻz borganda, hunarmandlik maktablarini tilga olmaslikning iloji yoʻq. Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabi – qadimgi an’analarni oʻzida mujassam etgan taniqli dargoh. Azaldan yogʻochga ishlov berish markazi hisoblangan Qoʻqon shahrining shon-shuhrati oshishiga usta Haydarovlar sulolasi ulkan hissa qoʻshgan.

 

 

1

Qodirjon Haydarov yaratgan betakror san’at asarlari saroy va muzeylarda saqlanadi, ulardan uy-roʻzgʻor buyumlari sifatida foydalaniladi. Biz ushbu buyuk ustaning evarasi Jamshid Haydarov bilan suhbatlashdik. Jamshid ham ota-bobolarining ishini davom ettirib, bir-biridan ajoyib hunarmandlik asarlarini yaratib keladi.

 

 

2

«Men 8 yoshimdan beri hunarmandlik bilan shugʻullanaman. Boshida menga kichikroq boʻlsada, oʻta ehtiyotkorlik talab etiladigan ishlar ishonib topshirilardi. Soʻng tajribam ortishi bilan murakkabroq buyumlar, ajib naqshlar yaratish ustida ishlay boshladim».

 

 

3

Haydarovlar oilasi ijodiga tegishli naqshlar alohida e’tiborga loyiq. Minglab qutichalarga bir-birini takrorlamaydigan rasmlar bitilgan. Yangi buyum – yangicha naqsh. Hatto bitta buyurtmachi uchun tayyorlangan ikkita mahsulotning naqshi bir-biridan farq qiladi. Ustaxonada ustun va darvozalardan boshlab, lagan va shaxmatgacha yasashadi. Yillar davomida toʻplangan tajriba evaziga ustalar istalgan buyum bilan ishlashga darhol kirishishlari mumkin. Har bir buyurtmani bajarishga bu yerda vijdonan yondashiladi. Masalan, bitta ustunni yasash uchun ikkita usta ikki oy davomida tinimsiz mehnat qiladi. Bu vaqt mobaynida ular yogʻochga ishlov berishdan boshlab, sayqallash va oxirgi chiziqlarini yuksak darajagacha keltirishgacha boʻlgan ishlarni amalga oshiradi. 

 

 

4

«Yaxshi oʻymakor usta boʻlish uchun bir oz matematika, bir oz rassomlik va eng asosiysi, yetuk fantaziya kerak boʻladi»

 

 

5

Shogirdlarni oʻqitish bu yerda nuldan boshlanadi. Oʻquvchilardan boshlangʻich bilim yoki malaka talab etilmaydi. Hozirgi kunda ustaxonada yetmishdan ortiq maktab oʻquvchilari, kollej va universitet talabalari hunar oʻrganmoqda. Ularning barchasi saralab olingan, yogʻoch bilan ishlashni sevadigan, ushbu san’atdan orom oladigan, kelajakda usta boʻlishga qat’iy qaror qilgan yigitlardan iborat. Ular kundan-kunga oʻz mahoratlarini mukammallashtirib, kelajakda hatto ustozlarini ortda qoldirishga umid qiladi. Oʻqishning birinchi kunlaridan boshlab, xavfsizlik qoidalari tushuntirilgach, ishga kirishiladi. Dastlab oʻquvchilar ish jarayonini kuzatib borishadi, soʻng ularga kichik vazifalar topshiriladi. Vaqt oʻtishi bilan ishlarning murakkablik darajasi oshib boraveradi. Bu yerda ham oʻziga xos imtihondan oʻtishga toʻgʻri keladi. Bir oydan soʻng shogird biror-bir buyumni benuqson yasab berishi lozim boʻladi. Ustaxonada nafaqat yogʻoch oʻymakorligini oʻrganish, balki ijodiy qobiliyatni oʻstirish, shuningdek, intizom, mehnatsevarlik va oʻz ishiga boʻlgan sadoqatni yuksaltirish mumkin.

 

 

6

Jamshid Haydarov ustaxonasida bir kunda deyarli oʻn ikki soat mehnat qiladi. Kun davomida u bir necha marta qisqa muddat tanaffus qilib, yangi kuch va ilhom bilan yana ishga kirishadi. «Men ishdan emas, dam olishdan charchayman», - deydi Jamshid. Mehnatga bu yerda mehr va hurmat bilan qaraladi. Qoʻlda yasalgan mahsulotlarga nisbatan boʻlgan talab esa nafaqat hamyurtlarimizda, balki chet ellik sayyohlarda ham yildan-yilga ortib bormoqda. Shuningdek, turli tashkilotlar qoʻqonlik ustalarni koʻrgazma, festival va master-klasslarga tez-tez taklif qilib turadi.

 

 

7

Jamshid oʻz kasbini oʻzgartirishini tasavvur qilish qiyin. U bir oz muddat oʻzini tadbirkorlikda sinab koʻrgan. Biroq san’atga boʻlgan muhabbati uni yana ustaxonaga qaytargan. 

 

«Faoliyatimni sanoatlashtirish niyatim yoʻq, chunki sanoat birinchi oʻringa qoʻyilsa, kasb qalbiga zarar yetadi»

8

Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabida barcha buyumlar qoʻlda yasalgan. Buni aniqlash qiyin emas. Dastgoh orqali yaratilgan naqsh haddan tashqari yuksak darajada boʻladi, qoʻl mehnati esa mahsulotning aslligini saqlab qoladi. Jamshidning fikricha, uning faoliyati avtomatlashtirilgan shaklga oʻtsa, san’at oʻz ma’nosini yoʻqotadi. Faqat Qoʻqonda, qadimgi an’analar sirlarini saqlab kelayotgan Haydarovlar oilasi tufayli avloddan avlodga oʻtib kelayotgan noyob bilimlar guvohiga aylanish mumkin. “Pargori” naqshi – maktabning oʻziga xos timsoli. Ushbu texnikani mamlakatning boshqa biror joyida uchratmaysiz. Bu yerda bir necha oʻn yillik tarixga ega an’anaviy asboblardan va tabiiy materiallardan foydalaniladi. Biror bir mahsulot chiqindiga chiqmaydi, hatto yogʻochning eng mayda qismlaridan ham foydali buyumlar yasash mumkin. Buyumlarni tayyorlash uchun eng qulay material – bu tabiiy goʻzal naqshlari bilan birga yetarlicha qattiqlikka ega boʻlgan yongʻoq daraxti. Kerakli darajada parvarish qilingan buyumlar egasiga bir umr xizmat qilishi mumkin, hech qanday ob-havo sharoiti ularga shikast yetkaza olmaydi.

 

9

Qoʻqonlik ustalarning kasbi ham mangu yashaydigandek. Yogʻoch oʻymakorligi asrlar davomida avloddan avlodga oʻtib kelmoqda, ushbu an’anaga hech qanday global oʻzgarishlar oʻz ta’sirini oʻtkaza olmagan. Haydarovlar sulolasi maktabi haqiqiy san’at vaqtga qaram emasligini isbotlashga erishdi. Ushbu ustalar oilasining oʻz ishiga sodiqligi kishiga zavq ulashadi. Chunki mazkur ustaxonada har bir buyum chin qalbdan yaratiladi.

 

 

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish