18 апрел 2022

Musiqa bizni birlashtirdi: Toshkentdagi zamonaviy musiqiy kechalar ishtirokchilari kimlar?

Mahalliy va “Plovistan” loyihasi tomonidan taklif etilgan dijeylar Toshkentda bugun zamonaviy musiqa qanday rivojlanayotgani haqida.

Toshkentda bugun musiqa san'ati yana rivojlanish bosqichida. Bunga bir necha yil oldin Fragment va “Stixiya” loyihalari turtki bo'lgan bo'lsa, hozirgi kunda yangi ochilgan barlar, shuningdek netvorking, mazali taom va yangi musiqa janrlarini o'z ichiga olgan “Plovistan” loyihasi ushbu soha rivojida muhim rol o'ynamoqda.

 

Timur Azimov tomonidan tashkil etilgan musiqiy kechalarda tanish va notanish chehralarni uchratish mumkin. Kimdir Toshkentga biroz muddatga kelgan, kimdir bir necha yillardan beri konsertlarda ishtirok etib keladi.

 

TBC iltimosiga binoan men ushbu musiqachilar bilan yaqindan tanishib, Toshkentda ayni payt musiqa sohasida qanday o'zgarishlar ro'y berayotgani haqida qiziqib ko'rdim.

 

andrianskiy

 

Andrian Toshkentga Olma-otadan kelib, “Plovistan” loyihasida ishtirok etishga muvaffaq bo'lgan musiqachi. “Subyekt”ning doimiy mehmoni 145 bpm maksimumida sekin templi elektron musiqa ijro etadi. Uning ijrosidagi qo'shiqlarni ushbu havola orqali o'tib tinglashingiz mumkin.

1

«Toshkentning bar/klub hayoti juda qiziqarli, odamlar bunday kechalarga chanqoq. 

 

Hammasi endi boshlangani sababli raqs maydoni ko'ngildagidek bo'lishi uchun vaqt va mehnat talab etiladi. 

 

Tinglovchilar bilan musiqa orqali til topishish — juda murakkab jarayon. Bu xuddi o'zga yurtlik bilan yolg'iz qolib, uning tilini umuman bilmasdan, unga biror narsani tushuntirishga urinish kabi holat. Tinglovchilarga moslashish, ijodingni ularga to'g'ri yetkazish kerak, shunda o'rtangizda yaxshi aloqa o'rnatiladi, ular yangi ko'ngilochar tadbirlarni kutib boshlashadi, raqs maydonchasi to'lib-toshadi.

 

Toshkentdagi zamonaviy musiqa kechalari bilan tajribalar o'tkazilmoqda, va bu juda muhim. Chetdan musiqachilar chaqirilmoqda, turli ohanglar tanlanyapti, qiziqarli joylar izlab topilmoqda. Aminmanki, bularning bari vaqt o'tib madaniyatga aylanadigan barqaror komyuniti paydo bo'lishiga olib keladi»

 

bro_vkm

 

Ivan Toshkentga o'tgan oy Moskvadan keldi. U o'n yildan beri musiqiy chiqishlar qiladi, oxirgi yillar dab yo'nalishida ijod qilib keladi. Dab — Yamaykada paydo bo'lgan, o'tgan asrning 70-yillarida jahon dijey madaniyati siymosiga aylangan klub musiqasi.

2

«Bir oy ichida men Toshkentda bir necha tadbirlarda ishtirok etdim. Borgan barcha joylarim juda yoqimli edi, biroq bitta salbiy tomoni — deyarli hech qayerda musiqani baland ovozda eshitib bo'lmaydi. 

 

Umuman olganda, agar yig'ilishdan maqsad odamlar bir-biri bilan suhbatlashishi va hordiq chiqarishi bo'lsa, hammasi joyida, biroq tadbir musiqa uchun mo'ljallangan bo'lsa, qo'shiqlar baland yangrashi kerak. Raqs paytida odamlar musiqani butun tanasi bilan his etishi, barcha ishtirokchilar beixtiyor raqsga tushib ketishi kerak.

 

 Biz faqat “Sila” konsertida o'zimiz xohlaganimizcha shovqin qila oldik. Ushbu tadbir yerto'lada baland sadolar ostida o'tdi. Ammo mahalliy yigitlarning aytishicha, bunday konsertlarni uyushtirish oson emas, shuning uchun ular boshqa maydonchalarga e'tibor qaratishiga to'g'ri keladi.

 

Shuningdek har qanday barga norozi qo'shnilar organ xodimlari bilan kelib, kechaga yakun yasashlari mumkin. Ha, bu qo'shimcha hissiyotlar olib keladi, biroq bunday holat sen sahnada payting yuz bersa, albatta, senga yoqmaydi. Menda shunday bo'lgan ham.

 

Aynan musiqa va raqs uchun mo'ljallangan 2-3 ta muassasa paydo bo'lsa, juda ajoyib bo'lardi. Va ushbu muassasalarning art-direktorlari artistlarni olib kelishi, mahalliy musiqachilar, dijeylar va promouterlarga ijod qilish, ilhomlanish va pul ishlash uchun sharoitlar yaratib berishi kerak. Bu mahalliy musiqa sohasini rivoji uchun yaxshi turtki bo'ladi».

 

di.ssonance

 

Multiditsiplinar dijey. Texno, breykbit va elektro yo'nalishlarida ijod qiladi. 

 

Yilning boshidan beri do'stlarining yig'ilishlari, Plovistan, BarDuck loyihalarida chiqish qildi, shuningdek yaqinda Honey Murena barida o'tgan DASTIN brendining tug'ilgan kunida ishtirok etdi. 

3

«So'nggi paytlar shahrimiz Toshkentda bar va klub musiqasining rivojlanishi masalasi meni tashvishga soladi. Chunki bizda asosan pop-musiqa va shunga o'xshash musiqa turlari yangraydi, janr va format degan tushunchalar deyarli yo'q. Afsuski, hatto texno o'ynaydigan birinchi va yagona joy bo'lgan “Sila” ham o'z o'rnini oriental-xausga o'xshash zamonaviyroq janrlarga bo'shatib bermoqda. 

 

Andergraund madaniyatini ilgari surishga bizda hali erta, ammo hozir bahor kelishi bilan ozroq siljish bo'lganini seza boshladim. Ko'plar musiqiy yig'ilishlar tashkil etishni, musiqachilarni taklif qilishni boshladi. Biroq ma'lum bir joyda joylashib ololganimiz yo'q, shuning uchun yig'ilishlarimizni tez-tez ko'chirib turibmiz.

 

Ammo qachonlardir bizning ham o'z maydonchamiz paydo bo'ladi va barcha formatdagi iventlar uchun o'z eshigini ochib beradi, degan umiddaman.

 

Eng yaxshi kelajakni aynan men shunday tasavvur qilaman».

 

island.c137

 

Elektron musiqada beshinchi yil ijod qiladi. Bu vaqt mobaynida Toshkentning barcha barlarida konsert berishga ulgurgan. O'tgan yil Issiq ko'l qirg'oqlarida o'tgan “Kol fest” festivalida ishtirok etgan, bu yil esa “Stixiya”ga boradi. Islom eng ko'p deep house, minimal, progressive house yo'nalishlarida kuylaydi. Uning ijodi bilan bu yerda tanishish mumkin. 

4

«Afsuski, bar madaniyati bizda ayni kunda kam rivojlangan. Ko'plab barlar mijozlar yo'qligidan yopilib ketmoqda, borlarida ham maroqli elektron musiqa tinglash amri mahol. Bunga ko'p va turli xil sabablar bor.

 

Yangilar uchun ushbu sohada mahalliy sahnalarga yo'l topish qiyin. Buning uchun hamfikrlar bilan birlashib, o'zlari nimadir yaratishi kerak. 

 

Yaxshiyamki, Timurga o'xshagan yigitlar bor. Ular musiqiy yig'ilishlar rivojiga katta hissa qo'shadi, auditoriyani kengaytirib, tadbirga kelganlarning musiqaga bo'lgan muhabbatini oshiradi.

 

Albatta, rivojlanishda ancha oldinga qadam tashlandi. Musiqiy kechalarda ko'plab yosh, qiziqarli va ijodkor yigit-qizlarni uchrataman. Safimiz kengayishini, yirik tadbirlar tez-tez o'tkazilishini xohlayman».

 

krutoymartyn

 

Olma-otadan kelgan ushbu musiqachi rep, xaus va disko yo'nalishlarida ijod qiladi. Circle bar rezidenti Bedlam kechalari, SHU[LAMA] festivalini tashkil eta boshladi. Janning qo'shiqlari ushbu havolada

5

«Toshkentda men ikki marta bo'lganman. Yaqinda Plovistan loyihasida qatnashib, bir soat ichida o'zimning musiqiy didimni namoyish etishga harakat qildim. Shuningdek o'tgan yili “Stixiya” festivalida ishtirok etdim.

 

Albatta, O'zbekiston — an'analar va din ustun bo'lgan mamlakat (Saudiya Arabistoni kabi emas, lekin Olma-ota bilan taqqoslaganda, farq sezilarli) va bu yerda klub-bar madaniyati bizdagidek rivojlanmagan bo'lsa kerak.

 

Ammo men odamlar ushbu sohani rivojlantirishga urinyotganini ko'rib turibman. Ayniqsa bu yo'nalishda kuch sarflayotgan Timaga o'z hurmatimni izhor qilmoqchiman.

 

Umuman olganda, Toshkent hatto iqtisodiy jihatdan ham tez rivojlanmoqda. O'sish darajasi Olma-otadan ancha baland. Yaqin orada bu jabhada siz bizga yetib, hatto ortda qoldirasiz, degan umiddaman» 

 

Mcloud  


 
Odatda progressive/melodic house o'ynaydi, kam hollarda indie dance'da ijod qiladi. "Kurantlar" rezidenti, The Bar va Honey Murena barlarida chiqish qiladi. Bu yerda uning ijodini tinglsh mumkin.

6

«Toshkentda musiqiy format tarafdorlari bo'lgan barlar soni juda kam, ularning barchasini bir qo'l barmoqlarida sanab chiqish mumkin. 


 
Qolganlar uchun musiqiy imij unchalik muhim emas, asosiysi — o'rtacha xarid cheki. Shuning uchun ham biz bunday joylarda RNB va Pop janrlariga xos 10-15 yil oldingi musiqalarni eshitamiz»

 

Svetlana Lonchar 

 

Svetlana 20 yildan ortiq vaqt mobaynida vatanidan uzoqda yashadi va bir necha yil oldin Toshkentga qaytdi. “Stixiya” festivalidan keyin u nafaqat raqsga tushishni, balki o'zi ham ijod qilishni xohladi. Geografiya o'qituvchisi, o'yinlar tashkil etuvchi mutaxassis, Baykal bo'yicha gid va ikki nevaraning buvisi bo'lgan Svetlana dijeing bilan ham shug'ullanishga qaror qildi.

 

Led Zeppelin’ni texno va xardkorda birlashtirishni orzu qiladi. Ayni payt esa progressive yo'nalishini texno asboblar bilan uyg'unlashtirmoqda.

7

«Toshkent bugun men 20 yil oldin tark etgan shahar emas. Hozir bizda ro'y berayotgan hodisalar, jumladan musiqa sohasidagi o'zgarishlar meni juda zavqlantirmoqda. 

 

Elektron musiqa bilan juda aqlli va intelligent yoshlar shug'ullanadi. Ularning barchasi — mamlakat kelajagi. O'zbekistonlik yigit-qizlar o'zlari o'ynaydigan va yaratadigan musiqani yuqori darajada namoyish etishlari mumkin. Ular yanada o'sishi, chet davlatlarga borishi va o'zlarini ko'rsatishi kerak.

 

Ikki yil ichida men ulardan juda ko'p narsalarni o'rgandim. Timur uyushtirgan kechalarga ham doim boraman. Menga u yerdagi musiqa va Timurning o'z ishiga yondashuvi yoqadi. Plovistan nafaqat musiqa eshitish, balki birgalikda ovqatlanish va suhbatlashish uchun ham mo'ljallangan.

 

Musiqa haqida gapiradigan bo'lsak, menga Timurning ishtirokchilarni tanlab olishi yoqadi. Bu yerda har bir dijey va musiqachi o'zini to'laqonli namoyish etishi mumkin.

 

Toshkentdagi konsertlarda juda ijodkor kishilar qatnashadi. Ular ko'zlari yongan, o'z ishidan mamnun va barchasini rivojlantirish ishtiyoqida bo'lgan odamlar.

 

Kimdir ko'proq, kimdir kamroq uddasidan chiqishi mumkin, lekin ularda hammasi amalga oshadi, deb o'ylayman. Chunki elektron musiqa ishqibozlari kun-dan kunga ko'payib bormoqda». 

 

vinerrrrr


Viner Xaitov — “ildizli” musiqa shaydosi bo'lgan rossiyalik prodyuser. U ijod qiladigan janrlar orasida jumladan oldskul jangl, beys, detroyts getto-texnosi, odam ovozlari, eski ritmlar va ibodatlar qismlari aks etgan semplodeliklar bor. Bularning barchasiga ushbu havola orqali o'tib baho berishingiz mumkin.

8

«Men bu yerda yaxshi shakllangan komyunitini, xard-texno kechalar uyushtiradigan va bunga ajoyib va qiziqarli yondashadigan kishilarni ko'rib turibman. Ular qiziqarli, ancha zavqli promoushn qilmoqda, va buning taqdim etilishi menga yoqdi.

 

Men barcha musiqachilarni eshitmagan bo'lsamda, tinglashga ulgurganlarim menda yaxshi taassurot qoldirdi. “Stixiya” festivalida barchaning ijodi bilan tanishish nasib etadi, deb o'ylayman. Ularning yig'ilishiga hozircha bora olganim yo'q.

 

Shuningdek men qiziqarli va zavqli bo'lgan yangi CULT22 xip-xop jamiyati shakklanayotganini kuzatmoqdaman. Bunda nyuskul va oldskul birgalikda yangraydi. Bu ajoyib, menga yoqadi.

 

Menga hammadan Bobur Yunusov yoqdi. Ikkalamizning ovozga bo'lgan yondashuvimiz o'xshab ketadi va menga uning ushlab turilgan quruq saundi yoqadi».

 

yoldosh.music


 
BarDuck va Artha barlarida Alan Fatxullin bilan birga “Madaniyat” nomli qo'shma loyihasini yuritadi. “Stixiya” festivalining rezidenti,  Zaamin Ultra va Samarkand Marathon maydonchalarida chiqish qiladi. Odatda uning ijodi elektron va rok musiqaga qarashli janrlarning birikmasi, lekin umuman olganda Marsel o'zini cheklamaydi. Shuningdek Grammy va “Sila” barlarida chiqish qiladi. Musiqani onlayn tinglang.

9

«Men 2018-yilda sahnaga chiqishni boshladim va to'rt yil ichida klub/bar industriyasi rivojlanganini ta'kidlashim mumkin. Muammolar bor, albatta. To'laqonli klublar bizda haligacha yo'q, ammo barlar soni ko'p. Format shaklini elektron musiqaga aylantirayotgan muassasalar ham ko'paymoqda, bu ham juda quvonarli.

 

Elektron musiqani yaxshi tushunmaydigan, lekin unga qiziqa boshlagan kishilar ko'p (“Stixiya” festivali bunga yaqqol misol). Shuning uchun aytish mumkinki, biz yana rivojlanish bosqichidamiz.

 

Toshkentda musiqa industriyasi 2000-yillarda yaxshi rivojlangan edi, ammo ma'lum bir vaqt hammasi to'xtab qoldi. Hozir biz yana ko'tarilib boryapmiz, deb aytishimiz mumkin. Yurtimizga turli xil mamlakatlardan ko'plab ijodkorlar kelayotganini ham inobatga olishimiz kerak.

 

Biz hammamiz birlashib, Toshkentda ushbu industriyani rivojlantirishimiz kerak. Shu bilan birga ushbu yo'nalish ayni payt to'xtab qolgan yoki hatto umuman paydo bo'lmagan boshqa shaharlarni ham unutmasligimiz lozim.

 

Aytish mumkinki, biz hozir to'g'ri yo'ldamiz va barchamiz shunchaki ishlashda davom etishimiz kerak».

 

yunus.bobur

 

Omma oldida uncha ko'p chiqish qilmaydigan (Tabu (fragment), plovistan, United Underground, bahorvesna bundan istisno) mahalliy ijrochi. Uning treklarini bu yerda tinglash mumkin.

10

«Mening fikrimcha, barlardagi musiqa madaniyati bu haqda gapiradigan darajada hali rivojlanmagan.

 

Muassasalar xasislik qilmasdan, mahalliy va chet ellik artistlar uchun pul ajratishi kerak. Mahalliy musiqachilar esa o'zlarining ijodiga ko'proq javobgarlik bilan yondashishi lozim.

 

Shuningdek tashrif buyuruvchilar ham nafaqat raqsga tushishni, balki musiqani tinglashni ham o'rganishi kerak».

 

 

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish