05 сентябр 2023

«Stihia» bilan to'qnashuv: sahroda o'tgan elektron musiqa fevtivalidagi shaxsiy kechinmalar

Buxoro yaqinida, shundoqqina sahro bag'rida «Stihia» — elektron musiqa, ilm-fan va san'at festivali sadolari yangradi. Xo'sh, bu tadbir qanday o'tdi? U yerda nima bilan mashg'ul bo'lish, vaqtni qanday o'tkazish mumkin edi? Bu haqda festivalda ilk bor qatnashgan TBC Bank PR-menejeri Kristina Rybenkova hikoya qiladi.

 

 

 

 

***

 

Bundan deyarli ikki yil muqaddam O'zbekistonga keldim va bu yerda mahalliy Burning man — «Stihia» o'tkazilayotganini eshitdim. Mendek turli festivallar ishqibozi bo'lgan odam albatta bu festivalni ham ko'rishi, kerak degan qarorga keldim. Murakkab logistika va biletlar vaqtida xarid qilinmagani sababli 2022-yilda buning iloji bo'lmadi. Lekin taqdir taqazosi mo''jizaviy tarzda meni TBC Bank ka eltdi, va mana bu yil, yuk xaltamni g'ayrat-shijoatga to'ldirgan va yangi taassurotlarga chanqoq holda men tashkilotchilar jamoasi tarkibida Buxoroga yo'l oldim.

 

 

 

 

Muhit

 

Biz belgilangan joyga festivaldan bir kun oldin yetib keldik va ilk soniyalardan boshlaboq men sahroning ibtidoiy muhitini his etdim. Festival maydoni hududiga kiraverishda bizni katta-katta harflar bilan TBC x Stihia deb yozilgan Mad Max uslubidagi geyt qarshi oldi, atrofdagi hamma odamlar esa bo'lajak festivalni faollashtirish zonalarini montaj qilgan holda oldindagi uch kun uchun bu yerda taraqqiyot orolini yaratishga harakat qilishardi. Kimdir yashash uchun chodirlarni ham o'rnatib ulgurgandi. Ertalabdan osmon xo'mrayib olgan, bulutlar juda pastda suzar, ba'zan yomg'ir tomchilab qo'yardi.

 

Keyin esa mening sahrodagi ilk tongim otdi: bu go'zal manzaradan nafasim ichimga tushib ketgan, o'zimni Marsga birinchi bor qadam qo'ygan fazogirdek his etdim. Osmon qizg'ish tusda, pastlab suzgan bulutlar quyoshning behisob ranglarini aks ettirgan, ufq cheksizlikka tutashib ketgandi. Men, 30 yillik umrimda eng go'zal tonggi shafaq — dengizda bo'ladi, deb o'ylardim. Bunday emas ekan.

stihia rep 2

Festival faqat musiqaga emas, madaniyat, ekologiya va san'atga ham bag'ishlangani uchun festival o'tadigan joy falsafiy ma'no kasb etgan turli syurrealistik installyatsiyalar bilan to'ldirilgandi. Tun qorong'usida maxsus yoritilgan installyatsiyalar ajoyib muhit yaratgan bo'lib, ular orasida yana va yana sayr qilgisi kelardi kishining.

 

Festival hamkorlaridan ham qator faolliklar kuzatildi: o'yinlar, boshqotirmalar, arg'imchoqlar, birpong. Hududda yurish qulay bo'lsin uchun «chillzona»lar tashkil etilib, u yerda dam olish, binbeglarda o'tirish, telefonlarni quvvatlantirish mumkin edi.

 

Festivalda Toshkentda ko'pchilikka sevimli boʼlib qolgan yarmarka formatiga ham o'rin berildi — kornerlar qurilib, mahalliy brendlar mehmonlarga o'z mahsulotlarini sotishlari uchun sharoit yaratildi. Mana shunday kornerlarning birida festivalning bosh homiysi — bizning TBC Bank joylashdi, aynan u sahro sharoitida juda kerakli bo'lgan merchni — futbolkalar, soyabonli bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi malham jamlanmasini mana shu tadbir uchun maxsus yaratdi. To'plangan barcha mablag' xayriya maqsadlariga sarflandi.

 

Festival kunlarida doimiy shu yerda istiqomat qilganlar ham zerikmadilar — ular uchun turli vorkshoplar tashkil etildi, odamlar kiyim-kechaklarni kastomizatsiyalash, qo'lda buyumlar, aksessuarlar yasash bilan mashg'ul boʼldilar.

stihia rep 3

Ekstremal eksperimentlar ishqibozlari esa ma'jusiycha «sochni olovga topshirish» nomli faollikda ishtirok etish imkoniga ega bo'lishdi, bu marosimda Toshkentda taniqli barbershop vakillari odamlarga sochlarini oldirib, qog'oz parchasiga yozilgan negativ o'y-xayollari bayoni bilan birga gulxanda yoqib yuborishni taklif qildilar. Bundan tashqari, shu yaqin orada haqiqiy tatuirovka chizdirish, yorqin meykap va ekstravagant ko'rinishdagi soch turmagini ham qildirish mumkin edi.  

 

« Stihia»da lazzatli yeguliklar va turli ichimliklar mo'l-ko'l bo'ldi. Birinchi navbatda — har kuni bir qozon buxorocha palov. Shuningdek, o'ziga xos tayyorlangan va hammaga birdek yoqqan fast-fud yaxna yeguliklarini alohida qayd etishni xohlardim. Lekin O'zbekistonda taomlar va taomlanishga alohida e'tibor qaratilishi e'tiborga olinsa, bunga ajablanmasa ham bo'ladi 😊

 

Festivalning birinchi kuni go'yoki «sinov» tariqasida o'tdi — hamma narsalarni oxirigacha yakunlash, qurish, joylash degandek. Odamlar tadbir mohiyatini sekin-asta anglashar, lekin ular uchun hali tushunarsiz narsalar ham bor edi. Ikkinchi kundan esa odamlar soni birdan koʼpaydi — haftaning juma kuni edi, ko'plab toshkentlik shinavandalar yetib kelishdi va festival hududi ancha jonlanib, quvnoqlashib qoldi.

 

stihia rep 4

Sahroda kunduzlari juda issiq, kechasi esa juda sovuqligini bilarmidingiz? Shu bois biz kunduzi SPF malhamlar surtib, sal-pal esgan shamolga ham quvongan bo'lsak, kun botgach esa kiyimlarni ustma-ust kiyib, karamga o'xshab qoldik.

 

 

 

 

Tovushlar sehri

 

Elektron musiqa tovushlari butun maydonni to'ldirib yangraganda, butun hududga o'zgacha fayz kirdi. Men musiqiy kompozitsiyalar ohangiga xuddi ummon bag'riga cho'mgandek sho'ng'ib borardim, go'yoki har bir to'lqin menga yangi his-tuyg'ular baxsh etardi. Turli bas tovushlar badanda titroq uyg'otar, biz esa xuddi ibtidoiy odamlardek tinmay raqsga tushar, shu holimizda naq tabiiy kuchning o'zini kurashga chorlaydigan darajada jasoratli edik.

 

Festivalda ikkita sahna bor edi. Biri, «I will see you again» deb nomlangani — nisbatan qattiqroq bo'lib, unda asosan, texno musiqasi chalindi. Ikkinchi — «On the other side» nomli sahna esa anchayin xushohang va sokin janrlarda ijod qiluvchi dijeylar ixtiyoriga berilgan bo'lib, u yerda har kim o'z kayfiyati yoki didiga mos musiqani tanlashi mumkin edi.

 

«Stihia»ga turli mamlakatlardan musiqachilar kelishdi. Ularning ko'pchiligi — mashhur va ma'lum Boiler room ishtirokchilari edi. Men festivalda bor-yo'g'i ikki kungina qatnashdim va hammadan ko'proq o'zim sevgan psixodelik kayfiyat baxsh etuvchi Shadowax chiqishini kutgandim, ular festivalga Live dastur bilan kelishdi. Ishome ning chiqishlarini ko'rish esa, afsuski, menga nasib qilmadi.

stihia rep 5
stihia rep 6
stihia rep 7
stihia rep 8

Biz Mcloud, Loud 373 musiqasi va Salome ning gruzincha ohanglariga mazza qilib raqsga tushdik. Men uchun yoqimli kashfiyot — mahalliy Qaraqoom guruhi bo'ldi, men hatto bu yigitlarni «o'zbekcha ko'rinishdagi Monolink» deya nomladim. Musiqachilar juda ko'p edi va ularning har biri o'ziga xos uslubiga ko'ra qiziqarli hamda noyob edilar. Fudkort yaqinida kichikina uchinchi sahna tashkil etilib, bu yerda musiqa juda baland eshitilmasa-da, unda «o'zimizning davramiz» ruhidagi muhit paydo bo'lgandi.

 

 

 

 

Odamlar bilan birlashuv

 

Biroq, festivalning o'ziga xos muhiti faqat musiqa sadolari tufayli emasdi. Elektron musiqaga muhabbat sababli bu yerga yigʼilgan odamlar ham o'ziga xos maslakdoshlar jamoasini tuzgandilar. Ko'pchilik maxsus sahna obrazlarini yaratar, o'z qo'llari bilan liboslar jamlashar, yorqin makiyaj va soch turmaklarini ham uddalashardi. «Stihia» — har kim o'zini istagan tarzda namoyon etadigan joyga aylangandi. Militsiyani bu holatga tashvishga solgan va ular festival hududida juda ko'payib ketishgan bo'lsa-da, bu yerdagi muhit mutlaqo tinch, jamoat esa turli mamlakatlardan kelgan ijodiy va ziyoli kishilar kvintessentsiyasidan iborat edi.

 

Men turli millat vakillari bo'lgan turli yoshdagi kishilar bilan muloqot qilar ekanman, har safar musiqa, ijod va ichki ozodlik hammamizni birlashtiruvchi kuch ekaniga amin bo'ldim. Biz birga raqs tushdik, kulib-quvnadik va his-tuyg'ularimizni boshqalar bilan bo'lishdik — bu bilan unutilmas xotiralar yaratdik. Hamma bir-biriga juda mehribon va muloyim edi, shu tobda biz millatlarga ajralmadik — biz dunyo odamlariga aylandik. Sahroning o'rtasida.

 

 

 

 

Reallikka qaytish

 

«Stihia»ning yangi manzili — bu dadillik va uni oldindan aytish qiyin. Hammasi qanday o'tadi, qanday tugaydi, buni hech kim bilmasdi. Hammasi esa «byorningmenchasiga» tugadi: tong saharda «Ortiqcha axborot» deb nomlangan va katta o'zga sayyoralik «temir odam» yoniga o'rnatilgan installyatsiya yoqib yuborildi.

stihia rep 9

Festival yakuniga yetganda, meni aralash tuyg'ular qamrab olgandi. Bir tarafdan, men ma'yuslangandim — o'tgan kunlar davomida sahro muhiti menga qadrdon bo'lib qolgandi, biroq ikkinchi tarafdan men yangi g'oyalari jo'sh urgan ijodiy kayfiyatdagi odamga aylangandim. Sahrodagi festival menga yangi tovushlar uchun yurakni ochishq va haqiqatda noyob voqelikni boshdan kechirish imkonini bergandi.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish