Besh kunlik safar, ikkita shahar, yettita manzil, suratga olingan minglab kadrlar — bu TBC Ornaments loyihasi doirasida 9 iyundan 13 iyungacha bo'lib o'tgan yangi ekspeditsiyaning qisqacha bayoni. Ekspeditsiya jamoasi to'qqiz kishidan iborat bo'lib, ular safida kuratorlar — Sardor Boboev va Feruzxon Yoqubxo'jaev, ekspert — san'atshunoslik fanlari doktori Binfsha Nodir, TBC Bank videografi Kamron Xisrovdinov, fotosuratchi, jurnalist va ma'mur bor edilar.
Bu O'zbekiston amaliy sanʼatida qo'llaniladigan an'anaviy naqshlarni yig'ib jamlash va raqamlashtirish bo'yicha tashkil etilgan uchinchi ekspeditsiyadir. Bungacha uyushtirilgan safarlar to'qimachilik va kulolchilik buyumlarida qo'llaniladigan naqshlarni jamlashga bag'ishlangan edi. Jamoa hozirgacha Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg'ona viloyatlarida bo'lib qaytdi.
Uchinchi bosqichda jamoa Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Shahrisabz shaharlarida bo'ldi. Yangi ekspeditsiyaning o'ziga xos jihati shu bo'ldiki, bu safar me'morchilik yodgorliklarida qo'llangan bezaklarga katta e'tibor qaratildi.
Safarning birinchi kunini jamoa Qarshida o'tkazdi — Odina yodgorlik majmuasining arklari va gumbazlariga ishlangan mayolika qoplamalari, o'ymakor eshiklari va ustunlari suratga olindi. XIV asrda bunyod etilgan Odina masjidi va madrasasi shaharda ayollar uchun bunyod etilgan dastlabki muassasalar hisoblanadi. Аyni paytda u yerda bayramona muhit hukmron bo'lib, sababi — folklor musiqa festivaliga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda edi.
Keyingi manzil XV-asrda bunyod etilgan Аbu Ubayda ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi bo'ldi. Uning hududida qadimiy maqbaralarni o'z ichiga olgan xonaqoh, bir nechta hovuzlar, qadimiy chinor, shuningdek tepasida yasama laylaklar va ularning uyasi o'rnatilgan minora bor.
Keyingi ikki kun Shahrisabzda — Аmir Temur tug'ilgan shaharda o'tdi. Temur davrida kichik qishloqdan katta va taraqqiy etgan markazga aylangan bu shaharda buyuk sarkarda muhtasham Oqsaroyni bunyod ettirgan va uni o'zining qarorgohiga aylantirgan edi. Suratkash san'atshunos ko'rsatmalari ostida eng yaxshi saqlangan, raqamlashtirish uchun yaroqli bo'lgan naqshlarni suratga oldi.
Shu kuni jamoa Chubin madrasasi majmuasi hududida joylashgan Аmir Temur nomidagi Shahrisabz moddiy madaniyat tarixi muzeyiga tashrif buyurdi. Muzey xodimlari arxivda saqlanayotgan buyumlar — so'zanalar, gilamlar, chopon va paranjilar va belqarslarni ekspeditsiya ishi uchun taqdim etdilar. Bu buyumlarda nafaqat Qashqadaryoga xos bo'lgan naqshlar, balki O'zbekistonning boshqa hududlariga oid naqsh bezaklari ham mujassam edi.
Ekspeditsiyaning uchinchi kuni Yulduz Mamadiyorovaning Chorsu binosida joylashgan ustaxonasida o'tdi. Bu tadbirkor 2003-yilda mahalliy hunarmand ayollarni birlashtirib, Shahrisabz uchun an'anaviy hisoblangan naqshlar va «iroqi» kashta uslubidan foydalangan holda to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan.
Ustaxonadan keyin jamoa Dorut Tilovat (Temuriylar maqbarasi) va Dorus Saodat majmualariga tashrif buyurdi — bu inshootlar hududida ekspeditsiya a'zolari me'morchilikda bezak sifatida qo'llangan naqshlarni suratga oldilar.
Ekspeditsiyaning to'rtinchi va beshinchi kunlarini jamoa Qarshida, Qashqadaryo viloyati O'lkashunoslik muzeyida o'tkazdi. Muzey xodimlari ekspeditsiya ishi uchun turfa xil naqshlar bilan bezatilgan sopol va metaldan ishlangan buyumlar, gilamlar va so'zanalar, koshinlar kabi keng ko'lamli arxiv buyumlarini taqdim etishdi. Muzeyda rassom M.E. Аpelbaum (1942-1946 yy.)ning xalq amaliy san'ati buyumlari tasvirlangan akvarel bo'yoqda ishlangan suratlari kollektsiyasi mavjud ekan. Аpelbaum tomonidan bundan 80 yil muqaddam batafsil tasvirlangan ayrim naqshlarni bugun topib bo'lmaydi.
Kadr ortida qolgan jarayonlar — bir manzildan boshqa manzilga borish, taomlar, hunarmand ustalar bilan muloqotlar va TBC Ornaments loyihasining ichki doirasida yuz bergan boshqa tafsilotlar haqida Qashqadaryoga uyushtirilgan ekspeditsiyaga bag'ishlangan keyingi materialda o'qishingiz mumkin.
Foto: Viktoriya Erofeeva, Svetlana Li, Sardor Babaev