Joriy yilning 2-martida Toshkentda TBC Group va media vakillari ishtirokida press-branch bo'lib o'tdi. Tadbirdan ko'zlangan maqsad kompaniyaning 2022-yilda erishgan asosiy yutuqlari haqida erkin muloqot shaklida xabar berish edi. O'tgan yil TBC Bank rekord darajada qisqa fursat ichida zararsizlik nuqtasiga erishdi. Shuningdek, Payme bilan birgalikda yangi ekotizim, bank xizmatlari shartnomasining yangilangan shakli va CSR-loyihalar yaratildi.
TBC uchun 2022-yilda ro'y bergan asosiy voqea bankning foydaga chiqishi bo'ldi. Kompaniyaning biznes-rejasiga muvofiq, bozordagi faoliyatning uchinchi yiliga kelib foyda ko'ra boshlash belgilangan edi. Biroq yuqori faollik va muvaffaqiyatli tijoriy faoliyat evaziga o'tgan yilda yuqori marralar zabt etildi. Buning natijasida TBC Bank 2023-yilning dastlabki oylarida foydaga chiqdi.
«TBC Group ekotizimiga Payme ham qo'shildi. TBC Bank va Payme bundan keyin ham mijozlar uchun qulay xizmatlar yaratishda, raqamli mahsulotlar orqali foydalanuvchilarning brendga nisbatan mehrini qozonishda va xayrixohligini oshirishda davom etadi. Bu ikki kompaniyani birlashtirish ko'zda tutilmagan bo'lsada, ularning foydalanuvchisi yagona bo'ladi. Ayni paytda ro'yxatdan o'tgan mijozlarning umumiy soni 10 mlndan ko'proqni tashkil qiladi», — dedi TBC Bankning Kuzatuv kengashi raisi Nika Kurdiani.
Tadbirda taqdim etilgan yana bir muhim loyiha — bu soddalashtirilgan bank xizmatlarini ko'rsatish shartnomasi. Ushbu hujjatdagi shartlarni har bir kishi TBC Bank mijoziga aylanishdan oldin qabul qiladi. Loyiha doirasida shartnoma matnini qisqartirish, uning mazmunini barchaga tushunarli qilish mo'ljallangan edi. Dizayn va huquq sohasida jahon trendi hisoblangan “Legal Design” yordamida shartnoma 43 betdan 5 betgacha, uni o'qish uchun sarflanadigan vaqt 6 soatdan 10 daqiqagacha qisqardi. Murakkab termin va ta'riflar oson so'zlarga almashtirildi, shuningdek, qulay infografika paydo bo'ldi.
«Shartnomaning oson tilda yozilishi nafaqat mijozlarimizning hayotini osonlashtiradi, balki tashkilot faoliyatini ham yanada shaffof qilishga, bu kabi hujjatlardan foydalanish bo'yicha savodxonlikni oshirishga, bankka nisbatan xayrixohlikning paydo bo'lishiga, kelajakda boshqa hujjatlarga ishlov berish uchun poydevor yaratishga yordam beradi. Umid qilamizki, bizning ushbu loyihamiz yurisprudensiya sohasida ulkan yangilikka aylanadi va boshqa ko'plab kompaniyalar uchun namuna bo'lib xizmat qiladi», — dedi Boshqaruv raisining birinchi o’rinbosari Sitora To'laganova.