
Restrukturizatsiya nima va TBC Bankda kredit shartlarini qachon oʻzgartirish mumkin
Dilafruz Salimova
Hayotda har xil sinovlar bo‘ladi: kasallik, favqulodda holatlar, moliyaviy qiyinchiliklar. Bunday vaziyatlarda kreditni to‘lash qiyinlashadi. To‘lamay qo‘ysangiz, penya va jarimalar qo‘shiladi, kredit tarixingiz yomonlashadi. Bunday holatda foydali yechim — bankdan kreditni restrukturizatsiya qilishni so‘rash. Restrukturizatsiya nima, kim va qachon undan foydalanishi mumkin — hammasini tushuntirib beramiz.
Kredit restrukturizatsiyasi nima
To‘lash osonroq bo‘lishi uchun bank mijozga kredit shartlarini o‘zgartirib beradi. Masalan, to‘lov muddatni uzaytiradi yoki bir muddat tanaffus beradi. Shu restrukturizatsiya deyiladi. Ya’ni qarz summasi kamaymaydi, shunchaki uni qaytarish tartibi o‘zgaradi.
TBC Bank mijozning holatidan kelib chiqib restrukturizatsiya turini tanlaydi. Bank mana shu variantlarni taklif qilishi mumkin:
1. To‘lov sanasini o‘zgartirish. Kim uchundir ma’lum bir sanada to‘lash qulayroq bo‘lishi mumkin.
2. Kredit muddatini uzaytirish. Oylik to‘lovlar kamayadi, lekin umumiy to‘lov miqdori oshishi mumkin.
3. Imtiyozli davr berish. Bir muddat to‘lov kamaytiriladi yoki vaqtincha to‘xtatiladi. Keyin kredit yana oldingi jadvalga qaytadi.
Restrukturizatsiyani qachon so‘rash mumkin
Agar hayotingizda jiddiy o‘zgarish yuz berib, kredit to‘lashga qiynalib qolsangiz, bankka murojaat qilishingiz mumkin. Odatda daromadingizga kuchli ta’sir qilgan yoki katta xarajat talab qiladigan vaziyatlar inobatga olinadi.
Masalan: ishdan ayrilish, og‘ir kasallik, yaqin insonning xastaligi, yong‘in yoki turmush o‘rtog‘ining vafoti. Homiladorlik ta’tili tufayli oilaning daromadi vaqtincha kamaygani ham sabab sifatida ko‘rilishi mumkin.
Ariza berishdan oldin nimalarni tekshirish kerak
Bankka murojaat qilishdan oldin mana shularga e’tibor bering:
Vaqt o‘tib ketmaganmi. Og‘ir vaziyat yuz berganidan keyin 4 oy ichida murojaat qilish kerak. Aks holda ariza qabul qilinmaydi. Faqat nogironlik holatlarida muddat bo‘yicha cheklov yo‘q.
Kreditlarda kechikish yo‘qmi. Ariza topshirish paytida TBC Bankda ham, boshqa banklarda ham qarzdorlik bo‘lmasligi kerak. Kechikkan to‘lovlarni yopib, keyin murojaat qiling.
Ariza ko‘rib chiqilguncha to‘lovni davom ettira olasizmi. Ariza topshirishingiz bilan to‘lovlar avtomatik to‘xtamaydi. Bank qaror chiqarguncha kreditni odatdagidek to‘lab borish kerak.
Holatingiz barcha shartlarga mos kelsa ham, ariza tasdiqlanishi kafolatlanmaydi. Bank har bir holatni alohida ko‘rib chiqadi va qarorni o‘zi qabul qiladi.
Qanday hujjatlar kerak
Bankka ikkita narsani tasdiqlashingiz kerak: haqiqatan ham qiyin vaziyatga tushganingizni va shu vaziyat tufayli kreditni to‘lash qiyinlashganini. Hujjatlar ro‘yxati vaziyat turiga bog‘liq. Masalan, ishni yo‘qotgan bo‘lsangiz, ishdan bo‘shaganlik haqida hujjat va bandlik markazida ro‘yxatdan o‘tganlik haqida ma’lumot kerak bo‘ladi.
Agar xastalik sabab bo‘lsa, kasallik varaqasi, tibbiy ma’lumotnomalar va oxirgi yil daromadlari haqida hujjatlar so‘raladi. Yong‘in yoki boshqa favqulodda holatlarda esa hodisaning o‘zini va yetkazilgan zararni tasdiqlovchi hujjatlar kerak bo‘ladi.
Sizga aynan qaysi hujjatlar kerakligini 1150 raqamiga telefon qilib, qo‘llab-quvvatlash markazimizdan so‘rashingiz mumkin.
TBC Bankda restrukturizatsiya uchun ariza qanday beriladi
Agar kreditni to‘lash qiyinlashganini sezsangiz, bankka tezroq murojaat qilganingiz ma’qul.
1. 1150 raqamiga telefon qiling. Vaziyatingizni tushuntiring — bank xodimi sizga qaysi hujjatlar kerakligini aytib beradi.
2. Kerakli hujjatlarni yig‘ing. Ular rasmiy bo‘lishi, imzo va muhr bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
3. Hujjatlarni bankka yuboring. @tbc_uz_bot orqali hujjatlarning skan nusxalarini jo‘natish mumkin.
Shundan keyin biroz kutish kerak bo‘ladi. Hujjatlar 30 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Bank sizga yangi shartlarni taklif qilishi yoki rad javobini berishi mumkin.
Xulosa: TBC Bank misolida restrukturizatsiya qanday ishlaydi
Bu qarzni bekor qilish degani emas. Bank kreditni yopmaydi, faqat shartlarni o‘zgartirishi mumkin — masalan, muddatni uzaytirishi, to‘lov jadvalini yangilashi yoki imtiyozli davr berishi.
Har qanday holatda ham ariza topshirib bo‘lmaydi. Restrukturizatsiya arizasi haqiqatan qiyin vaziyatlar yuz bersa va ular hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa ko‘rib chiqiladi.
To‘lovni baribir kechiktirmaslik kerak. Agar kreditni to‘lashni to‘xtatib qo‘ysangiz, penya va jarimalar hisoblanadi, kredit tarixingiz yomonlashadi.
Yakuniy qarorni bank qabul qiladi. Vaziyatingiz restrukturizatsiya shartlariga to‘liq mos kelishi mumkin, lekin bank har bir arizani alohida ko‘rib chiqadi va yakuniy qarorni o‘zi qabul qiladi.
