
YATT yoki MCHJ? Biznes uchun qaysi biri foydaliroq
Alisa Granova
YATT va MCHJ — bu biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishning har xil turi emas. Bu, biznes yuritishning ikki xil usulidir. Hisob-kitob, soliqlar, xodimlarni ishga olish va qarzlar bo‘yicha javobgarlikda farqlar bor. Qaysi hollarda YATT va qaysi hollarda MCHJ ochish yaxshiroq ekanini ko‘rib chiqamiz.
YATT va MCHJ o‘zi kimlar
YATT yoki yakka tartibdagi tadbirkor — o‘z nomidan biznes yuritadigan shaxs. Tadbirkor ishni o‘zi yuritadi, qarorlar qabul qiladi, pulini ham o‘zi boshqaradi.
YATT — o‘zini o‘zi band qilgan shaxs emas.
Ko‘pchilik ularni bir xil deb o‘ylaydi. Lekin YATT va o‘zini o‘zi band qilish bu biznesning ikki xil shaklidir.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs faqat o‘zi ishlaydi, xodimlarni ishga yollay olmaydi. Xizmatni o‘zi ko‘rsatadi, buyurtmalarni bajaradi yoki o‘ziga ruxsat etilgan mahsulotlarni sotadi. Masalan, repetitorlik qiladi, kiyim tikadi, remont qiladi, usta bo‘lib ishlaydi yoki dehqon bozorida savdo qiladi. Bu haqida maqolada yozganmiz.
YATT — bu, tadbirkorlik faoliyati. Ustaxona yoki boshqa savdo shoxobchasi bo‘lsa, yetkazib beruvchilar bilan ishlasangiz, buyurtmalar olsangiz yoki xodimlarni ishga olmoqchi bo‘lsangiz, sizga YATT to‘g‘ri keladi.
MCHJ yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat — bu, o‘z nomidan ishlaydigan shaxs emas. Bu yuridik shaxs hisoblanadigan alohida kompaniya. MCHJ bir yoki bir nechta shaxs tomonidan tashkil etilishi mumkin. Ta’sischilar soni 50 tadan oshmasligi kerak. Ishtirokchilar ko‘p bo‘lsa, muhim qarorlar umumiy yig‘ilishda qabul qilinadi.
YATT ham, MCHJ ham bankda hisobraqam ochishi kerak. Barcha to‘lovlar shu hisob orqali qiladi.
YATT va MCHJning faoliyat turlari
YATT. Istagan ish faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi. Faqat maxsus ro‘yxatga kiritilganlarga ruxsat beriladi. Ro‘yxatda 93 ta faoliyat turi bor. Masalan, savdo markazlari yoki bozorlarda chakana savdo, repetitorlik, rieltorlik xizmatlari, tadbirlarni tashkil qilish va boshqa kichik biznes turlari keltirilgan. Kerakli faoliyat turi ro‘yxatda bo‘lmasa, YATT ochib bo‘lmaydi. Unda biznesning boshqa shaklini tanlash kerak. Masalan, MCHJ ochish mumkin.
MCHJ. Cheklovlar yo‘q. Kompaniya qonun bilan taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin. Ayrim sohalarda ishlash uchun litsenziya va ruxsatnomalar kerak bo‘ladi. Masalan, xususiy bolalar bog‘chasini ochish uchun, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan litsenziya olish kerak. Yo‘lovchi tashuvchilarga Transport vazirligi litsenziya beradi. Har bir avtomobil uchun alohida litsenziya kartochkasi ham bo‘lishi shart.
Nechta xodimni ishga olish mumkin
YATT. 5 tagacha xodimni ishga olishi mumkin. Xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. YATT har bir xodim uchun yiliga 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. 2026-yil may oyida bu 412 000 so‘m edi. Xodimning ish haqidan JSHDSni ushlab qolishi ham kerak.
MCHJ. Kompaniya uchun qancha xodim kerak bo‘lsa, shuncha xodimni ishga olishi mumkin. Barcha xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzish va ularni Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT)da ro‘yxatdan o‘tkazish kerak.
Pulni kim va qanday boshqaradi
YATT. Tadbirkorning biznes puli va shaxsiy puli bir-biridan ajratilmagan. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lagandan keyin qolgan pulni tadbirkorning o‘zi boshqaradi. Xohishiga qarab pulni shaxsiy xaridlar, sayohatlar yoki investitsiyalarga sarflashi mumkin. Xarajatlar bo‘yicha soliq organlariga hisobot berishga majbur emas.
MCHJ. MCHJ ochish uchun ta’sischilar ustav kapitaliga pul yoki mol-mulk kiritadi va kompaniyadagi o‘z ulushiga ega bo‘ladi. MCHJning foydasi ta’sischilarning shaxsiy puli emas. Foyda ta’sischilar o‘rtasida kompaniyadagi ulushiga qarab bo‘linadi.
Masalan, bitta ta’sischi ustav kapitaliga 60%, boshqasi esa 40% kiritgan bo‘lsa, foyda ham 60 ga 40 qilib hisoblanadi.
Hisob-kitobni qanday yuritish kerak
YATT. YATT to‘liq buxgalteriya hisobini yuritishga majbur emas. Bu, umuman hisob yuritmaydi degani emas. Tadbirkor o‘z faoliyati uchun belgilangan tartibda hisob yuritadi. Masalan, chakana savdo bilan shug‘ullanadigan YATTlar daromadlar va tovar operatsiyalari kitobini to‘ldirib borishi kerak.
YATT aylanmadan olinadigan soliq tizimida ishlasa, har oy soliq hisobotini taqdim etadi. Agar xodimlar bo‘lsa, ular bo‘yicha ham hisobot topshiradi. Ko‘pincha bunday hisobni tadbirkorning o‘zi bemalol yuritadi.
MCHJ. To‘liq buxgalteriya hisobini yuritishi, soliq va buxgalteriya hisobotlarini topshirishi, ba’zan statistika hisobotlarini ham berishi kerak. MCHJlar odatda shtatdagi yoki autsorsingdagi buxgalter bilan ishlaydi.
Buxgalter ko‘pincha bank hisob raqamidan foydalanadi. U operatsiyalarni ko‘rish, ko‘chirmani olish, yetkazib beruvchiga yoki soliq uchun to‘lov topshiriqnomasini tayyorlashi kerak. Lekin, pulni to‘liq boshqarish huquqini berish xavfli, ayniqsa buxgalter autsorsingda ishlasa.
TBC Biznesda buxgalterga hisob raqamidan foydalanish uchun alohida kirish huquqini berish mumkin. U, operatsiyalarni ko‘radi, ko‘chirmalarni oladi va to‘lovlarni tayyorlaydi, lekin pul yechimini tasdiqlamaydi. Shunda pul ustidan nazorat faqat biznes egasida qoladi.
YATT va MCHJ qanday soliqlar to‘laydi
YATT. YATTning soliq tizimi oson. Mahsulot yoki xizmatlardan tushgan daromad soliq davrida 1 milliard so‘mdan oshmasa, tadbirkor aylanmadan olinadigan 1% soliqni to‘laydi.
Daromadi 1 milliard so‘mdan oshsa, YATT maqomi o‘zgarmaydi. Soliq rejimi o‘zgaradi. Aylanmadan olinadigan soliqni emas, 12% QQS va foyda solig‘ini to‘laydi.
Har oy tadbirkor 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi. 2026-yil may oyida bu 412 000 so‘m.
MCHJ. Soliqlar faqat biznes shakliga bog‘liq emas. Ular aylanma mablag‘, tanlangan soliq rejimi va kompaniyaning faoliyat turiga ham bog‘liq. Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazayotganda soliq tizimini tanlab, ko‘rsatish kerak. Masalan, aylanmadan olinadigan soliq tanlansa, MCHJ soliqlarni YATTga o‘xshab to‘laydi. Aylanma mablag‘ 1 milliard so‘mgacha bo‘lsa — aylanmadan 1%, limitdan oshgach esa 12% QQS va foyda solig‘ini to‘lashni boshlaydi. Kompaniya boshidan umumiy soliq tizimini tanlasa, aylanma mablag‘i qancha bo‘lishiga qaramay, boshidanoq QQS va foyda solig‘ini to‘laydi.
YATT va MCHJning mas’uliyatlari
YATT. Tadbirkor biznes uchun o‘z mablag‘lari va mol-mulki bilan javob beradi. Qarzlarini to‘lay olmasa, sud bank hisoblarini xatlashi, mashina, texnika yoki boshqa mol-mulkini olib qo‘yishi mumkin.
MCHJ. MCHJning majburiyatlari bo‘yicha kompaniyaning o‘zi, bank hisobidagi mablag‘lari, uskunalari va boshqa aktivlari bilan javob beradi. Ta’sischilar esa kompaniyaning qarzlari uchun o‘z mol-mulki bilan javob bermaydi. Lekin, ayrim vaziyatlarda ulardan ham qo‘shimcha javobgarlik talab qilinishi mumkin.
YATT va MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazish qancha turadi
YATT. Davlat xizmatlari markazida shaxsan borib yoki biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali onlayn ochish mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun pasport, JSHSHIR va elektron raqamli imzo kerak. Uni oldindan myGov orqali olasiz. Davlat boji — 1 BHM. 2026-yil may oyida bu 412 000 so‘m. Onlayn ariza topshirsangiz, davlat boji kamroq 0,9 BHM yoki 370 800 so‘m bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tgach, tadbirkorga davlat ro‘yxatidan o‘tganini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi.
MCHJ. MCHJ ochish uchun YATTga qaraganda ko‘proq tayyorgarlik kerak. Avval ustavni tayyorlaysiz. Ta’sischilar bir nechta bo‘lsa, ta’sis shartnomasi ham kerak bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tishdan oldin kompaniya nomini o‘ylab topish, faoliyat turlarini belgilash, ustav kapitali miqdorini aniqlash, soliq tizimini tanlash va direktorni tayinlash kerak. Direktor kompaniya nomidan hujjatlarni imzolaydi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun arizani onlayn yuborish yoki Davlat xizmatlari markaziga borib topshirish mumkin. Onlayn topshirsangiz, elektron hujjatlar yoki PDF formatidagi skanerlangan nusxalarni biriktirish kerak. Davlat boji 1 BHM — 412 000 so‘m. Arizani onlayn topshirsangiz 0,9 BHM yoki 370 800 so‘m bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin hisobraqamni qayerda ochish mumkin
YATT yoki MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin biznes uchun bankda hisobraqam ochish kerak. U orqali to‘lovlarni qabul qilasiz, yetkazib beruvchilarga pul o‘tkazasiz, soliqlarni to‘laysiz va hamkorlar bilan hisob-kitob qilasiz.
TBC Biznesda YATT yoki MCHJ uchun hisobraqamni 3 daqiqada, onlayn va elektron raqamli imzosiz ochish mumkin. Hisobdan darrov foydalansa bo‘ladi. To‘lovlarni yuborish, pul o‘tkazmalarini qilish, tushumlarni kuzatish va xodimlarga ish haqini to‘laysiz.
YATT yoki MCHJ? Sizga qaysi biri mos keladi
Tanlov biznesni qanday yuritishingizga bog‘liq. Birinchi bo‘lib nimalarga e’tibor berish kerak.
Biznesni kim ochyapti. Biznesni bir kishi yuritsa, odatda YATT tanlanadi. Agar ta’sischilar ko‘p bo‘lsa va ulushlarni oldindan taqsimlash kerak bo‘lsa, MCHJ mos keladi.
Qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanmoqchisiz. YATT faqat maxsus ro‘yxatda bor faoliyat turlari bo‘yicha ishlashi mumkin. MCHJda bunday umumiy cheklovlar yo‘q. Lekin, ayrim sohalar uchun litsenziya kerak.
Pulni qanday boshqarmoqchisiz. YATTda biznes puli va shaxsiy pul bir-biridan ajratilmaydi. MCHJda kompaniya puli ta’sischilarning shaxsiy pulidan alohida bo‘ladi, foyda ham alohida taqsimlanadi.
Nechta xodim olish mumkin. YATT ko‘pi bilan 5 ta xodimni ishga olishi mumkin, MCHJda esa cheklov yo‘q.
Qanday yuklamaga tayyorsiz. YATTda hisob va hisobotni yuritish osonroq. MCHJda hujjatlar ham, rasmiy ishlar ko‘p.
