
Omonatni qanday tanlash kerak
Dilafruz Salimova
Bank omonatlari pulni saqlashga va daromad olishga yordam beradi. Lekin omonatni faqat foiziga qarab tanlash noto‘g‘ri. U sizning maqsad va odatlaringizga mos kelishi kerak. Ba’zi omonatlardan pulni umuman yechmasangiz ko‘proq daromad olasiz. Ba’zi omonatlarning foizi pastroq bo‘lsa-da, pullardan bemalol foydalanish mumkin. Keling, kimga qaysi variant mos kelishini TBC Bank omonatlari misolida ko‘rib chiqamiz.
Omonat haqida nimalarni bilish kerak
Omonat foiz olib keladi. Siz pulingizni bankda saqlaysiz, bank pulingizga foiz qo‘shib hisoblaydi. Foiz stavkasi omonat shartlariga bog‘liq bo‘ladi: muddatlarga, to‘ldirish, pul yechish va muddatidan oldin yopish imkoniga.
Shartlar qancha erkin bo‘lsa, foiz shuncha past bo‘ladi. Masalan, pulni istalgan payt yecha olsangiz, daromadingiz kamroq bo‘ladi. Agar pulni muddat oxirigacha saqlasangiz, ko‘proq foyda olishingiz mumkin.
Omonatdagi pullar himoyalangan. Bank ularni o‘z hisobraqamida saqlaydi va xavfsizligi uchun javob beradi. Bundan tashqari, davlat kafolati ham bor: bitta bankdagi omonat uchun 200 mln so‘mgacha qaytarib beriladi.
Omonat tanlashda eng muhimi — maqsadingiz. Har bir omonatning o‘z shartlari bor, qaysi shartlar sizga to‘g‘ri kelishini oldindan o‘ylab olishingiz kerak.
Puldan emin-erkin foydalanishni xohlasangiz
Sizga muddatsiz “Odat” omonati mos keladi. Foizlarni yo‘qotmasdan to‘ldirish yoki pul yechish mumkin. Pul kerak bo‘lib qolishini o‘ylasangiz, ushbu omonatni tanlang.
Yillik stavka — 13%. Foizlar oyiga bir marta to‘lanadi. Omonatga ko‘pi bilan 200 mln so‘m qo‘yish mumkin.
Masalan, omonatga 1 mln so‘m qo‘ydingiz. 15 kundan keyin undan 400 ming so‘m yechib oldingiz. Yana 5 kun o‘tib 500 ming so‘m qo‘shdingiz. Bank foizni har kun hisoblaydi: avval 1 mln so‘mga, keyin qolgan 600 mingga, undan keyin 1,1 mln so‘mga. Oy oxirida taxminan 10 ming so‘m daromad kelib chiqadi va u kartangizga tushadi.
Maksimal daromad olishni xohlasangiz
To‘ldirib va pul yechib bo‘lmaydigan muddatli omonat mos keladi. Bir marta to‘ldirasiz va muddat oxirigacha tegmaysiz. Pul qo‘shish va yechish imkoni bo‘lmaydi.
Yillik stavka — 21% gacha. Bu so‘m omonatlari orasidagi eng yuqori stavka. Omonatni turli muddatlarga, uzog‘i bilan 24 oyga ochish mumkin.
Foizlar har oy hisoblanadi. Odatda ular kartaga kelib tushadi. Lekin avtokapitalizatsiyani yoqsangiz, foizlar omonatning o‘zida qoladi va keyingi oydan kattaroq summaga foiz qo‘shib hisoblanadi. Kapitalizatsiya bilan yillik daromad 25% gacha yetishi mumkin.
Masalan, 10 mln so‘mni 21% dan bir yil muddatga omonatga qo‘ydingiz va avtokapitalizatsiyani yoqdingiz. Birinchi oy taxminan 175 ming so‘m daromad olasiz. Keyingi oy 10 mln so‘mga emas, 10 mln 175 ming so‘mga nisbatan foiz hisoblanadi. Natijada bir yildan keyin hisobingizda 12,3 mln so‘mdan ko‘proq pul bo‘ladi, sof daromad — 2,3 mln so‘m.
Shoshmasdan yig‘ib bormoqchi bo‘lsangiz
To‘ldiriladigan, lekin pul yechib bo‘lmaydigan muddatli omonat oching. Uni muntazam to‘ldirib borish mumkin, lekin pulni faqat muddat oxirida yechsa bo‘ladi.
Bunday omonat bilan katta xaridlarni rejalashtirish qulay, chunki pulni boshqa narsalarga ishlatib qo‘ymaysiz. Omonatni har oy to‘ldirib borsangiz, pullaringiz ortib boraveradi.
Masalan, siz 1 mln so‘mga omonat ochdingiz. Yillik stavka 20%. Har oy 300 ming so‘mdan qo‘shib boryapsiz. Bank faqat boshlang‘ich summaga emas, qo‘shilgan pullarga nisbatan ham foiz hisoblagani uchun daromadingiz oydan oyga oshib boradi.
Ham yig‘ib, ham ishlatishni xohlasangiz
To‘ldiriladigan va pul yechiladigan omonatni tanlang. Ushbu omonatda to‘ldirish va qisman pul yechish imkoni bor.
Lekin bu “Odat” omonatidek erkin omonat emas. Hisobingizda kamida 100 ming so‘m saqlashingiz kerak, pulni esa omonat ochilgandan bir oy o‘tib yechishingiz mumkin.
Yillik stavka — 18% gacha. Bu omonat aniq maqsad uchun pul yig‘ayotgan, lekin kutilmagan xarajatlarga zaxira qoldirmoqchi bo‘lganlar uchun qulay.
Valyutada pul yig‘moqchi bo‘lsangiz
Chet el valyutasida xarajat qilsangiz yoki pul to‘plamoqchi bo‘lsangiz, sizga ushbu omonat mos keladi. Valyuta omonatini to‘ldirish mumkin, lekin undan muddatidan oldin pul yechib bo‘lmaydi. Omonatni muddatidan oldin yopsangiz, foizlarni yo‘qotasiz: bank faqat omonat summasini qaytaradi.
Masalan, siz 13 oy muddatga 500 dollar qo‘ydingiz, lekin 6 oydan keyin pulni qaytarib oldingiz. Bank sizga faqat 500 dollarning o‘zini qaytaradi.
Yillik stavka — 3% dan 5% gacha, muddat — 13 oydan 24 oygacha.
Daromadni oldindan hisoblab chiqing
Omonat ochishdan oldin TBC Bank saytidagi onlayn kalkulyatordan foydalanish mumkin. Omonat turi, summasi va muddatini kiriting — kalkulyator sizga daromadingizni ko‘rsatadi.
Kalkulyator turli variantlarni solishtirishga yordam beradi. Masalan, pul yechib bo‘lmaydigan omonat foydalimi yoki to‘ldirish imkoni bor omonatmi.
Omonatni qanday ochish mumkin
TBC Bank ilovasida:
Tasdiqlashdan oldin omonat shartlariga yana bir ko‘z yugurtiring. E’tibor bering: omonatni to‘ldirish mumkinmi, qachon pul yechsa bo‘ladi, muddatidan oldin yopish shartlari qanday.
Shundan keyin omonat ochiladi va ilovada paydo bo‘ladi. Foizlar shartlar bo‘yicha hisoblanadi.
Qisqacha: omonatni qanday tanlash kerak
Omonatni faqat foiziga qarab tanlamang. Yuqori stavkali omonatlarning shartlari ko‘pincha qat’iyroq bo‘ladi: pul yechish, omonatni to‘ldirish yoki uni muddatidan oldin yopish imkoni bo‘lmaydi.
Eng avval maqsadingizga qarang. Pul kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lsa, pul yechish imkoni bor omonatni tanlang. Agar aniq maqsad yo‘lida kutishga tayyor bo‘lsangiz, foizi yuqoriroq variantlarga e’tibor bering.
Omonatni to‘ldirish imkoni bor-yo‘qligini tekshiring. Ayniqsa har maoshdan ozroq ajratib borishni rejalashtirgan bo‘lsangiz.
Pul yechish shartlariga ham e’tibor bering. Ba’zi omonatlarda mablag‘ni faqat muddat oxirida qaytarib olish mumkin, ba’zilarida esa pulni foizlarni yo‘qotmasdan istalgan payt olib ishlatsa bo‘ladi.



