O'tgan dam olish kunilari, ya'ni 17-18-iyun kunlari Jizzax viloyatidagi Zomin Milliy tabiat bog'ida Zaamin Ultra uchinchi xalqaro tog' ultramarafoni bo'lib o'tdi. Bu tadbir Samarkand Marathon doirasidagi yugurish musobaqalariga seriyasiga kiradi. TBC Bank mana uchinchi yildirki, Samarkand Marathon belgili masofaga yugurish bahslarida faol qatnashib keladi va ketma-ket ikki yildan beri Zaamin Ultra da ham ishtirok etmoqda. Joriy yilda marafonda TBC Bank ning 100 dan ortiq xodimlari hamda Payme ning 15 nafar xodimi qatnashdilar. Bank jamoasini O'zbekistonda yugurish madaniyatini qo'llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan g'ayrioddiy kiyimlardan tanib olish mumkin edi.
Ishtirokchilar sharros yoqqan yomg'ir va do'lni pisand qilmasdan go'zal tabiat qo'ynidagi yugurish masofasini zavq bilan yugurib o'tdilar. Ko'pchilik o'z hamkasblari va oila a'zolari bilan birgalikda yugurdi, bu esa o'z o'rnida oʼziga xos birdamlik kayfiyatini uyg'otdi. Marafonda murakkablik darajasi turlicha bo'lgan 2, 10, 21 va 50 kilometrlik distantsiyalar belgilangan edi.
TBC Bank xodimlaridan biri, Happiness Center mutaxassisi Daler Muqumov eng murakkab — 50 km distantsiyani bosib o'tishdek vazifani uddaladi.
«Men ultramarafonga olti oy davomida tayyorgarlik ko'rdim. Hafta davomida ikki-uch kun oralatib sahargi soat 3-4 larda 10 kilometrlik masofaga yugurishga chiqardim. Velotrenajyorda ham shug'ullandim, bu Zomin tog'laridagi past-baland yo'llarni bosib o'tishda asqotdi. Yugurish bo'yicha tajribasi bor kishilardan to'g'ri ovqatlanish va favqulodda vaziyatlardagi xatti-harakatlar borasida maslahatlar oldim.
Men 2021-yildan beri to'rtta marafonda qatnashdim: Samarqandda (10 km), Zominda (21,1 km), Buxorodagi tungi yugurishda (10 km) va Toshkentda (21,1 km). Toshkent marafoni hammasidan murakkab kechdi — tinmay jala quygani bois suvga to'lib qolgan krassovkada yugurgandim.
O'zimning tayyorgarlik darajamni o'rtacha deb baholayman, chunki tayyorgarlik jarayonini lozim darajada, o'zim istagandek o'tkazolmadim. Аslida 50 kilometrlik distantsiyada asosan professional sportchilar, yugurish bo'yicha murabbiylar va eng tajribali marafonchilar yuguradilar, ular nafaqat mukammal tayyorgarlik ko'radilar, balki yugurish ularning hayot tarziga aylangan.
Jismoniy tayyorgarlikni obdon sinovdan o'tkazgan holatlarga dengiz sathidan 1500-2000 metr balandlikda, yuqorilab ketgan yo'llarda duch keldim, oddiy qadamlar bilan ilgarilasam-da, pastlagan yo'llarda tez yugurib, kerakli tezlikka chiqishga harakat qildim. 20 km masofa davomida 27 darajali issiq qo'shimcha yuklama bo'ldi, lekin keyin ob-havo salqinlashdi. Ruhiy zo'riqish ham sezildi albatta, bunday damlarda men limit qilib ko'rsatilgan vaqt ichida marraga yetishim shartligini oʼzimga qayta-qayta eslatib turdim. Yaqinlarim meni juda qizgʼin qo'llab-quvvatlashdi.
Mening kelgusidagi maqsadim — triatlon bo'yicha musobaqalarda, jumladan Ironman bellashuvlarida ishtirok etish».
Zaamin Ultra — bu nafaqat sport musobaqasi, balki TBC Bank xodimlari uchun chidamlilik, jamoaviy jipslik va qiyinchiliklarni yengib o'tishga intilishni namoyon etish uchun yaxshi imkoniyat hamdir. Biz ishtirokchilarimiz bilan faxrlanamiz va Samarkand Marathon seriyasidagi keyingi yugurish musobaqalarini kutib qolamiz!