Barcha maqolalar
Firibgarlar

Kartaning qaysi ma’lumotlarini bemalol ulashish mumkin, qaysilarini esa sir saqlash kerak

Dilafruz Salimova

 

Karta ma’lumotlarini boshqalarga aytish butunlay xavfsiz, deb o‘ylasak kerak, karta raqamini Telegram’da jo‘natish, kodini sotuvchiga aytish oddiy holga aylangan. Lekin hamma ma’lumotlar bir xil emas. Ba’zilarini aytish xavfsiz, ba’zilarini esa sir saqlash shart. Farqini maqolamizda tushuntirib o‘tamiz

Kartaning qanday ma’lumotlari bor

Karta rekvizitlari — bu to‘lov qilish, pul o‘tkazish yoki naqd yechish uchun kerak bo‘ladigan ma’lumotlar. Bu ma’lumotlar kartaning yuz va teskari tomonida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Asosan mana shular:

 

  • Karta raqami — kartaning yuz tomonida joylashgan 16 ta raqam.

 

  • Amal qilish muddati — oy va yil ko‘rinishidagi yozuv.

 

  • CVV yoki CVC kod — kartaning orqa tomonidagi 3 ta raqam. Onlayn to‘lovlarni shu kod orqali tasdiqlaysiz. Oddiy qilib aytganda, bu internetdagi xaridlar uchun pin kod.

 

Qaysi ma’lumotlarni ulashish mumkin

Karta raqami. Pul o‘tkazish uchun sizdan karta raqamingizni so‘rashsa, xavotir olmang: faqat raqam orqali kartadan pul yechib bo‘lmaydi.


Kartaga ulangan telefon raqami. Karta raqamini bergingiz kelmasa, pul o‘tkash uchun telefon raqamingizni aytsangiz ham bo‘ladi. Bu yanada ishonchli va xavfsiz.

Qaysi ma’lumotlarni ulashish mumkin emas

Pin kod. Aynan pin kod pulimizni firibgarlardan himoya qiladi. Uni sotuvchiga ovoz chiqarib aytish aslida tavsiya etilmaydi.
Agar karta firibgar qo‘liga tushsa va u pin kodingizni bilsa, pulingizni bemalol ishlatishi mumkin. Siz bu pullarni qaytarib ololmaysiz, chunki kodni o‘zingiz oshkor qilgansiz. 
Shuning uchun pin kodni eshittirib aytish, kartaning ustiga yozib qo‘yish va boshqalarga, hatto qarindoshlarga ham, ulashish mumkin emas. Agar kimdir pin kodingizni bilib qolsa, kodni darhol o‘zgartiring.

 

SMS yoki push xabarlardagi kodlar. Bir martalik kod to‘lov yoki o‘tkazmani tasdiqlash uchun ishlatiladi. Uni faqat siz bilishingiz kerak. Hatto o‘zini bank xodimi, organ ishchisi yoki kuryer deb tanishtirgan kishilarga ham kodni oshkor qilmang. Agar kod firibgarning qo‘liga tushsa, pullaringizni qaytarib ololmaysiz.

 

CVV yoki CVC kod. Faqat onlayn to‘lovlar uchun ishlatiladi. Bank hech qachon sizdan bu kodni so‘ramaydi. CVV/CVC kodlarni faqat ishonchli saytlarda kiriting.

Pulni qanday himoya qilish mumkin

Karta ma’lumotlarini shaxsiy hujjatlarni asragandek avaylang. Pin kodni, SMS kodlarni, CVV kodlarni hech kimga bermang. Ularni sizdan na bank xodimi, na davlat xodimi so‘raydi. Kodlarni faqat firibgarlar olishga harakat qiladi. Oddiy qoidalarga amal qilsangiz, pullaringiz begona qo‘llarga tushmaydi.