Onlayn kredit qanday olinadi?
Nataly Fein
Bugun 15:33∙3 daqiqalik o‘qish
Tasdiqlash imkoniyatini oshiradigan 5 ta oddiy qadam
Onlayn kredit — bu oddiy kreditning qulayroq ko‘rinishi. Uni bank ilovasi orqali rasmiylashtirasiz va pul bevosita kartangizga tushadi. Shartlari ham xuddi an’anaviy kreditdagidek: foiz stavkasi, shartnoma, muddatlar. Faqat farqi shundaki, shartnomani qog‘ozda emas, balki ilova orqali imzolaysiz.
Kredit berish qarorini avtomatik tizim qabul qiladi. U sizning to‘lov qobiliyatingizni daromad, kredit tarixi va boshqa omillar asosida baholaydi. Shuning uchun rad javobi olmaslik uchun arizani to‘g‘ri tayyorlash muhim.
Quyida tasdiqlash imkoniyatini oshirishga yordam beradigan 5 qadamni ko‘rib chiqamiz.
1-qadam. Asosiy talablarga mos kelishingizni tekshiring
Ariza yuborishdan oldin asosiy shartlarga javob berishingiz kerak. Bank odatda quyidagilarga e’tibor beradi:
O‘zbekiston fuqaroligi. Chet el fuqarolariga kredit berilmaydi.
Yosh. O‘zbekiston fuqarosi 18 yoshdan boshlab kredit olishi mumkin - u qonunan voyaga yetgan hisoblanadi va mustaqil ravishda shartnomalar tuzish huquqiga ega. Biroq, banklar o‘z yosh chegaralarini o‘rnatishlari mumkin. Masalan, TBC Bankda kredit 22 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlarga beriladi.
Rasmiy daromad. Eng kamida oyiga 500 000 so‘m. Korxonada shtatda ishlash shart emas — tadbirkor yoki o‘z-o‘zini band qilgan shaxs bo‘lish ham mumkin. Bu ham rasmiy daromad hisoblanadi.
Uzluksiz ish staji. Bir joyda kamida 6-12 oy ishlagan bo‘lishingiz maqsadga muvofiq.
Qarzlar yo‘qligi. Agar muddati o‘tgan kreditlar bo‘lsa, kreditni rad etish ehtimoli yuqori.
Bu parametrlarni tizim avtomatik ravishda tekshiradi. Agar siz bandlarning birortasiga mos kelmasangiz, rad javobini olishingiz ehtimoli yuqori. Agar barcha talablarga javob bersangiz, ikkinchi qadamga o‘ting.
2-qadam. Kredit tarixingizni tekshiring
Bank sizning oldingi kreditlarni qanday to‘laganingizni ko‘radi. Kechikishlar yoki qarzlar bo‘lsa, bu kredit tarixingizda aks etadi va qaror qabul qilishda katta ahamiyatga ega.
Tarixni KATM — kredit tarixi byurosi shakllantiradi. U yerga banklar va Mikromoliya tashkilotlar berilgan kreditlar, to‘lovlar va qarzlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuboradi.
Kredit tarixini mygov.uz yoki KATM saytlarida ko‘rish mumkin. Shuningdek, Davlat xizmatlari markazidagi Yagona darcha yoki kredit byurosi ofisiga shaxsan borib ham tekshirish imkoni bor.
Yiliga bir marta kredit tarixini bepul olish huquqiga egasiz. Agar tez-tez so‘rashga to‘g‘ri kelsa, qo‘shimcha to‘lov qilishingiz kerak bo‘ladi.
2025-yil sentyabr holatiga ko‘ra kredit tarixini qayta olish (takroriy ma’lumotnoma) narxi quyidagicha:
- mygov.uz orqali - 14 832 so‘m
- KATMda - 16 480 so‘m
3-qadam. To‘lov qobiliyatingizni baholang
Bank sizning qarz yuki ko‘rsatkichingizni tekshiradi. U har oyda majburiy to‘lovlar uchun qancha pul sarflayotganingizni va daromadingiz yangi to‘lov uchun yetarli yoki yetarli emasligini ko‘rsatadi. Bank bu ma’lumotlarni nafaqat kredit tarixidan, balki turli tashqi manbalardan ham oladi.
Markaziy bank talabiga ko‘ra, qarz yuki daromadingizning 50 foizidan oshmasligi kerak. Agar u ko‘proq bo‘lsa — bank kreditni rad etadi yoki noqulayroq shartlarda, masalan, kamroq muddatga yoki yuqoriroq stavkada kredit taklif qiladi.
Qarz yuki ko‘rsatkichini qanday hisoblash mumkin:
1. Daromadingizni hisoblang — nafaqat maoshni, balki qo‘shimcha ish yoki tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadni ham hisobga oling.
2. Barcha majburiy xarajatlarni qo‘shing: kredit to‘lovlari, kommunal xizmatlar, alimentlar, maktab, bolalar bog‘chasi, aloqa to‘lovlari.
3. Xarajatlar summasini daromad summasiga bo‘ling va 100% ga ko‘paytiring.
Olingan foiz — bu sizning qarz yukingiz. Agar u 50% dan kam bo‘lsa, kredit olish imkoniyati yuqori bo‘ladi.
4-qadam. Kredit miqdorini aniqlang
Qarz yuki ko‘rsatkichi me’yorga to‘g‘ri kelsa ham, bu bank har qanday summani ma’qullaydi degani emas. Tizim yangi kredit yuklamaga qanday ta’sir qilishini ko‘rib chiqadi: agar u daromadning 50 foizidan oshsa, ariza rad etiladi. Shuning uchun qaysi kredit summasini ko‘rsatishni oldindan hisoblab qo‘ygan ma’qul.
Aytaylik, daromadingiz oyiga 10 mln so‘m, joriy qarz yuki esa 45%. Demak, hayot uchun yana 55% daromad qoladi — bu 5,5 mln so‘m. Agar 3 yil muddatga 50 mln so‘m kredit so‘rasangiz, kredit to‘lovi stavkaga qarab oyiga ≈ 1,5-2,5 mln so‘mni tashkil etadi. Yuklama 50 foizdan oshadi va bank bunday arizani ma’qullamasligi mumkin.
Ariza yuborishdan oldin o‘zingiz uchun qulay bo‘lgan to‘lov miqdorini aniqlab oling. Buning uchun ilovadagi kredit kalkulyatoridan foydalaning: turli variantlarni sinab ko‘ring, muddat va summani o‘zgartiring hamda natijaga qarab qaror qabul qiling.
5-qadam. Arizani diqqat bilan to‘ldiring
Ko‘pincha tizim xatolar yoki noto‘g‘ri kiritilgan ma’lumotlar sababli arizani rad etadi. Hatto familiyadagi kichik xato yoki ish staji haqida noto‘g‘ri yozilgan ma’lumot ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Banklar ma’lumotlarni tashqi bazalar orqali solishtiradi va har qanday xatolikni aniqlaydi.
Shuning uchun bankni aldayman deb urinmang — daromad, ish joyi va staj haqidagi ma’lumotlarni faqat rostini ko‘rsating.
Kredit rad etilsa, nima qilish kerak?
Agar arizangiz rad etilsa, xavotir olmang — 30 kundan keyin yana topshirishingiz mumkin. Shu vaqt ichida qarz va jarimalarni to‘lab, kommunal to‘lovlarni yopib qo‘yish, daromadni oshirish uchun qo‘shimcha ish topishga harakat qilish foydali bo‘ladi.
ma’lumotlarni yaxshilaganingizda, tasdiqlanish imkoniyati ham ancha ortadi.

