
Kredit ololmayapsizmi? Bu uchun OneID-ni qanday sozlash kerak?
TBC Blog tahririyati
6-fevraldan boshlab banklar ma’lumotlaringizni OneID tizimidan avtomatik tarzda ololmaydigan bo‘ldi — endi bankka ruxsatni faqat foydalanuvchining o‘zi berishi shart. Busiz nafaqat kredit yoki muddatli to‘lov, balki kredit kartasini ham rasmiylashtirish imkonsiz.
Nimalar o‘zgarganini va hammasini 3 daqiqa ichida qanday sozlashni ko‘rib chiqamiz.
OneID o‘zi nima?
OneID — bu barcha elektron xizmatlarga: banklar, MyGov, to‘lov ilovalariga kirish uchun yagona kalitdir. Har bir saytda alohida ro‘yxatdan o‘tish o‘rniga, OneID orqali bir marta kirasiz va tizim ishga tushadi.
Masalan, bank ilovasida kredit olmoqchisiz. Bank OneID tizimidan ma’lumotlaringizni (ismingiz, pasport ma’lumotingiz, telefon raqamingiz) so‘raydi. Ilgari bu jarayon avtomatik tarzda kechardi. Endilikda esa har bir tashkilotga ma’lumotlaringizni ko‘rish uchun o‘zingiz ruxsat berishingiz kerak bo‘ladi.
6-fevraldan nimalar o’zgardi?
Ilgari tizim avtomatik ravishda ma'lumot uzatgan — sizdan hech narsa talab qilinmagan. Ammo 6-fevraldan boshlab qoidalar o'zgardi: endi qaysi tashkilotlarga ma'lumotlaringizga kirish huquqini berishingizni va qaysilariga ruxsat bermasligingizni o'zingiz hal qilasiz.
Bu shaxsiy ma’lumotlaringiz xavfsizligini ta’minlash uchun qilingan. Nazorat to‘liq sizning qo‘lingizda: agar bank yoki sug‘urta kompaniyasi pasportingiz va telefoningizni ko‘rishini xohlasangiz — ruxsat berasiz. Xohlamasangiz — rad etasiz.
Hozirda barcha tashkilotlar uchun ruxsat avtomatik tarzda yopilgan. Uni ochish uchun OneID tizimida ruxsatnomalarni sozlash kerak — bu bir necha daqiqa vaqt oladi.
Men uchun nima o’zgardi?
Agar OneID tizimida ruxsatni sozlamasangiz, quyidagilar imkonsiz bo‘ladi:
❌ Muddatli to‘lov olish;
❌ Kredit rasmiylashtirish;
❌ Kredit kartasini ochish.
Boshqa barcha xizmatlar odatdagidek ishlaydi. OneID-ni qayta sozlamasdan turib ham quyidagilarni amalga oshirish mumkin:
✅ Pullarni o‘tkazish va hisoblarni to‘lash;
✅ Amaldagi kreditlarni odatdagidek to‘lab borish;
✅ Omonatlar ochish va yopish;
✅ TBC Salom kartasini rasmiylashtirish.
Endi nima qilish kerak?
Agar yaqin orada kredit, muddatli to‘lov yoki kredit karta olmoqchi bo‘lsangiz — hoziroq ruxsatni sozlab qo‘ying. Bu bor-yo‘g‘i 3 daqiqa vaqt oladi: quyida buni qanday qilish bo‘yicha qo‘llanma keltirilgan.
Agar rejangizda bo‘lmasa — kutib turishingiz mumkin. Ammo kredit yoki boshqa xizmat kerak bo‘lib qolganida,ruxsatni sozlashga to‘g‘ri keladi.
Sozlamasam nima bo’ladi?
Mablag‘laringiz va amaldagi shartnomalaringizga hech narsa qilmaydi. Faqatgina OneID-da ruxsat bermaguningizcha, ayrim yangi xizmatlardan vaqtincha foydalana olmaysiz.
Amaldagi kreditlarimga zarar yetmaydimi?
Yo‘q, yangi tartibning amaldagi shartnomalarga hech qanday ta’siri yo‘q. Avval rasmiylashtirilgan kreditlar va muddatli to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish odatdagi tartibda davom etadi, to‘lovlar esa belgilangan grafik asosida qabul qilinadi. OneID tizimidagi yangi sozlamalar faqatgina yangi kredit mahsulotlarini rasmiylashtirish uchun talab etiladi.
Pul o‘tkazmalari va to‘lovlar odatdagi tartibda ishlaydimi?
Ha, barcha bank o‘tkazmalari hamda xizmatlar uchun to‘lovlar cheklovsiz amalga oshiriladi. Bu uchun OneID tizimini qo‘shimcha sozlash talab etilmaydi.
Bu nima maqsadda joriy etildi?
Bu sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qilish uchun joriy etildi. Endi pasportingiz, telefon raqamingiz va boshqa ma’lumotlarni kim ko‘rayotganini o‘zingiz nazorat qilasiz.
Bankka ma’lumotlaringizni ko‘rish uchun ruxsat berish yoki uni rad etish huquqi faqat sizga tegishli. Berilgan ruxsatnomani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.
Ruxsatni qanday sozlash mumkin?
- MyGov ilovasiga kiring.
- Qidiruv maydoniga “mobile id” deb yozing.
- “Jismoniy shaxslarni Mobile-ID tizimida ro‘yxatga olish” xizmatini tanlang va “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing.
- Tizim pasport raqami va tug‘ilgan sanani avtomatik chiqaradi. Uchinchi maydonga o‘z nomingizga ro‘yxatdan o‘tkazilgan telefon raqamini kiriting.
- SMS-kodni kiriting.
- “MyID orqali tekshirish” tugmasini bosing.
- Verifikatsiyadan o‘tish uchun selfi-identifikatsiya bosqichidan o‘ting.
- Muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tganingiz haqidagi tasdiqni kuting.
Shundan so‘ng, OneID mobile ilovasini (iOS/Android) yuklab oling va hozirgina qo‘shgan raqamingiz orqali Mobile-ID yordamida tizimga kiring.
OneID mobile ilovasida:
- “Boshqaruv” bo‘limini oching.
- Xizmatdan foydalanish shartlarini qabul qiling va “Xizmatni faollashtirish” tugmasini bosing.
- “Mobile-ID yordamida” variantini tanlang.
- Mobile-ID tizimiga kiritgan telefon raqamingizni yozing.
- SMS-kodni kiriting.
Ilovani butunlay yopib, qaytadan oching va yana “Boshqaruv” bo‘limiga kiring.
Qidiruvga TBC Bank, TBC FIN SERVICE va payme deb yozing va har biriga “Ruxsat berish” tugmasini bosing.
Batafsil video-yo‘riqnoma bizning boshqa maqolamizda mavjud.
Sozlashda muammo yuzaga kelsa nima qilish kerak?
Quyidagilarni tekshirib ko‘ring:
Telefon raqami o‘z nomingizdami? Mobile-ID faqat sizning pasportingizga olingan raqamlar bilan ishlaydi. Agar sim-karta qarindoshingiz yoki do‘stingiz nomida bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmaydi.
OneID-ni qayta ishga tushirdingizmi? Birinchi faollashtirishdan so‘ng ilovani yopib, qaytadan ochish kerak. Busiz “Boshqaruv” bo‘limi ochilmasligi mumkin.
Ilovalar yangilanganmi? MyGov va OneID mobile ilovalarining eng so‘nggi versiyasi o‘rnatilgan bo‘lishi shart.
Agar muammo hal bo‘lmasa, 1150 raqami orqali bizning qo‘llab-quvvatlash xizmatimizga murojaat qiling.
