
Valyuta kursi: jarayonlar tahlili va ularning mablag‘laringizga ta’siri
Nataly Fein
Valyuta kursi o‘zgarib turadi lekin narxlarning bunga reaksiyasi har doim ham mantiqiy ko‘rinmaydi: dollar qimmatlashganda narxlar tez ko‘tariladi, u arzonlashganda esa narxlar pasayishga “shoshilmaydi”. Bu jarayonlar nima sababdan yuz berishi va almashuv kursi kundalik hayotimizga qanday ta’sir qilishini ko‘rib chiqamiz.
Valyuti kursi o’zi nima?
Valyuta kursi — bu bir valyutaning boshqa valyutadagi qiymatidir.
Masalan, agar dollar kursi 12 130 so‘m bo‘lsa, bu 1 dollar sotib olish uchun 12 130 so‘m to‘lash kerakligini anglatadi. Agar ertaga 1 dollar uchun 12 500 so‘m so‘ralsa, demak, dollar qimmatlashgan, so‘m esa qadrsizlangan bo‘ladi.
Kurs nima sababdan o‘zgaradi?
Valyuta kursining o‘zgarishi aniq bir sababga bog‘liq emas. Odatda, bu bir vaqtning o‘zida yuz beradigan va bir-biriga ta’sir qiluvchi bir nechta omillar natijasidir. Ba’zan bunga real iqtisodiy voqealar sabab bo‘lsa, ba’zida bozor ishtirokchilarining kutilmalari ta’sir qiladi: odamlar va kompaniyalar turli vaziyatlarda turlicha yo‘l tutishadi — xavotirga tushishadi, xatarlardan himoyalanishga urinishadi yoki, aksincha, xotirjam bo‘lishadi.
Bozor ishtirokchilarining harakatlari sababli ma’lum bir vaqtda bozorda valyuta hajmi kamayishi yoki ko‘payishi mumkin. Kurs aynan shu sababli o‘zgaradi: valyuta faol sotib olinsa — u qimmatlashadi, ko‘proq sotilsa — kurs pasayishi mumkin.
1-misol. Tadbirkor Akmal Dubaydan smartfonlar olib kelib, Toshkentda sotadi. U tovarlarni dollarda sotib oladi, demak, unga xorijiy valyuta kerak. Agar bunday importyorlar ko‘p bo‘lsa, dollarga bo‘lgan talab ortadi va kurs yuqoriga harakatlanadi.
2-misol. O‘zbekistondagi eksportchi kompaniya chet elga yong‘oq sotdi va to‘lovni dollarda qabul qildi. Ammo ish haqi, ijara va soliqlarni so‘mda to‘lashi kerak. Demak, kompaniyaga so‘m olish uchun dollarni sotish kerak. Agar bozorda bunday sotuvlar ko‘paysa, valyuta hajmi ortadi va kurs pasayishi mumkin
Kursga yangiliklar va kutilmagan hodisalar ham ta’sir ko‘rsatadi: iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy vaziyatlar, Markaziy bank qarorlari hamda qayta moliyalash stavkalarining o‘zgarishi. Ushbu omillar sababli biznes va aholining valyuta oldi-sotdisiga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi, bu esa o‘z navbatida kursga ta’sir qiladi.
Nima uchun rasmiy kurs shoxobchalaridagidan farq qiladi?
Rasmiy kursni Markaziy bank e’lon qiladi. U hisob-kitoblar va statistika, masalan, bojxona to‘lovlari va boshqa majburiy davlat to‘lovlari uchun asosiy ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.
Tijorat banklari va ayirboshlash shoxobchalari esa o‘zlarining sotib olish va sotish kurslarini belgilaydilar. Bunda ular o‘z operatsion xarajatlarini hamda kursning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan xatarlarni (risklarni) hisobga oladilar. Sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farq ayirboshlash shoxobchasining xarajatlarini qoplash va zararga kirmasligini ta’minlash uchun zarur.
Shuning uchun, odatda, uch xil ko‘rsatkich bo‘ladi: Markaziy bankning rasmiy kursi, sotib olish kursi — bank sizdan valyutani sotib oladigan narx, sotish kursi — bank sizga valyutani sotadigan narx.
Kursning kundalik hayotga ta’siri
Valyuta qimmatlashganda, odatda import yoki valyuta xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tovarlar narxi oshadi. Masalan: maishiy texnika, dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlarining bir qismi, qadoqlash materiallari, ehtiyot qismlar va yetkazib berish xizmatlari. Hatto mahalliy tovarlar tarkibida ham ko‘pincha "valyuta ulushi" bor: xorijiy uskunalar, xomashyo, yoqilg‘i va logistika.
Ammo kurs tushganda, narxlar odatda sekinroq pasayadi. Bu yoqimsiz bo‘lsa-da, ko‘pincha uning uchta asosiy sababi bor.
Zaxiralar. Do‘kon mahsulotni avvalgi, qimmatroq kurs bo‘yicha sotib olgan. Narxni tushirishdan oldin u ushbu partiyani sotib bo‘lishi kerak.
Xarajatlar. Mahsulot tannarxida nafaqat valyuta kursi, balki ijara, ish haqi, soliqlar va kommunal to‘lovlar ham bor. Ushbu xarajatlar esa kurs bilan birga pasaymaydi.
Moliyaviy xatarlardan himoyalanish. Agar bir haftadan keyin kurs yana ko‘tarilsa, sotuvchi narxni qaytadan oshirishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ko‘p kompaniyalar narxlarni tushirishga shoshilmaydilar yoki vaziyat barqarorlashishini kutadilar.
Kurs tushib ketganda pulni nima qilish kerak
Valyuta kursi keskin o‘zgarganda, eng muhimi — sarosimaga tushmaslik. Avvalo, o‘zingizga ikkita savol bering: mablag‘lar sizga qachon va qaysi valyutada kerak bo‘ladi? To‘g‘ri qaror qabul qilish aynan shu javoblarga bog‘liq.
Agar mablag‘lar joriy xarajatlar yoki yaqin 1–3 oy uchun kerak bo‘lsa: Pullarni so‘mda va tezkor foydalanish imkoniyati bo‘lgan holda saqlang. Bir qismini kundalik xarajatlar uchun naqd ko‘rinishda, qolganini esa bank hisobvarag‘ida, masalan, jamg‘arma hisobida saqlash qulayroq. TBC Bank’da karta qoldig‘iga yillik 20% gacha daromad olish va pullardan istalgan vaqtda foydalanish mumkin.
Agar maqsad valyutaga bog‘liq bo‘lmasa. Masalan, uy ta’mirlash, mebel sotib olish yoki to‘y uchun mablag‘ yig‘ayotgan bo‘lsangiz, pullarni so‘mda saqlash va maksimal yuqori foizli omonatga qo‘yish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqori foiz stavkasi narxlar o‘sishini (inflyatsiyani) qoplashga yordam beradi.
Agar maqsad valyutaga bog‘liq bo‘lsa. Masalan, chet elda o‘qish yoki xorijga sayohat uchun pul yig‘ayotgan bo‘lsangiz, mablag‘ning bir qismini valyutada saqlagan ma’qul. Bu to‘lov vaqti kelganda kurs ko‘tarilishi sizning rejalaringiz buzilmasligini ta’minlaydi.
Valyutani "yostiq ostida" saqlagandan ko‘ra, valyuta omonatiga joylashtirib, yillik 3–5% atrofida daromad olish samaraliroq.
Kurs o‘zgarishini har kuni kuzatish shartmi?
Agar yaqin kunlar ichida valyutada to‘lovlarni amalga oshirishni rejalashtirmayotgan bo‘lsangiz, kursni har kuni kuzatib borishning hojati yo‘q. Ko‘pincha, bu foyda o‘rniga sarosima va xavotirni keltirib chiqaradi.
Kursning keskin o‘zgarishi shoshilinch va o‘ylanmagan qarorlarga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilik tezda valyuta ayirboshlashga harakat qiladi, biroq aynan shu paytda ko‘pchilik valyutani eng yuqori kursda sotib olib, kurs pasayganida zarariga sotish xavfiga duch keladi.
Jamg‘armalaringizning qancha qismi qaysi valyutada va qayerda saqlanishini oldindan belgilab oling va kurs o‘zgarganida oldindan tuzilgan reja asosida harakatlaning.
Byudjet va tejamkorlik
kundalik xarajatlarni boshqarishni va oqilona sarflash yo‘llarini o‘rganamiz



