
Kredit ma’qullanishning yangi shartlari: nimalar o‘zgardi va rad javobini olmaslik uchun nima qilish kerak?
TBC Blog tahririyati
Oylik daromadingiz bor, kredit tarixingiz yaxshi, lekin sizga kredit rad etilishi mumkin. Yoki kredit ma’qullansa ham, pul birdan o‘tkazib berilmasligi mumkin. Chunki 2026-yilda talablar kuchaygan, OneID, E-IMZO, MyID kabi davlat xizmatlari tekshiruvidan o‘tish majburiy qilingan. Bu qoidalar sizga noqulaylik tug‘dirish uchun emas, balki ma’lumot va pullaringizni himoya qilish uchun joriy qilingan. Keling, kreditga ariza berishda ko‘p uchrayotgan xatoliklarni va ularning oldini olish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.
1-xato: daromad yetarli bo‘lsa ham kredit rad etilishi
Bugun banklar nafaqat moliyaviy tarixingizni, balki raqamli ma’lumotlaringiz to‘g‘riligini ham tekshiradi. Ba’zida tizim sizni shunchaki “tanimasligi” mumkin. Buning asosiy sabablari:
Telefon raqami JSHSHIRga biriktirilmagan. Agar raqam tanishingizning nomida bo‘lsa yoki raqam egasining ma’lumotlari eskirgan bo‘lsa, tizim buni aniqlaydi. Natijada ariza rad etilishi mumkin.
Buning oldini olish uchun:
Raqam kimning nomida ekanini tekshiring — aloqa operatoringizga telefon qiling yoki operatorning mobil ilovasidan qarab ko‘ring
- Ma’lumotlar eskirgan bo‘lsa, yangilang
- O‘z nomingizga olingan raqamdan foydalaning
Bu kredit rad etilishining asosiy texnik sabablaridan biri.
Biometrik ma’lumotlar mos emas. Selfi bosqichidan keyin “Xatolik yuz berdi” degan yozuv chiqsa, bu rad javobi degani emas. Tizim MyID orqali yuzingizni davlat bazasidagi rasmingiz bilan solishtiradi. Agar tanib ololmasa, ariza bloklanadi. Tanib ololmaslikning sabablari ko‘pincha oddiy bo‘ladi: rasm yorug‘ emas, yuzga soya tushgan, ma’lumotlar bazasidagi rasm eskirgan yoki ko‘zoynak va bosh kiyim bilan suratga tushilgan.
Tekshiruvdan to‘g‘ri o‘tish uchun:
Yorug‘ joyda rasmga tushing
Ko‘zoynak va bosh kiyimingizni yechib qo‘ying
Rasmingiz eskirgan bo‘lsa, uni MyID orqali yangilang
- Bu qoidalar sizning o‘rningizga hech kim kredit ololmasligi uchun joriy qilingan.
Elektron raqamli imzo (ERI) muddati o‘tgan. Ko‘p uchraydigan holat: “Imzolash” tugmasi ishlamaydi va tizim “qotib qolgandek” ko‘rinadi. Aslida ERIning muddati o‘tgan bo‘ladi. E-IMZO orqali tekshiring. Agar ERI eskirgan bo‘lsa, uni yangilang.
ERIni yangilashning ikki bosqichi:
MyID orqali shaxsingizni tasdiqlang. Bu haqda boshqa maqolamizda batafsil yozganmiz.
- my.gov.uz saytida yangi imzo oling.
Odatda bunga 5–10 daqiqa vaqtingiz ketadi.
Yodda tuting: ERI — bu sizning raqamli pasportingiz. Imzo kalitlari yoki fayllarini hech qachon Telegram orqali yubormang yoki boshqalarga bermang.
2-xato: bir kunda ikkita kredit olishga urinish
Markaziy bank nizomi kuchga kirgach, 2026-yildan tizim yanada qat’iylashadi. Banklar OneID orqali arizalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rib boradi. Siz kredit uchun ariza bersangiz, 24 soat ichida boshqa bankdan onlayn kredit olish vaqtincha bloklanadi. Bu qoida ketma-ket kredit olishga urinadigan firibgarlardan himoyalanish uchun joriy qilingan.
Maslahat: arizani faqat bitta bankda bering va javobni kuting.
3-xato: OneID ruxsat bermasligi
6-fevraldan banklar ma’lumotlaringizni OneID tizimidan avtomatik ololmaydi. Bu huquqni endi o‘zingiz berasiz. Aks holda kredit, muddatli to‘lov yoki kredit karta olib bo‘lmaydi. Bu haqda boshqa maqolamizda batafsil yozganmiz. Mana bu sahifada OneID’da ruxsat berish bo‘yicha yo‘riqnoma bor.
Shunday qilib xatoliklarni ko‘p hollarda tezda to‘g‘rilash mumkin. Chunki bu rad javobi emas, shunchaki qo‘shimcha texnik tekshiruv. Bu choralar ma’lumotlaringiz va pullaringizni himoya qilishda yordam beradi, ular sababli hech kim sizdan beruxsat nomingizga kredit ololmaydi.
