
Daromad, tushum yoki marja: biznesmen o‘z ishini boshqarishida asqatadigan 8 ta atama
Katya Bulgakova
Avtoustaxona egasi oyning muvaffaqiyatli o‘tganiga ishonadi, chunki mijozlar ko‘p, tushum ham yaxshi bo‘ldi. Lekin, ijara va oyliklarni to‘lash vaqti kelganda, baribir pul yetmaydi. Tadbirkor faqat sotuvga qarab, tushum, foyda va pul oqimini adashtirganida shunday bo‘ladi. Ko‘rsatkichlarda adashmaslik uchun asosiy atamalarni ko‘rib chiqamiz.
Tushum
Tushum — bu, sotuvdan tushgan pul, ya’ni mijozlarning tovarlar yoki xizmatlar uchun to‘lagan barcha pullari. Boshqa tushumlar bunga kirmaydi.
Tushumni odatda aylanma deb atashadi. Masalan, bir oyda 100 mln so‘mlik mahsulot sotildi. Sizning tushumingiz yoki aylanmangiz 100 million deyish mumkin. Ikkalasi ham to‘g’ri.
Daromad
Daromad — bu, biznesning ma’lum bir davr mobaynida olgan barcha pullari. Bunga, savdodan tushgan va sotuvga bog’liq bo‘lmagan boshqa tushumlar kiradi.
Masalan, 50 mln so‘mlik mahsulot sotdingiz va binoni ijarasidan 10 mln so‘m pul oldingiz, shunda daromadingiz 60 mln so‘m bo‘ladi.
Foyda
Foyda — bu, ma’lum bir davrdagi barcha xarajatlardan keyin biznesda qoladigan pul. Avval qancha ishlab topganingizni hisoblaysiz, keyin umumiy summadan xaridlar, ijara, ish haqi, soliqlar va boshqa xarajatlarni ayirasiz.
Masalan, yarim yillik daromad 360 million so‘m. Xarajatlar esa 285 million. 75 million — bu, sizning foydangiz.
Amortizatsiya
Uskuna qimmat turadi va bir necha yil xizmat qiladi. Katta xaridni deb oy zarar bilan chiqmasligi uchun uskuna qiymati butun xizmat muddati davomida hisobga olinadi
Masalan, siz 30 mln so‘mga 10 yilga stanok sotib oldingiz. Demak, bu 30 mln so‘mni bir oyning o‘zida to‘liq hisobdan chiqarish emas, 120 oyga taqsimlash kerak. Mana shu amortizatsiya deyiladi.
Tannarx
Tannarx — bu, bitta tovarni ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun sarflanadigan xarajatlar. Bunga ishlab chiqarish uchun ketadigan bevosita xarajatlar va ularsiz ishlay olmaydigan umumiy xarajatlarning bir qismi kiradi.
Masalan, bitta futbolkaning matosi, tikilishi va qadoqlanishi 90 000 so‘m. Lekin ijara va elektr energiyani hisobga olganda, bitta futbolkaning tannarxi taxminan 120 000 bo‘ladi.
Marja
Marja boshqa xarajatlar chiqarib tashlanguncha har bir sotuvdan qancha daromad olishingizni ko‘rsatadi. Bu, sotish narxi va tannarx o‘rtasidagi farqdir.
Marja so‘mda hisoblanadi. Agar o‘sha farq narxga nisbatan foizda hisoblansa, bu marjinallik deyiladi.
Masalan, bir finjon qahvani 30 ming so‘mga sotyapsiz, uning tannarxi 12 000 so‘m. 18 000 so‘mlik farq bu, marja, marjinallik esa narxning 60 foizi.
Zararsizlik nuqtasi
Bunday sotuv hajmida daromadlar xarajatlarga teng bo‘ladi. Na foyda, na zarar bor.
U, “nolga” chiqish uchun ma’lum bir davrda kamida qancha mahsulot sotish kerakligini tushunish, keyin savdo hajmi va narxlarni rejalashtirish uchun kerak.
Masalan, bir oylik xarajatlaringiz 20 mln so‘m. Siz tovarlarni 20% marjinallik bilan sotasiz, ya’ni tannarxni ayirganda, savdodan tushgan pulning 20% boshqa xarajatlar uchun qoladi. Demak, zararsizlik nuqtasiga chiqish uchun siz taxminan 100 million so‘mlik tovar sotishingiz kerak.
Kassa uzilishi
Kassa uzilishi — bu, bajarilgan ish uchun pul hali hisob raqamiga kelib tushmagan, lekin ish haqi, ijara yoki soliqlarni hozir to‘lash kerak bo‘lgan holat.
Masalan, bugun siz xodimlarga oylik to‘lashingiz kerak, lekin mijozdan pul faqat bir haftadan keyin tushadi. Bu, kassa uzilishi.
Faqat atamalarni bilish kifoya emas
Raqamlarni tushunib, ko‘rsatkichlarni muntazam kuzatib borsangiz, biznesni boshqarish osonlashadi: qancha pul keldi, qancha sarflandi va nima qoldi.
TBC Bank’ning tadbirkorlar uchun onlayn xizmatlari pul tushumlari va to‘lovlarni kuzatish hamda pul oqimini nazoratda saqlash imkonini beradi. Biznes uchun hisob raqamini uch daqiqada ochish mumkin.
