Qarzlar va kreditlar

KATM nima va u qanday ishlaydi

Nataly Fein

 

Jamshid muzlatkichni kreditga olmoqchi bo’ldi. Ammo bank rad javobini berdi, chunki uning kredit tarixida hali ham “yopilmagan qarz” ko‘rsatilgan. Aslida esa Jamshid qarzini bir hafta avval to‘liq to‘lagan edi. Shunda savol tug‘iladi: nega bu ma’lumot hali ham KATMda yangilanmagan? Keling, nima uchun bunday bo‘lishi mumkinligini va uni qanday tuzatishni tushuntiramiz.

KATM nima o‘zi?

KATM — bu kredit axborot tahlil markazi.


bu joyda sizning barcha moliyaviy ma’lumotlaringiz saqlanadi: qaysi kreditlarni olgansiz, to‘lovlarni vaqtida to‘laganmisiz yoki kechikishlar bo‘lganmi. Shu ma’lumotlar asosida KATM sizga kredit reytingi beradi. Reyting qancha yuqori bo‘lsa, kelajakda katta miqdordagi va qulay shartlarda kredit olish imkoningiz ham shuncha ko‘p bo‘ladi.


KATM o‘zi hech narsani o‘zgartira olmaydi, u faqat ma’lumotlarni to‘playdi. Agar xohlasangiz, KATMdan kredit tarixingiz bo‘yicha hisobot olishingiz mumkin. Buni yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki KATM rasmiy saytida olish mumkin.

Kredit 3 kun ichida yopiladi

So‘nggi to‘lovni amalga oshirgach, kredit tizimda yopiladi va mobil ilovada ko‘rinmay qoladi. Lekin KATMda bu ma’lumot birdaniga yangilanmaydi.


Agar siz kreditni bugun yopib, ertasi kuni yangisini olishga harakat qilsangiz, bank sizga rad javobi berishi mumkin. Chunki KATM hali “kredit yopildi” degan ma’lumotni olmagan bo‘ladi.


Masalan, agar siz kreditni TBC Bank orqali yopgan bo‘lsangiz, tizim avtomatik tarzda ma’lumotni KATMga yuboradi. Odatda bu jarayon uch ish kunigacha davom etadi: ikki kun — hisobni yopish uchun, yana bir kun — ma’lumotni KATMga uzatish uchun.

Nega KATMdagi ma’lumot yangilanmasligi mumkin

Banklar kreditlar haqidagi ma’lumotlarni maxsus dasturlar orqali yuboradi, KATM esa ularni avtomatik tarzda qayta ishlaydi. Bu jarayonda inson aralashmaydi. Shu sababli ba’zida texnik nosozliklar bo‘lishi mumkin — masalan, tizimda xatolik yoki dasturdagi uzilish. Natijada ma’lumot yetib bormaydi yoki kechikadi.

Agar siz kreditni to‘lagan bo‘lsangiz, lekin KATMda “to‘lanmagan” deb tursa

Agar uch kun o‘tgach ham KATMdagi tarix yangilanmasa — bank bilan bog‘laning.


TBC Bank mijozlari 1150 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bank xodimlari ma’lumotni tekshiradi va kerak bo‘lsa, uni qo‘lda KATMga yuboradi.


Sizga faqat qaysi kredit shartnomasi haqida gap ketayotganini aytish kifoya. Shundan so‘ng bank xodimi o‘sha shartnoma bo‘yicha ma’lumotni topadi. Ma’lumot yangilangach, sizga SMS orqali xabar yuboriladi.

Nega shartnoma raqamini ko‘rsatmasdan faqat ism bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zgartirish mumkin emas?

Ba’zida odamda bir nechta kreditlar bo‘lishi mumkin — turli banklarda. KATMda ularning barchasi alohida ko‘rsatiladi.


Masalan, Jamshidning beshta krediti bor deylik. Agar shunchaki “Jamshid kreditni yopdi” deb ma’lumot yuborilsa, qaysi kredit yopilgani, qaysinisi yo‘qligi aniqlanmaydi. Shuning uchun aniq shartnoma raqamini ko‘rsatish zarur.

Qisqacha: agar KATMda yopilgan kredit haqida ma’lumot bo‘lmasa, nima qilish kerak

  • Kredit yopilgandan so‘ng ma’lumotlar uch kun ichida KATMda yangilanadi. Agar siz bugun kreditni to‘lagan bo‘lsangiz ma’lumotlar 3 kundan keyin yangilanadi. Shunchaki kuting.
  • Agar uch kun o‘tgach ham KATMda ma’lumot o‘zgarmasa — kreditni olgan bankingizga qo‘ng‘iroq qiling. Masalan, TBC Bank mijozlari 1150 raqamiga murojaat qilishlari mumkin. Bank xodimiga shartnoma raqamini ayting — u ma’lumotni tekshiradi va kerak bo‘lsa, uni qo‘lda KATMga yuboradi.
  • Ma’lumot yangilangach, sizga bankdan xabar keladi.