
Kredit karta qanday ishlaydi va u haqida nimalarni bilish muhim
Nataly Fein
Kredit karta foizlar qanday hisoblanadi, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmasligi uchun uni qanday yopish kerak degan savollar va xavotirlarga sabab bo‘ladi. Kredit kartalari qanday ishlashi, bankka pullarni qanday qaytarish va foydalanish qoidalarini ko‘rib chiqamiz.
Kredit karta nima?
Kredit karta — bu bankka tegishli mablag‘lar joylashgan bank kartasi bo‘lib, siz u orqali xaridlar, kommunal xizmatlar, aloqa uchun to‘lovlarni amalga oshirishingiz va sarflangan mablag‘larni keyinroq qaytarishingiz mumkin.
Bank siz uchun karta bo‘yicha oldindan limit — foydalanish mumkin bo‘lgan maksimal summani belgilaydi. Masalan, 10 million so‘m. Ushbu pullarni birdaniga yoki bo‘lib-bo‘lib — xohishingizga ko‘ra sarflashingiz mumkin. Biroq belgilangan limitdan ortiq mablag‘ sarflay olmaysiz.
Bu karta oddiy kreditga o‘xshaydi, lekin boshqacha ishlaydi.
Kredit kartaning oddiy kreditdan farqi nimada?
Kredit karta va oddiy kreditning o‘xshashligi shundaki, siz bank pullaridan foydalanasiz va ularni keyinroq qaytarasiz. Ammo ularning ishlash tamoyili turlicha.
Kredit — bu bir martalik summa. Bank pulni bir marta beradi, siz uni sarflaysiz va grafik asosida asta-sekin qaytarasiz — qaysi sanalarda va qancha to‘lash kerakligini oldindan bilasiz. Kredit to‘liq so‘ndirilmaguncha, ushbu shartnoma bo‘yicha yangi summa olish imkoni bo‘lmaydi.
Kredit karta — bu doimiy limit. Bank karta bo‘yicha limit belgilaydi va siz ushbu pullardan qayta-qayta foydalanishingiz mumkin. Bir qismini sarfladingiz — qaytardingiz — limit tiklandi va yana sarflashingiz mumkin.
Kartaning oddiy kreditdan asosiy farqlaridan biri — agar karta shartlarida foizsiz davr ko‘zda tutilgan bo‘lsa, masalan, TBC Osmon kartasida, u bo‘yicha foizlar hisoblanmasligi mumkin.
Kredit karta bo‘yicha foizlar qanday hisoblanadi?
Kredit karta bo‘yicha foizlar* butun limitga emas, balki faqat siz sarflagan va qaytarishga ulgurmagan summaga hisoblanadi.
Masalan, karta bo‘yicha 10 million so‘m limit belgilangan. Siz 2 million so‘m sarfladingiz — foizlar kartaning butun limitiga emas, balki faqatgina ushbu 2 million so‘mga hisoblanadi.
Agar keyinroq yana 1 million so‘mni ishlatsangiz va ushbu summani so‘ndirmasangiz, foizlar umumiy qarz qoldig‘iga hisoblanadi. Qarzdorlik qancha ko‘p bo‘lsa, foizlar summasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Kredit karta bo‘yicha qarzni qanday qaytarish kerak?
Kredit karta bo‘yicha pullarni qanday qaytarishni o‘zingiz tanlaysiz: butun summani birdaniga so‘ndirish yoki qismlarga bo‘lib to‘lash mumkin.
Masalan, sizda 7 million so‘m limitli kredit karta bor. Siz 2 million so‘m sarfladingiz. Ushbu summani to‘liq qaytarishingiz mumkin — shunda qarzdorlik yopiladi, limit esa yana 7 million so‘mga aylanadi.
Agar butun summani qaytarishning imkoni bo‘lmasa, bank minimal to‘lovni hisoblab beradi — bu qarzning belgilangan muddatda to‘lanishi shart bo‘lgan majburiy qismidir. Bunda siz nafaqat minimal to‘lovni, balki undan ko‘p bo‘lgan har qanday miqdorni o‘zingizga qulay hajmda kiritishingiz mumkin. Bank minimal to‘lov sanasi va qarzdorlik summasini ilovada oldindan ko‘rsatadi — uni o‘zingiz hisoblashingiz shart emas.
Kredit kartani istalgan vaqtda va istalgan summaga to‘ldirish mumkin. To‘lov sanasini kutish yoki faqat minimal badal bilan cheklanish shart emas.
Kredit kartani qanday to‘ldirish mumkin?
Kredit kartani to‘ldirish oddiy kartani to‘ldirishdek oson. Buning bir necha usuli bor — o‘zingizga qulayini tanlang.
Ilova orqali. Eng tez va qulay usul — kredit kartani to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank ilovasi orqali to‘ldirish.
TBC UZ ilovasida buni bir daqiqada qilish mumkin. Kredit karta bo‘limida “To‘ldirish” tugmasi bor — pullar darhol, kechikishlarsiz kartaga tushadi.
Boshqa bank kartasidan o‘tkazma orqali. Tanlangan bank ilovasiga kirib, o‘tkazma amalga oshirilishi kerak bo‘lgan karta raqamini ko‘rsatish kifoya.
Bankomat orqali naqd pulda. Kiritilgan summa qarzdorlikni so‘ndirishga yo‘naltiriladi.
Agar sizga kundalik xarajatlar uchun mablag‘ zaxirasi kerak bo‘lsa — TBC Osmon kredit kartasini rasmiylashtiring. Karta bo‘yicha foizsiz davr amal qiladi, rasmiylashtirish va xizmat ko‘rsatish esa bepul. Shartlar va to‘lovlar jadvalini bank ilovasida kuzatib borish qulay.
*foiz stavkasi har bir mijoz uchun alohida belgilanadi: yillik 0% dan 50% gacha bo‘lishi mumkin. Eng katta summa — 50 mln so‘m. Imtiyozli davr naqd yechish va unga tenglashtirilgan amaliyotlar uchun amal qilmaydi. Naqd yechish uchun komissiya — 3%, lekin kamida 90 ming so‘m bo‘ladi.
