Byudjet va tejamkorlik

Jamg‘armani inflyatsiyadan qanday himoyalash mumkin

Nataly Fein

 

Agar pulingizni naqd ko‘rinishda yoki foizsiz kartada saqlasangiz, vaqt o‘tib unga kamroq narsa sotib olasiz. Sababi oddiy — narxlar o‘sadi, pul esa joyida turadi. Buni oldini olishning uchta yo‘li bor: omonat, valyuta va oltin. Qaysi biri sizga mosligini birga ko’rib chiqamiz.

Nega naqd pul eng yomon variant

Ko‘pchilik jamg‘armalarini naqd pulda saqlaydi. Pul doim qo‘l ostida bo‘ladi va bu yo’l ishonchliroq tuyuladi. Lekin naqdning salbiy tomoni bor: narxlar oshganda pul miqdori u bilan birga ko‘paymaydi. Masalan, 8 million so‘mlik muzlatgichga pul yig‘asiz. Summani to‘plash vaqtida narx 9 milliongacha ko‘tarilishi mumkin va maqsadingiz yana uzoqlashadi. Shuning uchun pulni foiz keltiradigan joyda saqlash ancha foydaliroq.


Omonat yoki jamg‘arma. Eng oddiy va tushunarli yo‘l. Pul bankda turadi va foiz olib keladi. Shartlari turlicha bo‘ladi: ba’zilarida pulni xohlagan payt yechish mumkin, boshqalari esa ko‘proq foiz taklif etadi  

Buning afzalligi shundaki, shartlar oldindan ma’lum bo’ladi. Siz stavkani, muddatni ko‘rasiz va kerakli sanagacha taxminan qancha olishingizni tushunasiz. Agar omonat foizi yillik inflyatsiyadan yuqori bo‘lsa, pulingiz narxlar ortidan yetib boradi.


Masalan, 2025-yil noyabrida O‘zbekistonda inflyatsiya taxminan 7,5% bo’lgan. Omonat bo‘yicha foiz stavkasi shartlarga qarab yilliga 22 foizgacha yetishi mumkin.


Valyuta. Agar xarajatlaringiz asosan so‘mda bo‘lsa, jamg‘armaning katta qismi ham so‘mda bo‘lgani ma’qul. Valyuta esa dollarda yoki yevroda aniq rejalaringiz bo‘lsa qulay: o‘qish, safar, davolanish yoki kursga bog‘liq xaridlar.


Lekin kurs ham o‘zgarib turadi. Masalan, 2024-yil dekabrida 1 000 dollar uchun taxminan 12,6 mln so‘m olish mumkin edi, 2025-yil dekabrida esa 12,1 mln bo‘ldi. Farqi 500 ming so‘m. Shuning uchun valyuta har doim ham so‘mdagi narxlar o‘sishidan himoya qilavermaydi.


Agar baribir valyutada saqlasangiz, uni shunchaki uyda emas, balki valyuta hisobida yoki omonatda tutgan ma’qul — shunda kam bo‘lsa sizga foiz ishlab beradi.


Oltin. Uzoq muddat uchun variant. Agar pulni bir necha yil davomida ishlatmasangiz, mos keladi. Qisqa muddatda esa narxi pasayib ketishi mumkin, shuning uchun tez-tez sotib-olishga qulay emas.


Taqinchoqlar jamg‘arma uchun mos kelmaydi. Zargarlik buyumlarining sotuvda narxi tushadi, shuning uchun sarflangan pulni qaytarish qiyin. Jamg‘arma uchun odatda banklardagi oltin quymalar yoki investitsion tangalar ishlatiladi. Ularni bankdan sotib olib, yana o‘sha yerning o‘zida qayta sotish mumkin.


Oltin foiz bermaydi — daromad faqat qimmatga sotilganda bo‘ladi. Shuning uchun uni jamg‘armaning kichik bir qismi sifatida va faqat uzoq muddatga ishlatish to‘g‘ri..

Sizga mos keladiganni qanday aniqlash mumkin

Omonat, valyuta va oltin orasida tanlash uchun iqtisodiyotni chuqur bilish shart emas. O‘z vaziyatingizni hisobga olishning o‘zi yetarli.

Barcha holatlar uchun faqat bitta variantni tanlash shart emas. Turli usullarni birlashtirsa ham bo’ladi: mablag‘ning bir qismini hisobda yoki yechib olish mumkin bo‘lgan omonatda saqlash, boshqa qismini muddatli omonatga qo‘yish, valyutadagi qismini esa faqat valyutadagi xarajatlar yoki maqsadlar uchun saqlash.


 

Vaziyatingiz

Nimani tanlash kerak

Nima uchun

Pul istalgan vaqtda kerak bo‘lishi mumkin

Qisman yechib olish imkoniyatiga ega jamg‘arma yoki omonat

Pul bor, qoldiqqa foiz hisoblanadi

Bir necha oy yoki bir yildan keyin aniq sanaga pul kerak bo‘ladi

Muddatli omonat

Shartlar va muddat oldindan ma’lum: siz summani qachon olishingiz va qancha foiz hisoblanishini tushunasiz

Bir necha yil pulga tegmaysiz

Muddatli omonat + xohishga ko‘ra oltinda kichik qism

Uzoq muddatga qulayroq shartlar bilan omonatni tanlash mumkin. Oltinni oz miqdorda qo‘shimcha sug‘urta sifatida qo‘shish mumkin.

Yirik maqsad yoki valyuta xarajatlari

Yirik maqsad yoki valyuta xarajatlari

Siz jamg‘armangizning bir qismini sarflaydigan valyutangizda saqlaysiz va to‘lov paytidagi kursga kamroq bog‘liq bo‘lasiz

Hamma pulni bitta joyda saqlash shart emas. Odatda aralashtirib yuritish qulayroq bo‘ladi: bir qismini xohlagan payt olish mumkin bo‘lgan hisob yoki omonatda, bir qismini muddatli omonatda, valyutadagi jamg‘armani esa faqat dollarda yoki yevroda bo‘ladigan xarajatlar va aniq maqsadlar uchun qoldirasiz.


Agar juda oddiy yechimni istasangiz, kichik qadamlardan boshlang: katta summalarni naqd holda saqlamay, ularni maqsadlariga qarab bo‘lib qo‘ying. Shunda pulning bir qismi har doim qo‘lingiz ostida bo‘ladi, bir qismi foiz ishlab turadi va siz narxlar o‘sishi hamda kurs tebranishlariga kamroq bog‘lanib qolasiz.