Qarzlar va kreditlar

Nega kredit ma’qullansa ham uni olib bo‘lmayapti?

TBC Blog tahririyati

 

Siz kredit olsihga ariza topshirdingiz, ijobiy javob oldingiz, lekin mablag‘ tushmayapti va “o‘z-o‘zini taqiqlash” haqida bildirishnoma chiqmoqda. Demak, avvalroq siz o‘zingiz kredit shartnomalarini tuzishga taqiq o‘rnatgansiz.

Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasi (iOS / Android) orqali yoqiladi. Ushbu taqiq sizning roziligingizsiz hech kim nomingizga kredit rasmiylashtira olmasligi uchun mo‘ljallangan. Taqiq faol bo‘lgan vaqtda ariza topshirish va hatto ijobiy javob olish mumkin, lekin tizim kredit berishga yo‘l qo‘ymaydi.


Agar siz haqiqatan ham kredit olmoqchi bo‘lsangiz, ushbu taqiqni my.gov.uz orqali yechishingiz kerak. Bank uni sizning o‘rningizga o‘chirib bera olmaydi. Buni qanday qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnoma:

1-qadam

MyGov ilovasiga kiring va kirish tugmasini bosib, avtorizatsiyadan o‘ting. So‘ngra ma’lumotlarni kiriting. Buning uchun pasport seriyasi va raqami, tug‘ilgan sanangizni kiritishingiz hamda MyID orqali (yuzni suratga olish yordamida) tizimga kirishingiz lozim. Jarayon avtomatik tarzda boshlanadi.

2-qadam

Qidiruv satriga xizmat nomini kiriting. Uning to‘liq nomi: “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash”. Shunchaki “kredit” deb yozsangiz ham bo‘ladi — shunda xizmatni bo‘limlar ichidan qidirgandan ko‘ra topish osonroq.

3-qadam

Xizmatni oching. Sahifada joriy holat (status) ko‘rsatiladi. Agar “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yilgan” deb yozilgan bo‘lsa, demak cheklov faol.

4-qadam

Qizil rangli “Xizmatni o‘chirish” tugmasini bosing.

5-qadam

Tizim sizdan yana bir bor MyID orqali tasdiqlashni so‘rashi mumkin — bunda selfi tushish kerak bo‘ladi. Bu harakatni aynan siz bajarayotganingizga ishonch hosil qilish uchun kerak bo‘lgan biometrik tekshiruvdir. So‘ngra “Tasdiqlash” tugmasini bosing.

6-qadam

Agar hammasi muvaffaqiyatli yakunlansa, status “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yilmagan”ga o‘zgaradi. Bu taqiq yechilganini anglatadi.

Cheklovni olib tashlaganingizdan keyin kreditga yana bir bor ariza yuboring. Jarayon to‘liq to‘g‘ri ishlaydi.


Kreditlardan o‘z-o‘zini taqiqlash — bu himoya vositasidir. Uni faqat o‘zingiz kredit olmoqchi bo‘lganingizdagina o‘chiring. Hech qachon OneID ma’lumotlaringizni boshqalarga bermang va kimningdir iltimosi bilan identifikatsiyadan o‘tmang. Zarurat tug‘ilganda taqiqni xuddi shu bo‘lim orqali qayta yoqishingiz mumkin.