
Markaziy bank nomidan kelgan soxta “antivirus”ni qanday aniqlash mumkin?
TBC Blog tahririyati
Telegram orqali Android uchun “rasmiy antivirus”ga havola tarqala boshladi. Ba’zida u “OR Markaziy Bank” deb ataladi va Markaziy bank rasmiy ilovasiga o‘xshaydi. Aslida bu zararli virus. U firibgarlarga telefoningiz, undagi SMS kodlar va bank ilovalarini qo‘lga kiritishga yordam beradi. Hech qanday bank yoki davlat idorasi messenjerlar orqali ilovalarni o‘rnatish uchun havolalar yubormaydi.
Sxema qanday ishlaydi?
Sizga notanish odam aloqaga chiqadi va o‘zini bank yoki xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtiradi. U “hisobingiz hujum ostida” yoki “telefoningizga virus tushgan” deb aytadi va “pullarni himoya qilish” uchun zudlik bilan “rasmiy antivirus”ni o‘rnatishni taklif qiladi. Keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri chatga yuklab olish uchun havola yuboradi.
Nima uchun bunday “antivirus”ni o‘rnatib bo‘lmaydi?
Bu ilova telefonni himoya qilmaydi. Aksincha — u firibgarlarga ma’lumotlar va pullarni o‘g‘irlashga yordam beradi.
Agar bunday ilovani o‘rnatsangiz, firibgarlarga telefoningizga kirish va pullaringizni o‘g‘irlashga o‘zingiz yordam berasiz. Chunki bu ilova:
Bir martalik kodlar va bildirishnomalarni ushlab qoladi. Ya’ni, o‘tkazmalarni tasdiqlash va ilovalarga kirishda siz ishtirok etmaysiz.
Bank ilovalari ustidan soxta sahifalarni ko‘rsatadi. Siz o‘z bankingiz ilovasiga parol yoki PIN kod kirityapman deb o‘ylaysiz, aslida esa uni firibgarlarga ma’lumotlarni jo‘natadigan "soxta oyna"ga kiritayotgan bo‘lasiz.
O‘rningizga telefoningizdan foydalanadi. Ko‘pincha tunda, siz uxlayotgan paytingizda firibgarlar ilova yordamida pullarni o‘tkazishlari, xaridlar qilishlari va sozlamalarni o‘zgartirishlari mumkin.
Tanishlaringizga yozish. Kontaktlaringiz orqali ilova sizning nomingizdan ulardan pul undirish yoki ularga ham xuddi shunday ilovani o‘rnatishni taklif qilib yozishlari mumkin.
Soxta ilovani o‘rnatish — bu telefon va undagi barcha ma’lumotlar, bank ilovalari va shaxsiy ma’lumotlar ustidan nazoratni yo‘qotish xavfidir.
Soxta ilovani qanday aniqlash mumkin?
Aslida bu oson. Ikkita qoidani eslab qoling.
1. Markaziy bank hech qachon odamlarga messenjerlar orqali yozmaydi.
2. Markaziy bank hech qachon Telegram va SMS orqali ilovalar yoki "himoya dasturlari"ni o‘rnatish uchun havolalar yubormaydi.
Sizga shunday xabar kelgan bo‘lsa, demak bu firibgarlar. Hatto xabar "rasmiy" ohangda bo‘lsa ham, rasmda bank logotipi bo‘lsa ham va u “OR Markaziy Bank” deb nomlansa ham uni yuklab olmang.
Siz bilan firibgarlar gaplashayotganining yana bir belgisi — bu bosim. Sizni shoshiltirishadi, qo‘rqitishadi va fojiani tasvirlashadi: “ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashmoqda”, “pullarni hozir yechib olishadi”, “bank hisobi hujum ostida”. Shundan keyin “ishonchli himoya”ni, ko‘pincha ilovani o‘rnatishni taklif qilishadi. Markaziy bank xodimlari hech qachon bunday qilishmaydi.
Agar havola kelsa, nima qilish kerak?
Havolalar ustiga bosmang, chatlardan hech narsa yuklamang va o‘rnatmang. Rasmiy ilova orqali bankning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozing yoki rasmiy saytidagi raqamga qo‘ng‘iroq qiling. Bank xodimlari akkaunt xavfsizligini qanday tekshirishni va nima qilish kerakligini tushuntirishadi.
Agar ilovani o‘rnatgan yoki o‘rnatishni boshlagan bo‘lsangiz, nima qilish kerak?
Tez harakat qiling:
1. Internetni o‘chiring: Wi-Fi va mobil internetni o‘chiring yoki aviaparvoz rejimini yoqing. Shunda siz ma’lumotlar uzatilishini va “qo‘shimcha modullar” o‘rnatilishini to‘xtatasiz.
2. Sozlamalar → Ilovalar orqali yuklangan ilovani o‘chiring. Ba’zida u yashirin bo‘ladi va asosiy ekranda ko‘rinmaydi, lekin o‘rnatilgan ilovalar ro‘yxatida u baribir ko‘rinadi.
3. Ilovalar ro‘yxatini tekshiring: Shu kuni paydo bo‘lgan yoki shubhali ko‘ringan barcha ortiqcha ilovalarni o‘chirib tashlang.
4. Boshqa telefon orqali bank ilovasi va Telegram parolini o‘zgartiring.
5. Bank bilan bog‘laning. Ilovadagi qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali oxirgi operatsiyalarni tekshirishni va kerak bo‘lsa, o‘tkazmalarni vaqtincha cheklashni yoki kartani bloklashni so‘rang.
Kelajakda nima qilish kerak?
Firibgarlar doim yangi usullarini o‘ylab topadi. Bugun bu “Markaziy bankdan antivirusi”, ertaga “xavfsizlikni tekshiruvi”, yana boshqa kuni esa “hisobni himoya qilish uchun yangilanish” bolishi mumkin.
Oddiy qoidalarni eslab qoling:
Telegram va SMS’dagi havolalar orqali hech narsa o‘rnatmang. Rasmiy ilovalarni faqat telefoningizdagi ilovalar do‘konidan oling. Agar shubhalansangiz, bankning rasmiy saytidagi havola orqali do‘konga o‘ting.
Bosim ostida shoshilinch qaror qabul qilmang. Shoshqaloqlik va xavotir sizga emas, firibgarlarga kerak. Rasmiy kanallar orqali bank bilan albatta bog‘laning. Bu pullaringizni har qanday “antivirus”dan ko‘ra yaxshiroq himoya qiladi.
Ma’lumotni rasmiy manbalar orqali tekshiring. Chat orqali, Telegram’dagi “mutaxassis” yoki sizga yuborilgan raqam orqali ham emas. O‘zingizning rasmiy bank ilovangizni oching, operatsiyalarni ko‘ring va o‘sha yerning o'zida qo'llab-quvvatlash xizmatiga yozing.
Qisqacha: “Markaziy bank antivirusi” haqida nimalarni bilish kerak?
Agar sizga Markaziy bank nomidan yozishsa va “himoya ilovasi” o‘rnatish uchun havola yuborishsa — bu feyk. Markaziy bank mijozlarga messenjerlar orqali yozmaydi va ularga ilovalarni o‘rnatish bo‘yicha havolalar tarqatmaydi.
Havolalar ustiga bosmang, chatlardan ilovalarni yuklamang va o‘rnatmang. Har qanday shubhali ma’lumotlarni bankning rasmiy kanallari orqali tekshiring.
