Byudjet va tejamkorlik

Kartani bloklashning 4 usuli

Nataly Fein

23 September3 daqiqalik o‘qish

Karta bloklanishi yoki muzlatilishi bilan barcha operatsiyalar ham toʻxtaydi. Agar kartangizni yoʻqotib qoʻysangiz yoki undan kimdir pul yechganini sezsangiz, uni darhol bloklang. Buni qanday qilishni ushbu maqolada tushuntirdik.

Muzlatish yoki bloklash: farqi nimada?

Bank ilovalarida kartani “muzlatish” va “bloklash” variantlari uchrashi mumkin. Bu ikki termin bir-biridan farq qiladi.

Muzlatish — bu vaqtinchalik chora. Karta ishlashda toʻxtaydi: u bilan toʻlov qilib yoki undan pul yechib boʻlmaydi. Lekin hisobraqam va kartaning oʻzi faolligicha qoladi: uni ilova orqali istalgan payt “muzdan chiqarish” mumkin. 

Bloklash — oʻzgartirib boʻlmaydigan harakat. Kartani tiklab boʻlmaydi, yangisini ochishga toʻgʻri keladi. Lekin pullar saqlanib qoladi va yangi karta balansiga oʻtkazib beriladi.

Agar bank ilovasida faqat kartani bloklash knopkasi boʻlsa, koʻpincha bu aynan muzlatishni anglatadi. Masalan, TBC UZ ilovasida “bloklash” kartaning faoliyatini toʻxtatib turish degani — xohlagan payt yana yoqish va foydalanish mumkin. Agar kartani butunlay oʻchirish kerak boʻlsa, bankning qoʻllab-quvvatlash xizmati bilan bogʻlanishga toʻgʻri keladi.

Qaysi hollarda kartani bloklash kerak?

Agar karta yoʻqotilsa yoki begona kishilarning qoʻliga tushishi mumkin boʻlsa, uni bloklagan ma’qul. Masalan:

 

  • kartani aniq uydan tashqarida yoʻqotdingiz;
  • kartaning raqami va CVV kodini boshqa kishiga aytib qoʻydingiz;
  • ID karta, FIO, MyGov saytidagi parol kabi shaxsiy maʻlumotlarni boshqalarga aytdingiz;
  • bu kartadan boshqa hech qachon foydalanmaysiz.

Sanab oʻtilgan hollarda kartani darhol bloklab, yangisini chiqarish tavsiya qilinadi.

Qachon kartani muzlatish mumkin?

Noxush holatlarning oldini olish uchun kartani muzlatib qoʻysa boʻladi. Masalan:

 

  • karta uyda yoʻqolganini aniq bilasiz, lekin hozircha topolmayapsiz;
  • uzoq safarga ketishdan oldin kartani uyda qoldirdingiz va boshqalar undan foydalanishidan xavfsirayapsiz;
  • internetdagi xaridlar yoki obunalardan xavotirdasiz va tasodifan pul yechilishini xohlamaysiz;
  • sarflashni emas, pul yigʻishni istaysiz.

 

Kartani xohlagan payt ilovada yana yoqish va undan foydalanishda davom etish mumkin. 

Muammoli holatda kartani qanday tez bloklash mumkin?

1-usul: bank mobil ilovasi orqali

Eng tez va oson yoʻl. Kartalar boʻlimiga kirasiz, kerakli kartani tanlaysiz va sozlamalarda “Bloklash” knopkasini bosasiz. Karta shu zahoti ishlashda toʻxtaydi: u bilan doʻkonlarda toʻlov qilolmaysiz yoki boshqalarga pul oʻtkazolmaysiz.

Lekin pullaringiz balansingizda qoladi. Ularni internet banking orqali boshqa hisobraqamga oʻtkazishingiz mumkin. Yoki ilovada virtual karta chiqarib, xaridlar uchun undan foydalansangiz boʻladi.

Baʻzi banklarda biometriya, SMS yoki pin kod orqali qoʻshimcha tasdiqlash bosqichi ham boʻlishi mumkin.

Masalan, TBC UZ ilovasida karta mana shunday oddiy bloklanadi:

2-usul: bankning aloqa markazi orqali

Bankning mijozlar bilan aloqa xizmatiga telefon qiling — raqami kartaning teskari tomonida yoki saytda koʻrsatilgan boʻladi. Operator shaxsingizni tasdiqlash uchun savollar beradi va keyin kartani bloklaydi. Bu usul internetingiz boʻlmasa yoki ilovadan foydalana olmasangiz qulay. Firibgarlarga uchramaslik uchun faqat rasmiy raqamlarga qoʻnʻgiroq qiling. 

TBC Bank bilan bogʻlanish uchun raqamlar  — +998 78 777 27 27  yoki qisqa 1150. Xizmat tun-u kun ishlaydi.

3-usul: internet bank orqali

Agar siz onlayn bankni kompyuterda ishlatsangiz, kartangizni shaxsiy kabinetning oʻzida bloklashingiz mumkin. Tizimga kiring, kartalar boʻlimini oching va “Bloklash” tugmasini bosing. Baʻzi hollarda SMS yoki bir martali kod bilan tasdiqlash kerak boʻladi.

Agar mobil ilova yoʻq, lekin internet bor boʻlsa, shu usuldan foydalanish qulay.

4-usul: bank boʻlimida

Agar sizda na internet, na telefon boʻlsa, kartani bankning boʻlimida bloklashingiz mumkin. Bankka pasport bilan boring — usiz yordam berisholmaydi.

Bu usulning kamchiligi vaqt yoʻqotilishida. Agar kartangiz firibgarlar qoʻlida boʻlsa, siz bankka borguningizcha, hamma pullaringizni yechib olishlari mumkin. Shuning uchun bu usulni eng oxirgi chora sifatida koʻrgan maʻqul.

Eng muhimi — karta boʻyicha operatsiyalarni vaqtida toʻxtatish. Agar yangi karta chiqqunicha pulimdan foydalana olmayman, deb xavotirlansangiz, virtual karta oching — bank mablagʻlarni unga oʻtkazib beradi. Virtual kartani bir-ikki daqiqa ichida onlayn ochish mumkin, keyin undan ilovadagi toʻlovlarda, doʻkonlarda yoki pul oʻtkazish uchun foydalansa boʻladi.