Qarzlar va kreditlar

O‘zbekistonda biznes uchun pulni qayerdan olish mumkin: 6 ta variant

Nataly Fein

 

Kafe, ustaxona, studiya yoki kichik fabrikani yo‘lga qo‘yish uchun dastlab ta’mir, uskunalar, xomashyo, ijara, reklama va ish haqlari uchun mablag‘ kerak. Bu pulni bir vaqtning o‘zida topish oson emas, lekin imkonsiz ham emas. Biz O‘zbekistonda tadbirkorlar biznesni boshlash yoki kengaytirishda amalda foydalanayotgan oltita usulni jamladik.

Avval xarajatlarni hisoblang

Pul qidirishdan oldin, start uchun qancha pul kerakligini tushunish muhim. Bu, moliyalashtirishning kerakli variantini tanlashga yordam beradi.


Kelajakdagi xarajatlarni yozib, ularni 3 guruhga bo‘ling:


1. Bir martalik — ta’mirlash, uskunalar olish, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, saytni ishga tushirish va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifani rasmiylashtirish uchun qancha pul kerak.
2. Har oylik — ijara, kommunal to‘lovlar, xomashyo sotib olish, ish haqi, soliqlar va reklama uchun har oyda qancha pul sarflanadi.
3. Dastlabki oylar uchun zaxira — biznes boshida daromad keltirishi qiyin albatta, zaxira kerak. Novvoyxona, go‘zallik saloni yoki “uy oldidagi do‘kon” kabi kichik formatlar uchun kamida uch oylik xarajatlarni oldindan hisobga oling. Agar biznes qimmat uskunalarni talab qilsa va savdoingiz davri uzoq bo‘lsa, 6-12 oylik zaxirani rejalashtirgan ma’qul.  

 

Bu hisob-kitoblar sizga ham, siz pul so‘raydigan odamlarga ham foydali bo‘ladi: ular biznesni qanday rivojlantirishni rejalashtirayotganingizni va qanday xatarlarni o‘z zimmangizga olishga tayyorligingizni ko‘rishlari muhim.

№1. Biznesingizga sarmoya kiritadigan hamkorni toping

Hamkor — bu, pul, tajriba yoki aloqalarini kiritib, biznesdan ulush oladigan shaxsdir. Hamkorlar ko‘pincha tanishlar, hamkasblar, sobiq ish beruvchilar orasidan yoki biznes uchrashuvlari va kasbiy tadbirlarda izlanadi.


Aytaylik, siz novvoyxona, go‘zallik saloni yoki kichik ustaxona ochmoqchisiz: sizda g’oya va barchasini qanday tashkil qilish haqida tushuncha bor, lekin boshlang’ich kapital yetishmayapti. Siz, biznesga pul tikishga va evaziga undan ulush olishga tayyor bo‘lgan odamni topasiz.


Hamkor bilan qanday ishlashingizni kelishib oling. Masalan, siz biznes ishlari bilan shug’ullanasiz, hamkor esa moliyaviy yordam va aloqalar bilan ko‘maklashadi. Sotuv masalasini o‘z zimmangizga olasiz, hamkor esa xodimlarni yollash va kompaniyani rivojlantirish ishlarini bajaradi. Hamkor faqat pul kiritib kundalik faoliyatda qatnashmaydigan hollar ham bo‘ladi. Biznesdagi rollaringizni bir xil tushunishingiz muhim.


Barcha kelishuvlarni yozma ravishda rasmiylashtiring. Nizoli vaziyatlarda shartnoma manfaatlaringizni himoya qilishga yordam beradi.

№ 2. Loyihangiz uchun grant olishga urinib ko‘ring

Grant — bu, dastur shartlarini bajarganingizda qaytarilmaydigan pul. Grand, odamlarga va iqtisodiyotga foyda keltiradigan loyihalarga beriladi: ish o‘rinlari yaratish, hududlarni rivojlantirish, yoshlar hamda ayollarga ko‘maklashish, ekologiyani yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy etish.


Quyidagi hollarda grantga da’vogarlik qilish mumkin:

 

  • ijtimoiy, ta’lim yoki ekologik loyihani yo‘lga qo‘yish
  • hududda biznesni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarini ochishni rejalashtirish.
  • yoshlar, ayollar, qishloq aholisi yoki himoyaga muhtoj guruhlar bilan ishlash


Grant olish uchun puxta o‘ylangan loyiha kerak. Arizada g’oya, maqsad, harakatlar rejasi, byudjet va natijani belgilang: loyihani amalga oshirgandan keyin nimalar o‘zgarishini ko’rsating.


Grant bo‘yicha berilgan pullarni faqat dastur shartlarida ko‘rsatilgan maqsadlarga sarflash mumkin: jihozlar, ijara, o‘qitish, jamoa maoshlari va reklama xarajatlari. Ularni boshqa xarajatlarga ishlatish taqiqlangan — bu qat’iy nazorat qilinadi va shartlar buzilgan taqdirda pulni qaytarishni so‘rashlari mumkin.


Grantlarni qayerdan izlash mumkin. O‘zbekistonda BMT, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlarning grant dasturlari bor. Ular “yashil” iqtisodiyotini, ayollar tadbirkorligini, yoshlar loyihalarini, ta’lim va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Hukumat grantlari ham bor.

№ 3. Kraudfanding orqali pul yig’ing

Kraudfanding — bu, ijtimoiy tarmoqlar yoki maxsus onlayn platformalar orqali loyiha uchun pul yig’ish usuli. G’oyangiz haqida aytib berasiz, kerakli summani ko‘rsatasiz va odamlardan sizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raysiz. Bunga javoban ular turli bonuslar olishadi: mahsulotdan ertaroq foydalanish imkoniyati, tadbirga taklif, ramziy sovg’a, masalan merch. Yoki odamlar loyihani muhim deb hisoblaganlari uchun, sizni beg’araz qo‘llab-quvvatlashadi.


Kraudfanding agar tushunarli mahsulot yaratayotgan bo‘lsangiz sizga mos keladi: kitob, o‘yin, kiyim-kechak, aksessuarlar, texnika, oshpazlik to‘plamlari yoki ta’lim materiallari kabi mahsulotlar uchun. Odamlar sizning nima qilayotganingizni ko‘rishlari va loyihani oldindan qo‘llab-quvvatlashni istashlari kerak.


Kraudfanding faqat boshlang’ich kapital uchun emas, balki loyihaga qiziqish borligini ham tekshirishga yordam beradi: agar odamlar oldindan to‘lashga rozi bo‘lsalar, bu g’oya ularga yoqqanini anglatadi.


Kraudfanding ishlashi uchun quyidagilar muhim:

 

  • g’oyani chiroyli va tushunarli tarzda taqdim etish — fotosuratlar, misollar, loyiha tarixi.
  • bonuslarni belgilab olish — inson sizni qo‘llab-quvvatlashi evaziga nimaga ega bo‘lishini aniqlashtirish.
  • loyiha yangilanishlari haqida ma’lumot berish — ish qanday ketayotgani va pul nimaga sarflanayotganini ko‘rsatish.  
  • agar xalqaro auditoriyaga chiqishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, ingliz tilidagi versiyasini tayyorlang.


Qayerga borish kerak. Kickstarter va Indiegogo kabi xalqaro platformalariga.
Agar ijtimoiy tarmoqlarda auditoriyangiz bo‘lsa, u yerda ham habar bering. Toshkentdagi Human House galereyasi asoschisi Lola Sayfi shunday qildi — u, Facebook’dagi shaxsiy sahifasida uyni madaniy makon uchun sotib olish rejalari haqida gapirdi. Odamlar bunga javob berishdi va har kim imkoniyatiga qarab pul yubordi.

№ 4. Xususiy investor yoki fonddan investitsiyalarni jalb qiling

Investitsiyalar — bu, shaxs yoki fond sizning biznesingizning tezroq o‘sishi uchun mablag’ kiritishidir. Investor kundalik jarayonlarga aralashmaydi va operatsion ishlarni boshqarmaydi. Uning asosiy umidi — loyihaning bir necha barobar o‘sib, foyda keltirishidir.


Bu variant o‘sish imkoniyatiga ega mahsulotlarga ega bo‘lganlar uchun mos: texnologik xizmatlar, onlayn platformalar, IT-yechimlar va kengaytirish mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari. Go‘zallik saloni, kichik novvoyxona yoki “uy oldidagi do‘kon” kabi kichik formatlar uchun ko‘pincha hamkorlik, subsidiyalar yoki kredit olish foydaliroq.


Investorni jalb qilish uchun quyidagilar kerak:

 

  • tushunarli mahsulot — faoliyatingiz qanday va bu kimga foydali bo‘ldi
  • yaxshi hisoblangan iqtisodiy jihat — sotuvlar, xarajatlar, kelgusi yillar bo‘yicha taxminiy raqamlar.
  • moliyaviy model — foyda qayerdan keladi va nima hisobiga o‘sadi
  • investitsiyalardan foydalanish rejasi — pulni nimaga yo‘naltirasiz: jamoa, jihozlar, marketing, ishlab chiqish. 


Investorni qayerdan izlash kerak. Investorlar startap tanlovlari, taqdimot sessiyalarida, biznesni rivojlantirish va inkubatsiya dasturlarida hamda sohaga oid biznes uchrashuvlarida izlanadi. Mahsulotingiz haqida qanchalik aniq ma’lumot bersangiz va raqamlarni ko‘rsatsangiz, xususiy investor yoki venchur fondining unga qiziqishi shunchalik yuqori bo‘ladi.


Investor nafaqat pul bilan, balki aloqalar, tajriba, biznes uchun yangi imkoniyatlar orqali ham yordam berishi mumkin. Lekin, quyidagini yodda tutish kerak: siz investitsiyalarni jalb qilsangiz, kompaniyaning bir qismini berib, umumiy rivojlanish yo‘liga rozi bo‘lasiz degani. Investor uchun biznes tushunarli reja asosida tez o‘sishi muhimdir.


2025-yilda Qarshi shahridagi Yammiy startapi — mahalliy qandolatchilar bilan bevosita hamkorlik qiladigan shirinliklar tez yetkazib berish xizmati 15 000 dollar investitsiya jalb qildi. Jamoa Startup Garage akseleratsiya dasturidan o‘tib, mahsulotni takomillashtirdi va g’oyadan jiddiy biznesga o‘sishga yordam beradigan qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ldi.

№ 5. Davlatdan subsidiyani oling

Subsidiya — davlat tomonidan aniq xarajatlar uchun beriladigan yordam. Undan yakka tartibdagi tadbirkorlar, hunarmandlar, o‘zini o‘zi band qilganlar va kichik korxonalar foydalanishlari mumkin. Qo‘llab-quvvatlash dasturi shartlariga mos keladigan shaxslarga pul beriladi, faqat aniq ehtiyojlar ro‘yxati bo’lishi shart: jihozlar, ijara to‘lovi, o‘qitish xarajatlari, ba’zida esa xomashyo yoki ish haqining bir qismi uchun.


Davlat kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida o‘z faoliyatini boshlayotgan yoki rivojlantirayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlar subsidiya olishlari mumkin. Masalan, tikuvchilik ustaxonasi, go’zallik saloni, poyabzal yoki texnika ta’mirlash ustaxonasi, kichik novvoyxona, fotostudiya, mini-atelye, qishloq xo‘jaligi loyihasi kabi kichik korxonalar.


Aniq yo‘nalishlar va shartlar dasturga bog’liq: ular amaldagi hujjatlarda belgilangan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin. Ariza topshirishdan oldin rasmiy saytlarda yoki tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazlarida joriy talablarni ko‘zdan kechirish muhim.


Alohida dasturlarda subsidiyalar kam daromadli ya’ni “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga ajratiladi. Bunday toifalar uchun maxsus shartlar amal qiladi:

 

  • “Yoshlar daftari” ishtirokchilari asbob-uskunalar xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya olishlari mumkin. Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limiga ariza topshirish kerak, qaror 15 kun ichida qabul qilinadi.
  • “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar 10 million so‘mgacha olishlari mumkin. Pullarni masalan, tikuv, to‘quv, oshpazlik uskunalari, hunarmandchilik anjomlari, sartaroshxona jihozlari, ta’mirlash va qurilish uchun asboblar yoki qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olishga sarflash mumkin.

 

Bu subsidiya oluvchilarning yagona toifasi emas, lekin aynan ular uchun alohida, soddalashtirilgan qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud: statusni tasdiqlash va Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi yoki tegishli qo‘llab-quvvatlash markazi orqali ariza topshirish kifoya.

№ 6. Kredit oling

Kredit o‘z ishini tezda boshlashni yoki mavjud biznesini kengaytirishni xohlaydigan, lekin shaxsiy jamg’armalari yetarli bo‘lmagan kishilarga mos keladi. Grant va subsidiyalardan farqli o‘laroq, kreditni qaytarish shart bo‘lgani uchun, biznesingizga zarar yetkazmagan holda oylik to‘lovlarni to‘lay olishingizni oldindan hisoblab chiqish juda muhimdir.


TBC Bankda tadbirkorlar uchun kreditlarning ikki turi bor:


O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun iste’mol krediti. Agar siz, yakka tartibda faoliyat yuritayotgan bo‘lsangiz — tort pishirsangiz, suratga olsangiz, taqinchoqlar yasasangiz, ta’lim berish yoki ta’mirlash ishlari bilan shug’ullansangiz — o‘zini o‘zi band qilish uchun kredit olishingiz mumkin. Bank sizning muntazam daromadlaringiz va ularning barqarorligini ko‘rib chiqadi.


TBC’da o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 3 oydan 36 oygacha bo‘lgan muddatga 100 million so‘mgacha olishlari mumkin. Kredit onlayn rasmiylashtiriladi: tizim sizning statusingizni tekshirib, bir daqiqa ichida qaror qabul qiladi. Garov va kafillar talab qilinmaydi, pul shu kunning o‘zida, hatto dam olish kunlari ham hisobingizga o‘tkazib beriladi. Pullar tushgandan keyin ularni kartaga o‘tkazib, ishingizni yo‘lga qo‘yish uchun ishlatishingiz mumkin.


Tadbirkorlar uchun kredit.
TBC Business — tadbirkorlar uchun to‘liq raqamli bank. Hisob ochish, to‘lov o‘tkazish, kontragentlarga pul yuborish, hisobot olish — hammasi onlayn. Biznes krediti ham shunday: ariza topshirasiz, qarorni olasiz va mablag‘ bankdagi hisobingizga tushadi.


Onlayn kredit olish uchun bir nechta shartlar bor:


— O‘zbekiston rezidenti bo‘lishingiz kerak
— biznes kamida 6 oydan beri ishlayotgan bo‘lishi kerak
— kompaniya va ta’sischining kredit tarixi toza bo‘lishi kerak
— hisoblarda blokirovkalar bo‘lmasligi kerak


Agar biznesingiz shu talablarga mos kelsa — kreditga ariza topshirishingiz mumkin*. 


Maksimal kredit miqdori 10 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha, muddati 3 oydan 36 oygacha, stavka esa yiliga 33–38% oralig‘ida. Qaror uch ish kuni ichida qabul qilinadi. Hech qanday garov, kafillar va kredit olish uchun komissiya yo’q.


*Aniq shartlar — jumladan, kredit miqdori, foiz stavkasi va muddati — kompaniyangiz tahlili va skoring natijalariga ko'ra belgilanadi. Kredit shartlari