24 декабр 2021

Qahramonlar hikoyalari - 012 - Sergo Sutyagin

Har bir inshoot o'ziga xos bo'lishi,
oldingi va keyingilarga umuman o'xshamasligi lozim

sergo

2021-yilning 28-iyul kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan meʼmor, Xalqaro arxitektura akademiyasining aʼzosi, milliy va xalqaro mukofotlar laureati Sergo Sutyagin hayot bilan vidolashdi.  Oʻz arxitektura maktabini yaratgan mazkur inson hayoti davomida bir guruh iqtidorli yosh meʼmorlarni yetishtirib chiqardi. Oʻzidan keyin ulkan ijodiy meros qoldirgan arxitektor har bir loyihasida novator boʻlishdan qoʻrqmas, yangi, esda qoladigan obrazlarni izlab charchamasdi.


 
Sergo Mixaylovich arxitektura sohasida 60 yil davomida mehnat qilib, bu yillar mobaynida kuchli taassurot qoldiradigan   loyihalar yaratishga, koʻplab obyektlarni foydalanishga topshirishga ulgurdi.

sergo

Sutyaginning professional karyerasi omadli kechdi. Sergo Mixaylovich meʼmorchilik sohasida koʻzga koʻringan namoyandasiga aylandi, unga Qoʻqon shahrining faxriy fuqarosi maqomi berildi.


 
U Oʻzbekistondagi eng mashhur va yorqin meʼmoriy obidalar muallifi hisoblanadi. Toshkent shahrida – Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy (“Panorama” kinoteatri), “Arkada” savdo markazi, “Samarqand Darvoza” choyxonasi va “Kosmonavtlar” metro bekati, Qoʻqonda – musiqali drama teatri va adabiyot muzeyi, Xivada – yangi markazning qator obyektlari, xususan, Maʼmun akademiyasi, Qarshida – amfiteatr, yana Qarshi, Termiz, Urganch va Buxoroda – aeroportlar, shuningdek Nukusda – “Sahrodagi  Luvr” nomini olgan dunyoga mashhur Saviskiy muzeyi ham aynan Sergo Mixaylovich loyihalariga asosan bunyod etilgan.

sergo

Alisher Navoiy nomidagi panoramali kinoteatr loyihasi 25 yoshli meʼmorga chinakam mashhurlik keltirdi. Sharof Rashidovning oʻzi 38 ta loyiha orasidan aynan shu ekspozitsiyani 3 qayta sichiklab koʻrib chiqib, qolganlari orasidan tanlab olgani haqida maʼlumotlar mavjud. Bu obyekt Oʻzbekistonda modernizmning boshlanishi boʻldi, deb ayta olamiz.


 
“Biz oʻta murakkab tanlovda yutib chiqqan paytimizda men endi 25 ga kirgandim. Gʻalabamiz natijasi oʻlaroq, hayratlanarli meʼmoriy obyekt – hozirda Alisher Navoiy nomidagi panorama kinoteatri deya tanilgan Sanʼat saroyi paydo boʻldi. Biz, mualliflar uchun bu bino xuddi ilk muhabbat singari sof va bir umrga esda qoladigan loyihaga aylandi”, - deya taʼkidlaydi Sutyagin.

sergo

Sergo Sutyagin loyihalarining ahamiyati qanchalik ekani va iqtidorining jamoatchiligu hamkasblari tomonidan nechogʻlik eʼtirof etilganini bilish uchun uning unvon va mukofotlariga boqishning oʻzi kifoya: Sergo Mixaylovich Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan meʼmor, “Panorama” kinoteatri loyihasi uchun Xamza nomidagi Oʻzbekiston SSR davlat mukofoti laureati, Dushanbedagi 2500 oʻrinlik kinokonsert zali loyihasi uchun SSSR Ministrlar Kengashi mukofoti laureati, Xivadagi maʼmuriy-jamoatchilik markazi loyihasi uchun INTERARCH-85 Xalqaro arxitektura triyennalesi sohibi, Qoʻqondagi Xamza nomidagi musiqali drama teatri va adabiyot muzeyi majmuasi uchun A.Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori deya topilgan (Qoʻqondagi majmua meʼmorchilik sohasidagi mashhur Aga Xan mukofoti uchun 20 nafar nomzod binolar qatoriga kirgan).
 

“Har bir inshoot oʻziga xos boʻlishi, oldingi va keyingilariga umuman oʻxshamasligi lozim. Bu borada mening bir gapim bor: «Oʻtmish bulogʻi hozirgi kun daraxtini sugʻoradi va kelajak mevalari pishishiga sababchi boʻladi”. Men butun umrim davomida shu qoidaga rioya qilaman va mening meʼmoriy inshootlarim – hissiz binolar emas. Bularning bari monumental, emotsional, badiiy va unikal binolardir.   Agar muallif inshootga qalb bera olsa, bu bino hech qachon eskirmaydi», - degan edi Sutyagin oʻzining soʻnggi intervyularidan birida.

sergo
sergo
sergo
1 Фото

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish