22 декабр 2021

Qahramonlar faoliyati - 009 - Toir Qoʻziyev

Mazmuni
  • Yutuqlari haqida
  • Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatiga hissasi haqida
  • Ijoddagi orzulari va ambitsiyalari haqida
  • Oʻzbekiston va jahondagi trendlar haqida
  • Blis savol-javob

Biz anaʼanalimizni saqlab qola olishimiz va oʻzbek musiqasi tarixini kelajak avlodlarga yetkazib bera olishimiz darkor

Bugungi kunda Oʻzbekistonda anʼanaviy musiqa rivojiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Milliy cholgʻu asboblarida kuy chalishdan dars beriluvchi koʻplab musiqa maktablari ochilmoqda. Nafaqat klassik musiqa asboblari, balki tanbur singari torli sozlar tilini ham tushunadigan cholgʻuchi, unvonlarining sanogʻi yoʻq boʻlgan maestro sifatida barcha Toir Asqar taxallusi bilan tanilgan Toir Qoʻziyevni biladi. Toir – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, yuksak mahoratli sanʼatkor, kompozitor va iqtidorli sozandadir. Oʻzbekiston anʼanaviy instrumental musiqasi dovrugʻini butun olamga yoygan “Sato” guruhining solist va kompozitoridir.

 

 

Yutuqlari haqida

Men, musiqani oʻziga xos ilm deb bilaman. U ham mamlakatdagi boshqa barcha tarmoqlar singari rivojlanishi kerak. Tanbur cholgʻuchiligini toʻlaqonli egallay oldim, deb oʻylayman. Men bu cholgʻu asbobini nafaqat klassik yoki milliy, balki zamonaviy yoʻlda ham sozlay oldim.

 

Eksperimentlar chogʻi tanbur cholgʻuchiligining yangi qirralarini kashf etdim. Yaxshi musiqa zamon, eʼtiqod va boshqa omillardan qatʼi nazar yurakka yaqin boʻladi. Men oʻz sozim bilan jahonning deyarli yarmini aylanib chiqdim. Amerikani ham, Afrikani ham, Osiyoni ham kezdim. Odamlar konsertlarimizda chalgan kuylarimni berilib eshitishadi, musiqa orqali Ona Vatanim – Oʻzbekistonim qalbining bir parchasini tinglovchilarga yetkazish – men uchun baxt.

 

2003-yilda biz Piter Gabriel bilan hamkorlikda Yevropa va Amerika boʻylab yozgi tur uyushtirdik va bu tur doirasida 40 dan ziyod konsertlar berdik. Jamoam bilan birgalikda oʻzbek milliy musiqasini imkon qadar koʻproq odamlarga tanitishni istardik. Ijodim bilan bogʻliq bu voqealar yorqin taassurotlarni taqdim etgan.

Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatiga hissasi haqida

Men tanbur cholgʻuchiligini egallaganimdan faxrlanaman. Bu qadimgi oʻzbek milliy cholgʻu asbobi maqom bilan chambarchas bogʻlangan. Qadim zamonlardan buyon maqomga tanbur joʻr boʻlgan. Ikki yilda bir Oʻzbekistonda Xalqaro baxshichilik sanʼati va maqom sanʼati festivallari oʻtkazib kelinadi. Men va mening jamoam bu tadbirlarda faol ishtirok etamiz. Goʻzallikda tengi yoʻq boʻlgan milliy musiqamizni tinglash va oʻzbek xalqi anaʼanalari bilan yaqindan tanishish uchun bu yerga jahonning turli burchaklaridan mehmonlar tashrif buyurishadi.

 

Biz anaʼanalimizni saqlab qola olishimiz va oʻzbek musiqasi tarixini kelajak avlodlarga yetkazib bera olishimiz darkor. “Sato” guruhi bilan birgalikda biz oʻzida ulkan tarixni jo qilgan koʻplab yorqin kompozitsiyalarni yaratdik. Bu kompozitsiyalar xalq yuragidan joy topa oldi.

toir

Ijoddagi orzulari va ambitsiyalari haqida

Sozandaning orzusi doim bir xil boʻladi – u ham boʻlsa yaxshi musiqa yaratish va bu kuy orqali odamlarni ruhlantirish.

 

Yaxshi musiqa doim oʻziga rom etadi. Kelajakda tanburda chalingan kuylar goʻzalligini namoyish qilish imkonini beruvchi mini-orkestr ochishni orzu qilaman.

 

Insonlar kuylarimni jon quloqlari bilan tinglashlari va bu musiqa ularning qalbidan joy egallashi – bu men uchun eng muhimi.

Oʻzbekiston va jahondagi trendlar haqida

Boshqa barcha mamlakatlardagi kabi bizning yurtimizda ham ilm-fan, sanʼat va madaniyat jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Hozir Oʻzbekistonda ijod ahli oʻzini koʻrsata oladigan, oʻz gʻoyalarini ilgari sura oladigan davr keldi. Olib borilayotgan islohotlarga misol – Oʻzbekiston maydonlarida turli tadbirlar oʻtkazilayotgani, yurtimizning musiqiy loyihalar uchun xorij davlatlariga ochilishi.

 

Oʻzbekiston hukumati tomonidan baxshichilik, maqom singari anʼanaviy musiqa rivojiga ancha ahamiyat qaratilmoqda. Bu juda muhim qadamlardan sanaladi, zero milliy musiqamiz – zamonaviy musiqamizning ildizidir. Milliy musiqa bor joyda tarix ham mujassam. Bu, shuningdek, shaxs madaniy saviyasini oshiruvchi, insonni kamolot sari eltuvchi vositalardan biridir. Biz faqat yaxshi musiqani tinglashimiz va albatta uni yomon musiqadan farqlay bilishimiz darkor.

Blis savol-javob

Baxtning choʻqqisi nimada deb bilasiz?
Oila, yaqinlarimning salomatligi va tinch-hotirjamligida deb bilaman.

 

«Baxtsizlik» siz uchun nima?
Birinchi javobimning aksi.

 

Insonlarda hammasidan ham koʻproq qay fazilatni qadrlaysiz?
Odamlar har xil boʻladi, men samimiy, insonparvar, rostgoʻy insonlarni yaxshi koʻraman.

 

Insonlar feʼlidagi eng yoqtirmagan kamchiligingiz qaysi?
Ikkiyuzlamachi odamlarni va oʻz soʻzida turmaydiganlarni yoqtirmayman.

 

Qachon va qayerda siz har qachongidanda baxtiyor boʻlgansiz?

Saudiya Arabistonidagi Makka ziyoratiga borganimda oʻzimni oʻta baxtiyor sezganman.

 

Yer yuzida yashab oʻtgan istalgan inson bilan muloqot qilish imkoniyati boʻlganida, siz kimni tanlagan boʻlardingiz?

Paygʻambarimiz Muhammad s.a.v.ni.

 

Ijodda sizning eng muhim ambitsiyangiz?

Eng katta orzuim – odamlar mening musiqamni mazza qilib tinglashlari.

 

Siz bilan vidolashuv marosimiga kelganlar siz haqingizda nima deyishlarini xohlagan boʻlardingiz?

Ezgu amallarimni xotirlshlarini xohlardim.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish