Men doim yangiliklarga intilaman, miyamdagi chegaralardan tashqariga chiqishga harakat qilaman
Nigora Azizxoʻjayeva CookBook oshpazlik studiyasining asoschisi hisoblanadi. Bu nafaqat mazali taom tanovul qilish, balki yoqimli hissiyotlarga toʻyinish ham mumkin boʻlgan joydir. Nigoraning studiyasi taomlar va pishiriqlar tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazila boshlangan mamlakatdagi ilk muassassaga aylandi. Shu bilan birga Nigora fotosuratchilikda ulkan tajribaga ega, bu esa unga oʻz oshpazlik sanʼati namunalarini professional darajada suratga muhrlab, boshqalar bilan boʻlishish imkonini beradi.
Albatta, mening asosiy yutuqlarimdan biri bu — CookBook loyiham boʻldi. Uchinchi farzandim tugʻilganidan soʻng men sevimli ishimni biznes bilan uygʻunlashtirish imkonini beruvchi joy ochishga qaror qildim. CookBook — oliy oshpazlik boʻyicha mahorat darslari oʻtkazila boshlangan bu turdagi shahardagi ilk maskan sanaladi. Men studiyam mehmonlarda yaxshi taassurotlar qoldiradigan joyga aylanishini istardim. Men tashrif buyuruvchilar bu yerni yuzlarida tabassum bilan tark etayotganini koʻrganimda oʻzimni baxtiyor sezaman. Ana shunda men bu kun albatta ularning yodlarida qolishini tushunaman.
Bundan tashqari, men va mening jamoam mamlakatda qandolatchilik mahsulotlari uchun yangi bir sifat darajasini joriy qildik. Biz premium mahsulot qanday boʻlishi kerakligini koʻrsata oldik. Men jamoam bilan juda faxrlanaman. Biz doim bir tanu-bir jon boʻlib ishlaymiz. Men uchun eng muhimi mana shu. Men raqobatda birinchi boʻlishga intilmayman, mening raqiblarim yoʻq. Biz nimaga intilamiz? Mehmonlarimizning koʻtarinki kayfiyatlariga sababchi boʻlishga.
Onalik – men uchun juda muhim. Uch nafar ajoyib farzandlarning onasi ekanim – mening eng katta yutugʻim. Ularni mehr-muhabbatda katta qilayotganimdan hammasidan koʻra koʻproq faxrlanaman. Ular oʻz xalkiga va Vataniga muhabbat bilan ulgʻayishmoqda. Men buni zamonaviy Oʻzbekistonga qoʻshayotgan eng katta hissam deb bilaman.
Men doim yangiliklarga intilaman, miyamdagi chegaralardan tashqariga chiqishga harakat qilaman.
Ahamiyatsiz narsaning oʻzi yoʻq, mayda-chuyda deb bilganlarimizning har biri katta ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Shu boisdan men biror bir detalni eʼtiborimdan chetda qoldirmagan holda orzu qilaman. Orzuimning qanchalik ulkanligini hozir aytmay qoʻyaqolaman, yana amalga oshmay qolmasin.
Mening asosiy orzuim roʻyobga chiqdi – men oʻzim sevgan ish bilan shugʻullanayapman, bu ishga bor vujudimni, butun qalbimni bagʻishlay olaman.
Men oʻz biznesimni kengaytirishni, yurtimizdagi xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashni xohlayman. Oʻz studiyam shunday makonga aylanishini istaymanki, kelgan kishi bu yerdan umuman boshqa inson boʻlib chiqib ketsin. Men insonlar tafakkurini yaxshi tomonga oʻzgartirishni istayman. Bu yorugʻ olamning goʻzalligini barcha his qila olsin, deyman.
Men uchun “muhimroq” yoki “dolzarb” degan tushunchalar mavjud emas. Hammasi muhim, hammasi dolzarb. Har kuni qandaydir yangiliklar yuzaga kelmoqda. Odamlarning didi, qiziqishlari oʻzgarib bormoqda. Bunday sharoitda nima aktual ekanidan boxabar boʻlib turish juda qiyin. Shu boisdan men auditoriyamni his qilishga va ular istagan narsani berishga harakat qilaman.
Nima boʻlganida ham butunjahon pandemiyasi oshpazlik sohasiga oʻz tendensiyalrini olib kirdi. Masalan, aynan karantinda koʻpchilik toʻgʻri ovqatlanishning ahamiyatini his qildi va tushunib yetdi. Mana shunday taomlarga boʻlgan talab kuchayib ketdi. Koʻpchilik sogʻligʻi yoʻlida odatlarnii oʻzgartira boshladi. Hozigi kunda qahvaning ancha foydali muqobili boʻlgan matcha choy kabi ichimliklar aktual.
Taom yetkazib berish xizmatining mavjudligi va bu xizmatning sifati ham muhim masalaga aylandi. Bugungi kunda ham aksariyat odamlar uydan turib taomga buyurtma berib, yetkazib berish xizmatidan foydalanishmoqda. Butun jahon boʻylab dolzarblik kasb etgan yana bir masala – ovqatlanishga ongli ravishda yondoshish. Odamlar xarid qilayotgan taomlarining tarkibiga eʼtibor qarata boshlashdi. Yegulik maksimal darajad sof va organik boʻlishi hozirda oʻta muhim.
Men bu tendensiyalar yaxshilikka xizmat qiladi, deb oʻylayman va yangicha dunyoqarashli odamlar kundan-kunga koʻpayib borayotganidan xursandman».
Baxtning choʻqqisi nimada deb bilasiz?
Bugun, hozir, mana shu soniyada boʻlish, uni his qilishda!
«Baxtsizlik» siz uchun nima?
Oʻzini anglamaslik. Minnatdor boʻlishni bilmaslik. Hayotdan maqsadni va mavjudligining boisini tushunmaslik. Va albatta yaxshi koʻra olmaslik, mehr bera olmaslik.
Insonlarda hammasidan ham koʻproq qay fazilatni qadrlaysiz?
Insoniy fazilatlarning bari qadrli, deb hisoblayman. Shu boisdan men insonni undagi bor xislatlari bilan birga qadrlayman.
Insonlar feʼlidagi eng yoqtirmagan kamchiligingiz qaysi?
Dimogʻdorlik va takabburlik.
Qachon va qayerda siz har qachongidanda baxtiyor boʻlgansiz?
Takror aytaman, bugun, hozir va ayni shu soniyada baxtiyorman!
Yer yuzida yashab oʻtgan istalgan inson bilan muloqot qilish imkoniyati boʻlganida, siz kimni tanlagan boʻlardingiz?
Shubhasiz, paygʻambarimiz Muhammad s.a.v.ni.
Ijodda sizning eng muhim ambitsiyangiz?
Ayni damda – gʻoyalar qaynab chiqayotgan miyam va olam oʻrtasida bir koʻprik yaratish. Va xayollarimni moddiyatga aylantirish yoʻlini topish.
Siz bilan vidolashuv marosimiga kelganlar siz haqingizda nima deyishlarini xohlagan boʻlardingiz?
U ochiqkoʻngil, pozitiv, shu bilan birga matonatli inson edi. Uning koʻzlari doim kulib turardi. U oʻz tabassumi bilan, hayotga boʻlgan ajoyib, shukronalik munosabati bilan, hayotdan rohatlana olish, nima boʻlgan taqdirda ham yaxshilik va yorugʻlikni koʻra bilish qobiliyati bilan boʻlishardi. Uning olamga boʻlganmehri taftida koʻplab insonlarning qalbi muzdan erib tushib, yuragiga iliqlik kirardi. U ajoyib ona va rafiqa, doim suyanish mumkin boʻlgan ishonchli doʻst edi.