Mening bir aniq omad formulam yoʻq. Men barcha narsadan ilhomlana olaman
Oʻzbek modelyer-dizaynerlaridan uncha-munchasi oʻz ishlari bilan Elle Russia singari yaltiroq sahifali jurnallar muqovasida chiqishga muvaffaq boʻlmagan. Zuhra Inat boʻlsa buni uddalanganlardan biri. U ijoddan charchamaydigan, oʻz ishlarini namoyish etib, nafaqat Oʻzbekiston, balki Yevropada ham tanilgan omadli modelyerdir. Goʻzallik elchisi sifatida Zuhra Inat oʻzbek naqshlari va fakturasini qoʻllagan holda oʻz ijodi orqali Oʻzbekistonning bir parchasini jahonning koʻplab mamlakatlariga yetkazadi.
Mening bir aniq omad formulam yoʻq. Men barcha narsadan ilhomlana olaman. Menimcha, modelyerni muvaffaqiyat tomon yetaklovchi omillar - oʻz orzulari sari intilish, tinmay oʻz ustida ishlash va yangi, unikal elementlarni oʻylab topishdan qoʻrqmaslikdir. Amerikada, Yevropada yoki Ona vatanizmizda mijozlarimiz uchun zamonaviy liboslar yaratar ekanmiz biz doim oʻzbek liboslarining oʻziga xosligini saqlab qolishga harakat qilamiz. Juda oddiy boʻlgan narsadan oʻzgacha bir yangilik oʻylab topish kerak deb hisoblayman, shu bilan birga har bir modelda faqat shu modelyerga xos boʻlgan jihat, uning shaxsiy DNKsi ham bilinib turishi darkor.
Har bir dizayner oʻz uslubini yaxshi tushunishi kerak. Bizning yosh dizayneralarimiz boshqalarnikiga oʻxshamaydigan, oʻziga xos nimadir oʻylab topishlarini istardim. Oʻzbek dizaynerlari anʼanaviy chopon va toʻnlarga haddan ziyod koʻp eʼtibor qaratishadi, chamamda. Ularning ishlarida bizning milliy mahsulotlarimiz yangi qirralari bilan yarq etishini xohlardim.
Modelyer sifatidagi vazifamiz – doim odamlarni hayron qoldirish. Balki unchalik aniq oʻxshatishmasdir, ammo xonandalar odatda bitta xit chiqaradilar va shu xitlari orqali taniladilar. Dizaynerlar esa bunday boʻlmasligi kerak. Biz yangilik yaratishdan toʻxtamasligimiz darkor.
Menga doim Prada modalar uyining ijodi yoqardi. Bu brendni qimmat vinoga qiyoslash mumkin: bir boshqacha yangiliklar oʻylab topishmasada, betakrorlik, individuallik bor. Ularning oʻziga xosligi – anchayin oddiy bichimni uygʻunlashtirish va stilizatsiyalash. Baʼzi taniqli dizaynerlar aynan liboslar, detallarni original tarzda bir-biriga moslashga urgʻu berishadi. Masalan, oddiy chopon yoki kostyumni yorqin rangdagi vodolazka singari biror qiziq va ekstravagant kiyim bilan moslasangiz, yarq etib koʻzga tashlanasiz va esda qolasiz. Shu boisdan men kashta yordamida naqshlar tushirilgan palto va bomberlar ustida ishlay boshladim.
Bilasizmi, bunaqa balandparvoz gapirmagan boʻlardim. Balki hali biror hissa qoʻshmagandirman ham, ammo men oʻzbek brendlari jahon miqyosida tanilishini istardim. Men ana shunga intilayapman va bu yoʻnalishda ilk natijalar ham koʻrinmoqda.
Men gʻayrioddiy narsalarni yaxshi koʻraman va hatto ijod namunalarimni namoyish etish uchun ham oʻziga xos boʻlgan manzillarni tanlayman. Masalan, Oʻzbekistondagi modalar namoyishlarimdan birini Vlad Zamanning podyezdida oʻtkazganmiz. Va bu namoyish muvaffaqiyat bilan oʻtib, katta hayrat bilan qarshi olingan. Oʻshanda bizda emas, koʻproq Yevropada kuzatish mumkin boʻlgan oʻziga xos ijodiy tandem tuzilgandi. Yana bir gʻaroiyb manzil, faqat bu gal Latviyada – bu Markaziy bozor boʻlgan. Modellar sabzavotlar sotiladigan rastalar orasida yurish qilib, mening toʻplamimni namoyish etishgandi. Yigʻilganlarning hayrati koʻzlaridan koʻrinib turardi, zero mahalliy dizaynerlar ilgari shou uchun hech bozorni tanlashmagan, bu ishga xorijdan kelgan oʻzbek ayoli jazm etib, yana tadbir juda jonli va ekspressiv oʻtgandi. Bu bozor YUNESKO muhofazasi ostida ekanini ham alohida taʼkidlash d.
Rang nuqtayi nazaridan aytadigan boʻlsam, moda xiraroq, yumshoq ranglardan sekin-asta voz kechib, yorqin ranglar tomon yuz burmoqda. Oʻylaymanki, “ertamiz” yorqin ranglar: jilokor yashil va sariq ranglarga boʻyaladi, 22-23-yillarda boʻlsa yorqin qizil rang... qirmizi qizil va malinarang birinchi planga chiqadi. Men oʻzi ranglarga katta eʼtibor qarataman, masalan oʻtgan mavsumlarda mayin ranglar trendda edi va toʻplamimning asosiy qismini, ayniqsa paltolarni nafis ranglarda ishlagandim.
Mening ijod bilan bogʻliq bir orzuim bor. Yangi, ajoyib loyiha ustida ishlayapman, ammo hozir bu loyiha detallarini oshkor qila olmayman. Dizaynerlik faoliyatimga keladigan boʻlsak, men shunchaki modalar namoyishida emas, masalan biyennaleda qatnashishni va oʻz ishlarimni koʻrgazma ekspozitsiyasida taqdim etishni istardim.
Baxtning choʻqqisi nimada deb bilasiz?
Farzandlar va nabiralar bagʻringda ekanida.
“Baxtsizlik” siz uchun nima?
Yaqinlarni yoʻqotish.
Insonlarda hammasidan ham koʻproq qay fazilatni qadrlaysiz?
Taʼsirchanlik, yumshoqkoʻngillikni.
Insonlar feʼlidagi eng yoqtirmagan kamchiligingiz qaysi?
Manmanlik.
Qachon va qayerda siz har qachongidanda baxtiyor boʻlgansiz?
Yozda, hammamiz bir joyga yigʻilgan paytlarimizda.
Yer yuzida yashab oʻtgan istalgan inson bilan muloqot qilish imkoniyati boʻlganida, siz kimni tanlagan boʻlardingiz?
Dadajonimni
Ijodda sizning eng muhim ambitsiyangiz?
Milandagi moda haftaligida (MFW) ishtirok etish.
Siz bilan vidolashuv marosimiga kelganlar siz haqingizda nima deyishlarini xohlagan boʻlardingiz?
Mening ajoyib buvijon boʻlganimni aytishlarini).