23 август 2024

Xorijda boʻlib, kreditni qanday toʻlash mumkin?

siz — u yerda, kredit — shu yerda

Akram ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Oʻzbekistonda uning krediti bor va u har oy shu kreditni toʻlash yoʻllarini qidiradi.

Dilnoza ta’til vaqti Bolgariyaga ketgan va endi kreditini qanday toʻlashni bilmayapti, chunki uning kartasida pul yoʻq. Sardor esa toʻlovni amalga oshirolmayapti, chunki pul oʻtkazmasini tasdiqlash uchun bankdan parol koʻrsatilgan SMS kelmayapti.

Boshqa mamlakatda turib kreditni qanday toʻlash mumkinligini aytib beramiz.

1-usul. Oldindan bank kartangizni toʻldirib qoʻying

Kreditni rasmiylashtirishda bank sizning kartangizdan oylik toʻlovni avtomatik yechib olishni faollashtiradi. Bu shuni anglatadiki, toʻlov kuni sizning hisobingizdan pul avtomatik tarzda yechib olinadi, siz hech qanday oʻtkazmani amalga oshirishingiz kerak emas. Toʻlov kuni kartangizda qarz miqdoriga teng yoki undan koʻp summa boʻlishi kerak

Shu sababli kartangizni oldindan toʻldirib qoʻyish mantiqan toʻgʻri, shunda safar vaqti toʻlovni vaqtida amalga oshirolmaganingiz haqida oʻylab xavotirlanishga hojat qolmaydi. Oldindan oʻzingizni sug'urtalash uchun qoʻshimcha ravishda pul saqlaydigan Oʻzbekistondagi boshqa bank kartalaringizni ham ulashingiz mumkin — agar bir kartangizda pul boʻlmasa, bank boshqa kartangizdan pul yechib oladi. Xorijiy bank kartalarini ulash mumkin emas.

Yaxshisi, xorijda oʻtkazmoqchi boʻlgan barcha oylaringiz uchun hisobingizga pul oʻtkazib qoʻyganingiz ma’qul — shunda muddatlar kechikishiga aniq yoʻl qoʻymaysiz. Ammo buning iloji boʻlmasa, kamida bir martalik toʻlov miqdorini oʻtkazib qoʻyishingiz kerak. Keyingilarida kreditni toʻlash uchun quyidagi usullardan biridan foydalaning.

Boshqa davlatda valyutani soʻmga almashtirish va kartangizni toʻldirish imkonsiz boʻlishi mumkin, shu sababli safardan oldin kredit toʻlovlari yechib olinadigan kartangizni toʻldirib qoʻying.


2-usul. Pullarni rekvizitlar boʻyicha oʻtkazing

Xorijda boʻlganingizda kartangizni rekvizitlari boʻyicha istalgan mahalliy bank boʻlinmasida toʻldirishingiz mumkin. Oʻtkazma uchun rekvizitlarni bank ilovasining oʻzidan olish mumkin, buning uchun qoʻllab-quvvatlash chatiga murojaat qilasiz va ular sizga ma’lumotlarni yuborishadi.

Safarga oldidan bank hisobingizning rekvizitlarini bilib oling — bu orqali istalgan mamlakatda odatiy bank boʻlinmalarida oʻtkazmalarni amalga oshirish mumkin.


3-usul. Ishonchli shaxsdan kartangizni toʻldirishini soʻrang

Oʻzbek bank kartalarini toʻldirish Oʻzbekistonda osonroq. Oʻzingiz ishonadigan odam bilan gaplashing, siz unga xalqaro oʻtkazmalar orqali pul joʻnatasiz, u esa sizning kartangizni toʻldiradi.

Kartani toʻldirish uchun karta ustidagi 16 ta raqam kifoya. Kartangizning CVV-kodi va amal qilish muddatini taqdim etmang. Bular maxfiy ma’lumotlar va kartani toʻldirish uchun kerak emas. Agar ushbu ma'lumotlarni firibgarlar bilib qolishsa, u holda kartangizdagi pullarni oʻmarishlari mumkin, shu sababli ogoh boʻling.

Kreditni soʻndirish uchun pullarni xalqaro oʻtkazmalar orqali yuborish mumkin. Rossiyadan “Zolotaya Korona” yoki “Unistream”, Yevropadan esa “Western Union” yoki “Corona” qulay.

Oʻzbekistondagi doʻstingiz yoki qarindoshingiz bilan u sizning kartangizni toʻldirishi haqida gaplashib oling. Kreditingiz uchun uning hisobiga xalqaro oʻtkazmalar orqali pul oʻtkazasiz, u esa ushbu pullarni sizning 16 talik karta raqamingizga tashlaydi.


4-usul. Agar Rossiyada boʻlsangiz —  shunchaki kartadan kartaga oʻtkazing

Yevropa bank kartalari orqali kartadan kartaga oʻtkazish koʻpincha qiyin — barcha xorijiy banklar ham oʻzbek banklari bilan ishlamaydi. Ammo Rossiya bank kartalari bilan bu — muammosiz.

Masalan, “T-Bank”, “Sberbank” yoki “MTS Bank”dan oʻzingizning oʻzbek kartangizga 16 talik raqami yoki telefon raqamingiz orqali pul oʻtkazishingiz mumkin. Agar kartangiz boʻlmasa, uni bir kun ichida qoʻlga kiritish mumkin. Faqat pasport va INN talab qilinadi.

Rossiyadan kartadan kartaga pul oʻtkazish mumkin. Rossiya bankida bir kun ichida karta rasmiylashtirish mumkin — pasport va INN kifoya.


Agar oʻtkazmani tasdiqlash uchun SMS kelmasa, nima qilish kerak?

Shunday hollar boʻladiki, kartada pul bor, ammo toʻlovni amalga oshirib boʻlmaydi — operatsiyani tasdiqlash uchun bankdan SMS kelmaydi. Agar sizda rouming yoqilmagan yoki mobil operatoringizda xalqaro aloqa kanallari orqali SMS yuborishda muammolar boʻlsa, shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkin.

Ba’zi aloqa operatorlari rouming yoqilmagan boʻlsa ham, SMS yuboradi, masalan, Beeline. Safardan oldin aloqa operatoringizdan SMS yuborilishi yoki yuborilmasligini aniqlashtiring — shunda boshqa mamlakatda qiyin vaziyatga tushib qolmaysiz.

Aloqa operatoringizdan rouming imkoniyatlarini aniqlashtiring. Oldindan kerakli funksiyalarni yoqtirib qoʻyish mantiqan toʻgʻri, shunda safar chogʻi toʻlovlar va SMS-kodli oʻtkazmalarni bemalol amalga oshirishingiz mumkin.


Agar shunda ham kredit uchun toʻlovni amalga oshirolmasangiz

Bankning qoʻllab-quvvatlash chatiga yozing — u yerdagi xodimlar bank hisobingizni toʻldirishning optimal yechimini topishga yordam berishadi. Qoida boʻyicha, barcha banklarning mobil ilovalarida qoʻllab-quvvatlash chati mavjud. Masalan, “TBC Bank”da ikkita chat bor — telegramda va ilovaning oʻzida, ular tun-u kun ishlaydi.

Qisqacha mazmuni:

  • Kredit toʻlovlarini vaqtida amalga oshirish kerak, aks holda bankdan jarima olishingiz va kredit tarixingiz yomonlashuviga sababchi bo'lishingiz mumkin.
  • Safardan oldin kartangizni loqal bir martalik toʻlov uchun yetarli summa bilan toʻldiring.
  • Boshqa bank kartalaringizni ulang — agar asosiy kartada pul yetarli boʻlmasa, bank avtomatik tarzda qoldiqni boshqa kartalardan yechib oladi va kechikishlar boʻlmaydi.
  • Bankning tranzit hisob raqamiga ma’lumotlaringizni koʻrsatgan holda pul oʻtkazing. Bank xodimlari bank hisob raqamingizdagi pullarni kartangizga yoʻnaltiradilar.
  • Oʻzingiz ishonadigan odam bilan u sizning kartangizni toʻldirishi haqida gaplashib oling. Unga xalqaro oʻtkazmalar orqali pul o’tkazasiz, u esa kartangizning 16 talik raqami orqali kartangizga pul tashlaydi.
  • Agar bankdan SMS kelmasa, rouming xizmatini yoqtiring.
  • Agar savollaringiz boʻlsa yoki hech qanaqasiga toʻlovni amalga oshirish imkoni boʻlmasa, qoʻllab-quvvatlash chatiga yozing — ular yordam berishadi.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish