06 август 2024

Qanday qilib kreditni yopish va KATMdan ma’lumotnoma olish haqida

Jamshid kreditga muzlatkich sotib olmoqchi edi. Ammo bank unga rad javobini berdi, chunki Jamshidning kredit tarixida soʻndirilmagan qarzdorlik bor. Jamshidda qarzlar yoʻq — u kreditni 1 hafta oldin yopgan, ammo KATMda hali ham negadir bu haqida ma’lumot yoʻq. Nega bunday boʻlishi va kreditni toʻgʻri yopish boʻyicha bilib olamiz.

 

KATM nima?

KATM — bu kredit-axborot tahliliy markazi. Uni yana kredit tarixi byurosi deb ham nomlashadi.

KATMda sizning moliyaviy ma’lumotlaringiz saqlanadi: sizning qanday kreditlaringiz boʻlgan va bor, toʻlovlarni vaqtida amalga oshirasizmi yoki kechikishlar boʻladimi kabi. Ushbu ma’lumotlar asosida KATM sizga kredit boʻyicha reyting beradi — u qanchalik yuqori boʻlsa, kelgusida shuncha kattaroq summaga va foydali shartlar asosida kredit olish imkoniyatingiz ortadi.

KATM kredit tarixidagi hech narsani oʻzgartira olmaydi — byuro faqat ma’lumot toʻplaydi. Siz KATMdan oʻz kredit tarixingiz boʻyicha ma’lumotnoma buyurtma qilishingiz mumkin. Buni davlat xizmatlari portali yoki KATM saytida amalga oshirish mumkin.

 

Kredit 3 sutka davomida yopiladi

Siz oxirgi toʻlovni amalga oshirganingizdan soʻng, kredit yopiladi va sizning mobil ilovangizdan yoʻqoladi. Ammo KATMda kredit yopilganligi haqidagi ma’lumot darhol paydo boʻlmaydi. Shu sababli birinchi kreditni yopish bilanoq yangi kredit olmoqchi boʻlsangiz, bank sizga rad javobini beradi — chunki kredit soʻndirilgani haqidagi ma’lumot hali unda mavjud emas.

Qachonki siz TBC Bank kreditini yopsangiz, tizim avtomatik tarzda ushbu ma’lumotni kredit byurosiga yuboradi. Odatda, ma’lumotlarni qayta ishlash 3 sutkagacha vaqt oladi — ikki kun hisobni yopishga va bir kun ma’lumotlarni KATMga uzatishga ketadi. Ammo ba’zan kredit yopilgani haqidagi ma’lumot KATMga kelib tushmaydi.

 

Nima sababdan KATMdagi ma’lumotlar yangilanmasligi mumkin?

Banklar kredit haqidagi ma’lumotlarni maxsus dastur yordamida joʻnatishadi, KATM esa ularni qayta ishlaydi. Bu bank xodimi yoki kredit byurosi ishtirokisiz kechadigan avtomatik jarayon, shu sababli texnik nosozliklar yuzaga kelishi mumkin — balki tizimda yoki bank va kredit byurosini bogʻlaydigan qaysidir modulda xatolik boʻlishi mumkin.

 

Kredit toʻlangan, ammo KATMda u hali ham soʻndirilmagan boʻlib chiqsa, nima qilish kerak?

Agar 3 sutka vaqt oʻtgach ham, kredit yopilganligi haqidagi ma’lumot kredit tarixida aks etmasa, bankka qoʻngʻiroq qiling. TBC Bankka 1150 qisqa raqamlari orqali qoʻngʻiroq qilish mumkin. Xodimlar ma’lumotlarni tekshirishadi va ma’lumotlarni oʻzlari kredit byurosiga taqdim etishadi. Shunchaki bank xodimiga gap qaysi shartnoma haqida ketayotganini ayting va u shu shartnoma boʻyicha ma’lumot topib beradi.

Ma’lumotlar yangilangach, bank sizga SMS-xabar yuboradi.

 

Nima uchun shartnoma raqamini koʻrsatmasdan ma’lumotlarni faqat nomingiz bilan oʻzgartira olmaysiz?

Shaxsning turli banklarda bir nechta krediti boʻlishi mumkin. KATMda ularning barchasi aks etadi. Masalan, Jamshidning turli banklarda 5 ta krediti bor. Agar Jamshid kreditini yopgani haqida ma’lumot yuborilsa, bu aynan qaysi kredit soʻndirilgani yoki qaysinisi hali yopilmagani tushunarsiz boʻladi. Shu sababli aniq shartnoma raqamini koʻrsatish lozim.

 

Qisqacha: KATMda kredit soʻndirilgani haqida ma’lumot boʻlmasa, nima qilish kerak?

  • Kredit yopilgach, KATMda ma’lumotlar 3 sutka ichida yangilanadi. Agar siz kreditni bugun soʻndirgan boʻlsangiz, ma’lumotlar 3 kundan soʻng oʻzgaradi. Shunchaki kutish kerak.
  • Agar 3 kundan soʻng ham KATMdagi ma’lumotlar yangilanmasa, kredit rasmiylashtirgan bankingizga qoʻngʻiroq qiling. TBC Bankka 1150 raqami orqali qoʻngʻiroq qilish mumkin. Bank xodimiga shartnoma raqamini ayting — u ma’lumotlarni oʻzi tekshirib, kreditingiz soʻndirilgani haqidagi ma’lumotni kredit byurosiga taqdim etadi.
  • Ma’lumotlar yangilangach, siz bankdan SMS-xabar olasiz.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish