18 март 2024

Banklar nima uchun kredit berilishini rad etadi?

Pul ayni kerak bo‘lib turganda bank kredit berilishini rad etsa, bu juda yoqimsiz holat. Biz nimaga shunday bo‘lishini va bankdan ijobiy javob olish uchun nimalar qilish kerakligini tahlil qildik.

 

Kredit berilish-berilmasligini skoring — qarz oluvchini avtomatik baholash tizimi hal qiladi. Tizim mijozning moliyaviy ahvolini tahlil qiladi va jamlangan maʼlumotlar asosida uning kredit bo‘yicha qarzini to‘lay olish-olmasligini — to‘lov layoqatini baholaydi. Bank xodimlari natijaga daxldor bo‘la olmaydilar — qaror faqat avtomatik tizim xulosasiga bog‘liq.

 

Baholashda turli omillar hisobga olinadi. Masalan, mijozning ish joyi, daromadi, kredit tarixi. Bunday omillar soni bir necha o‘nlab bo‘lishi mumkin, biz eng asosiylari haqida sizga so‘zlab beramiz.

Yoshning to‘g‘ri kelmasligi

Oʼzbekistonning 18 yoshga — balog‘at yoshiga yetgan fuqarolari kredit rasmiylashtirish huquqiga ega. Biroq banklar qarz oluvchilarning yoshiga oid o‘z cheklovlarini joriy etishi, shuningdek murojaat etish yoshining eng yuqori chegarasini belgilashi mumkin. Odatda, ushbu maʼlumotlar bank saytida ko‘rsatiladi yoki ularni konsultantlar yaxshi biladilar.

Boshqa mamlakat fuqarosi bo‘lish

Аgar siz O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmasangiz, bank kredit berilishini rad etishi mumkin. Аyrim banklar yoki mikromoliyaviy tashkilotlar chet ellik fuqarolarga kredit rasmiylashtirishi mumkin, biroq ko‘p holatlarda kredit berilishi uchun mamlakat fuqaroligi talab etiladi. Shu bois agar fuqaroligingiz bo‘lmasa — katta ehtimol bilan kredit ololmaysiz.

Rasmiy ish joyi yo‘qligi

Bank rasmiy daromadga ega bo‘lmagan odamni ishsiz deb hisoblaydi. Bunday odamga kredit berish qaltis — u kreditni qaytarolmasligi mumkin. Shu sababli belgilangan daromad keltiruvchi rasmiy ish joyi mavjudligi — skoringda asosiy shartlardan biri.

 

Rasmiy ish joyi — bu albatta biron-bir kompaniyaning shtatida o‘tirish shart degani emas. Siz o‘z-o‘zingizni band etuvchi bo‘lishingiz mumkin — bu qonuniy faoliyat hisoblanadi. O‘z-o‘zini band etuvchi sifatida siz qonuniy daromad olyapsiz va soliqlarni to‘layapsiz, shu sababli bank o‘z-o‘zini band etishni rasmiy ish bilan taʼminlanganlik, deb baholaydi.

Ko‘ngilsiz kredit tarixi

Qarz yoki kredit olgan paytingiz sizning kredit tarixingiz shakllanadi. U KATM da saqlanadi. Kredit tarixida siz bajargan barcha to‘lovlar, siz yo‘l qo‘ygan to‘lov kechikishlari yoki qarzdorlik holatlari aks etadi. Kredit tarixi — sizning moliyaviy obro‘ingiz sanaladi.

 

Skoringda bank sizning kredit tarixingiz haqidagi maʼlumotlarni KАTMdan oladi. Аgar kredit bo‘yicha kechikkan to‘lovlaringiz yoki to‘lanmay qolgan qarzdorlik bor bo‘lsa — bank sizga yangi kredit berilishini rad etishi mumkin.

O‘z kredit tarixingizni Davlat xizmatlarida yoki KАTMda tekshirishingiz mumkin. Bu xizmat bir yilda bir marta — bepul ko‘rsatiladi, agar takror so‘rov bersangiz — to‘lov qilishingiz kerak bo‘ladi.

Katta qarz yuklamasi

Bank kredit tarixingiz bo‘yicha sizning yana qanday kredit yoki qarzdorliklaringiz borligi, ular bo‘yicha oyma-oy to‘lovlaringiz qancha ekanini ko‘ra oladi. Bu zimmangizdagi qarz yuklamasi sanaladi. Аgar sizga yana bitta kredit beriladigan bo‘lsa — ushbu qarz yuklamasi yanada ortadi.

 

Bank daromadingizni zimmangizdagi qarz yuklamasi bilan solishtirib, yana bir kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni kiritish va ularni kechiktirmaslikni uddalaysizmi-yo‘qmi, baholaydi. Odatda, qarz yuklamasi siz oladigan daromadning 40-50 foizidan ortmasligi kerak. Аgar ortadigan bo‘lsa — bank kredit berilishini rad etadi yoki kreditni boshqa shartlar bilan taklif etadi.

 

 

UJKX, soliq, jarimalar yoki alimentlar bo‘yicha qarzdorliklar borligi

To‘lanmagan jarimalar, soliq, alimentlar yoki kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar — bank uchun bu odamning pul bilan muammosi borligini bildiruvchi signal bo‘lib xizmat qiladi. Bank qarzni qaytarishga layoqatsiz mijozga kredit berishdek tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymaydi.

Аnketadagi yolg‘on maʼlumotlar

Shunday bo‘lishi mumkin-ki, odam o‘zi va moliyaviy ahvoli haqida noto‘g‘ri maʼlumotlarni beradi. Bunday qilish yaramaydi — bank maʼlumotlarni doimo tekshiradi va bordiyu, ular yolg‘on bo‘lib chiqsa, kredit berilishini rad etadi.

Birgina negativ omil, ko‘pincha, rad javobiga sabab bo‘lmasligi mumkin — bank kredit berish haqidagi qarorni bir nechta omillarni jamlagan holda qabul qiladi. Shu sababli, asosiy omillarni yaxshilagan holda kredit masalasida ijobiy javob olish imkoniyatini oshirish mumkin.

Kredit olish imkoniyatini qanday oshirish mumkin?

🤓O‘zingizga oid maʼlumotlarni qayta tekshiring. Аrizani to‘ldirishda o‘zingiz ko‘rsatgan maʼlumotlarni qayta tekshiring. Аgar xatolar bo‘lsa, ularni tuzating.

 

🤗Qarzlaringizni to‘lang. Jarimalar, soliq, alimentlar va kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzingiz bo‘lsa, ularni to‘lang.

 

🤖Zimmangizdagi qarz yuklamasini hisoblang. Kreditlar, qarzdorliklar va kredit kartalari bo‘yicha zimmangizdagi barcha to‘lovlarni hisoblang va hosil bo‘lgan summaga endi rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan kreditingiz bo‘yicha to‘lovni ham qo‘shing. Oylik o‘rtacha daromadingizni mana shu summaga bo‘ling. Аgar natija 50 foizdan kam bo‘lsa — kredit olish imkoniyatingiz bor. Аgar ko‘p bo‘lsa — ayrim qarzlar yoki kreditlaringizni yoping va shundan keyingina yangi kredit uchun ariza bering.

 

💸Barcha daromadlaringizni ko‘rsating. Аgar oylik maoshingiz kichik bo‘lsayu, lekin siz norasmiy qo‘shimcha daromad olayotgan bo‘lsangiz — bankka buni ko‘rsating. Shunda bank sizning to‘lov layoqatingizni aniqroq baholab, kredit berish haqida qaror qila oladi.

Bank qo‘shimcha daromad haqida maʼlumotnoma talab qilishi mumkin — uni siz ish beruvchidan olasiz. Yoki boshqa moliyaviy muassasalardan olingan daromadingiz haqidagi bank ko‘chirmasini taqdim etishingiz mumkin. TBC Bank da hech qanday maʼlumotnoma shart emas. Siz bank ilovasida pul tushadigan boshqa banklar kartasini kiritishingiz mumkin va skoringda sizning rasmiy daromadingiz emas, balki umumiy daromadingiz hisobga olinadi.

Kredit berilishi rad etilganda nima qilmoq kerak?

Rad javobi — bu batamom degan emas. Siz 30 kundan keyin qayta ariza berishingiz mumkin — bu barcha banklarda odatiy hol. Siz bu vaqt ichida yuqorida keltirilgan asosiy omillarni yaxshilashga intiling, shunda kredit olish imkoniyatingiz ortadi.

 

Аgar pul shoshilinch kerak bo‘lsa, nima qilmoq kerak?

TBC Bank da 100 million so‘mgacha kreditni rasmiylashtirish va pulni darhol kartaga qabul qilish mumkin. Buning uchun bankka borish shart emas — arizani ilova orqali rasmiylashtirasiz va daqiqa ichida javobni ham olasiz. Pul o‘sha zahoti sizning TBC Bank dagi virtual kartangizga tushadi.

Kreditni rasmiylashtirish uchun faqat pasport kerak bo‘ladi — boshqa hujjatlarga hojat yo‘q.

 

Kredit olish

 

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish