Onlayn-kredit olishdan oldin nimalarni bilishimiz kerak? Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun nima qilish kerak?
Oxirgi yillarda banklar oʻzlarining mobil ilovalarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Masofadan turib foydalanish mumkin boʻlgan xizmat va mahsulotlar soni oshmoqda. Onlayn-kreditlar – shular jumlasidan. Odatda banklarda masofadan turib mikroqarzlarni rasmiylashtirish mumkin. Kamdan-kam holatlarda onlayn-formatda boshqa turdagi kreditlardan ham foydalanish mumkin.
Onlayn-mikroqarzlarni rasmiylashtirish juda qulay, pullarni buyurtma berilganidan keyin bir necha daqiqa ichida olish mumkin. Shuningdek, bunday kreditlar nisbatan yuqori foiz stavkalariga ega – yiliga oʻrtacha 27 dan 50 foizgacha.
Onlayn-kredit olish uchun mijozlardan bankka borish, ma’lumotnomalar yigʻish talab etilmaydi. Qarzni berish-bermaslikni dastur aniqlaydi va ushbu jarayonda inson faktori ishtirok etmaydi.
Keling, onlayn-kredit olishda nimalarga e’tibor berish va ijobiy natijaga erishish uchun nima qilish kerakligi haqida gaplashamiz.
1. Yosh chegarasi – 22 yoshdan 58 yoshgacha (har bir bankda yoshga nisbatan talab turlicha boʻlishi mumkin).
2. Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish.
3. Doimiy rasmiy ish joyiga ega boʻlish (uzluksiz ish tajribasi kredit turiga qarab 6-12 oydan kam boʻlmasligi kerak).
4. Rasmiy maosh – kamida 500 ming soʻm.
5. Agar kredit tarixi mavjud boʻlsa, unda muddati oʻtgan toʻlovlar boʻlmasligi kerak.
Dastlabki toʻrtta talabga qisqa muddatda ta’sir etish qiyin boʻlsa, kredit tarixini mustaqil ravishda yaratish mumkin.
Kredit tarixingiz haqida ma’lumot olish uchun kredit tarixlari byurosiga murojaat qiling. U yerdan ma’lumotlarni yiliga bir marta bepul olishingiz mumkin. Shuningdek www.infokredit.uz saytida, pul toʻlab, ushbu xizmatdan cheksiz foydalana olasiz.
Ijobiy kredit tarixingizni shakllantiring. Kredit tarixingiz qancha katta boʻlsa va oʻz vaqtida yopilgan kreditlaringiz soni qancha koʻp boʻlsa, bank siz haqingizda shuncha batafsil ma’lumotga ega boʻlib, toʻlash qobiliyatingizni baholay oladi.
Sizga kreditlar koʻp emasdek, yangi toʻlovga kuchingiz yetadigandek tuyulishi mumkin. Biroq bank barcha qarzlarni, shu jumladan siz kafil hisoblangan qarzdorliklarni ham inobatga oladi. Muhimi, kreditni toʻlash sizga qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak.
Yangi kreditni rasmiylashtirishdan avval oʻzingizning moliyaviy imkoniyatlaringizni tahlil qilib koʻring. Shuningdek, amaldagi qarzdorliklarni imkon darajasida yopib, kredit yukini yengillashtirish mumkin.
Ba’zan siz olmoqchi boʻlgan summa ancha yirik boʻlishi mumkin. Hatto kredit muddati uzaytirilib, toʻlov miqdori minimumga tushirilgan taqdirda ham, sizning daromadingiz yetarli boʻlmasligi ehtimoli bor. Bunday holatda bank kamroq summani ma’qullaydi yoki rad javobini beradi.
Buyurtmanomada kredit summasini koʻrsating. Har oygi toʻlov daromadingizning 50 foizidan yuqori boʻlmasligi kerak. Agar sizning qoʻshimcha daromadingiz boʻlib, siz uni tasdiqlay olsangiz, bank buni albatta e’tiborga oladi.
Daromadingiz, ish faoliyatingiz va stajingiz toʻgʻrisida rost ma’lumotni taqdim eting. Bank ma’lumotlaringizning toʻgʻriligini tekshirishga va, agar zarurat tugʻilsa, tashqi manbalardan qoʻshimcha ma’lumot olishga haqli.
Hatto sizga kredit berish rad qilinsa ham, siz minimal talablarni bajarib, 30 kundan keyin yana buyurtma berishingiz mumkin.
Kredit shartnomasi buyurtmangiz ma’qullanganidan keyin kreditni rasmiylashtirish bosqichida akseptlanadi. Shartnoma – bu mijoz va bank oʻrtasida imzolangan kredit olish toʻgʻrisidagi bitim. Ushbu hujjat bilan albatta tanishib chiqish kerak.
Shartnoma mavzusi, kreditning toʻliq summasi, toʻlash shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, mulkiy javobgarligi, qarzni toʻlash tartibi va bahsli vaziyatlarni bartaraf qilish bandlariga alohida e’tibor bering.
Kreditni rasmiylashtirish uchun shartlari (qarz turi, foiz stavkasi, summa va h.k.) sizga ma’qul kelgan bankning ilovasini telefoningizga yuklab olishingiz, soʻng uning mijoziga aylanishingiz – hisobvaraq ochib, kreditga buyurtma berishingiz kerak.
Siz kredit boʻyicha qarzingizni muddatidan oldin toʻlashingiz mumkin. Agar qarzingizni avvalroq qisman uzsangiz, foizlar faqat asosiy qarzning qolgan summasi ustiga qoʻyib hisoblanadi. Bu sizga foizlar boʻyicha toʻlovlar miqdorini kamaytirishingizga yordam beradi.