18 октябр 2023

Nihoyatda haqqoniy o'zbek kinosi. Rejissyor Mixail Borodin bilan suhbat

16-sentyabrda Asia Cinema kinoteatrida «Mahsulotlar 24» dramasining Toshkentdagi premyerasi bo'lib o'tdi. Bu kartina avvalroq, 2022-yilda Berlin kinofestivalida  namoyish etilgan, shuningdek Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Xabarovsk va Samara shaharlarida o'tgan maxsus namoyishlarda ham tomoshabinlarni yaxshi jalb etgandi. Mana, nihoyat film premyerasi O'zbekistonda, rejissyor Mixail Borodin ning vatanida ham katta muvaffaqiyat bilan o'tdi.

 

2018-yilda uning yana bir qisqa metrajli filmi Kanndagi «Tanqidlar haftaligi»da qatnashgan va Canal+ ning sovriniga sazovor bo'lgandi. Mana bugun, Helloblog o'quvchilarida rejissyorning ijod yo'li tafsilotlari va o'zbek kinosining yangi to'lqini haqidagi fikrlari bilan tanishish imkoni tug'ildi.

 

 

 

— Mixail, ayting-chi, kinodagi ijod yo'lingiz qachon boshlangan?

 

— Sanoq boshlangan aniq vaqtni aytolmayman. Bu istak-xohish asta-sekinlik bilan paydo bo'lgan. Bolaligimda To'ytepa (hozirgi Nurafshon)da yashaganmiz, bo'sh vaqtni o'tkazish uchun qiziqarli hech narsa yo'q, lekin videomagnitafon bor edi. Va men butun vaqtimni filmlar tomoshasi bilan o'tkazardim, asosan qandaydir ekshn filmlar ko'rardim. Vaholanki, keyinchalik tushundimki, ularning ba'zilari, masalan, Pol Verxovenning filmlari — o'z davri uchun favqulodda ulkan mualliflik chiqishi bo'lgan ekan.

borodin 2

Toshkentga ko'chib kelganimizda men 14 yoshga kirgandim. Bu yerda yangi qiziqishlar va imkoniyatlar paydo bo'ldi. Men teatr studiyasiga qatnay boshladim, u yerda bolalar musiqa bilan shug'ullanishar, qo'shiqlar yaratishar edi. O'ylab-o'ylab, ularning qo'shig'i uchun klip olishga qaror qildim. Suratga olish, montaj ishlari uchun kamera va kompyuter ijaraga oldim, keyingi ikki yil davomida shu ish bilan mashg'ul bo'ldim.

 

Keyin men Toshkent temir yo'l transporti muhandislari instituti (hozirgi Toshkent davlat transport instituti)ning suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlari kafedrasiga o'qishga kirdim. O'shandayoq, 2007-yilda yapon kinoijodkorlarining xorrorlaridan ilhomlanib birinchi filmimni suratga oldim. O'shanda shaxsiy kameramiz yo'qligi bois Timur Karpov (fotograf va jurnalist, «Lenta.ru»ning sobiq xodimi va «139 Documentary Center» galereyasi asoschisi — izohlar muallifniki) dan kamerani operatori bilan birga ijaraga olgandik. Janrli kino suratga olishni rejalashtirgan bo'lsam-da, yakunda film baribir art-xaus yo'nalishida bo'ldi.

 

— Kannga qanday yo'l olganingizni so’zlab bersangiz.

 

— Buning uchun deyarli 10 yil kerak bo'ldi. Oliygohni tamomlab, Moskvaga ketdim. U yerda avvaliga musofirchilik zahmatini chekib yashadim, turli joylarda ishladim. Keyin odamlarning buyurtmasi bo'yicha to'ylarni suratga olishni boshladim, tez orada korporativ roliklar, reklama va boshqalarni ham suratga olishga kirishdim.

 

Biroz vaqt o'tib, biz do'stim va fikrdoshim Zarif Ochiev bilan kichikroq prodakshn tuzdik va kino olishni o'rganish uchun biroz pul ishladik.

 

Men Aleksandr Rodnyanskiy ning ikki yillik prodyusserlik kurslariga o'qishga kirdim —agar atrofimda o'zimga o'xshagan rejissyorlardan ko'ra prodyuserlar ko'proq bo'lsa, men uchun bu men uchun foydaliroq bo'ladi, deb o'yladim. Bundan tashqari, prodyuser kinoni yaratishning barcha bosqichlarida ishlaydi. Shunday qilib, men kinoindustriyada orttirgan do'stlarim bilan «Qrim bizniki» deb nomlangan qisqa metrajli kinoya kayfiyatidagi filmni suratga oldik.

 

Bu men uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega qadam edi — shu ishni yakuniga yetkazish uchun o'zimda mavjud o'smirlarcha maksimalizmdan voz kechishga to'g'ri keldi. Ijod mahsulimizni festivallarga jo'nata boshladik. Pirovardda, ishimizni hech qaerga olishmagan bo'lsa-da, harholda bu ishlar qanday amalga oshirilishini bilib oldik.

 

Keyinchalik bir hamkursim bilan mening prodakshn loyiham negizida «Men rasoman» nomli qisqa metrajli filmni suratga oldik, unga o'zimiz prodyuserlik ham qildik. Bu filmni ham festivallarga yo'llay boshladik va kunlardan bir kun avvalgi filmimiz bo'yicha festival agentimiz Kann festivalida ishtirok uchun urinib ko'rish mumkinligini shipshidi — albatta, asosiy dasturga emas, balki festival doirasida o'tadigan turli dasturlardan biriga ilinib qolish ehtimoli nazarda tutilgandi. Bu suhbatdan bir oy o'tib, men qahvaxonada ishlab o'tirganimda: «Tabriklaymiz! Biz sizning filmingizni Kanndagi Tanqidlar haftaligida ishtirok etish uchun tanlab oldik», degan mazmunda maktub oldim.  

borodin 3

— Filmlaringizga o'zak g'oya bo'ladigan mavzu bormi?

 

— Shunday savol berdingiz-ki, unga qachonlardir kelgusida javob berishim mumkin. Shunchaki har bir film — bu hayotimning ma'lum bir qismi. Men uchun shak-shubhasiz, ijtimoiy-siyosiy voqelik juda muhim, yana shunisi ham muhim-ki, so'z borayotgan mavzu ko'nglimga yaqin bo'lishi, men to'lqinlantirishi shart, chunki bu ijodkorni ikki-uch-to'rt yilgacha harakatda ushlab turadigan muayyan ma'nodagi yoqilg'idir.

 

Odatda bu adolatsizlik mavzusi yoki qandaydir o'zim ham izohlab berolmaydigan sabab bo'lishi mumkin. Filmlarimda men mavzularga javob berish ko'zlab qo'yaman, lekin bor-yo'g'i savolni shakllantirib, o'rtaga tashlashga erisha olaman xolos. Bularning barchasi hamisha o'z-o'zim bilan, suratga olingan film bilan, ijodiy guruh va uyog'iga esa tomoshabin bilan so'zlashuvga aylanadi.

 

— Qaysi rejissyorlarning ishlari sizga ayniqsa ilhom bag'ishlaydi?

 

— Ehtimol, to'g'rirog'i, rejissyorlar emas, balki filmlar bo'lishi mumkin. Men, rejissyorman degan odam voqelik, mavzulardan xabardor bo'lish uchun imkoni boricha ko'proq filmlarni, jumladan festivallarda namoyish etiladigan filmlarni tomosha qilishi shart, deb hisoblayman. Men birvarakayiga janrli kinoni ham, artxaus va art-meynstrim yo'nalishidagi filmlarni ham ko'raveraman. Tomosha qilish mumkin bo'lgan filmlarning barchasini vaqtim yetganicha ko'rib boraman.

 

— «Mahsulotlar 24» filmi g'oyasi qanday tug'ilgandi?

— Biz Temur Karpov bilan sentyabr boshidan noyabr oxirigacha davom etadigan paxta yig'im-terimi haqida film g'oyasini muhokama qildik. Esimda bor, maktab o'quvchisi paytim ikkinchi dars soatidan keyin bizni dalada ishlatishar edi. U paytda bu ishlar qandaydir o'yindek tuyulgan bizga. Biroq hozir bu bolalarni quldek ishlatish ekanini yaxshi tushunaman. Аxir yaqin-yaqingacha shunday edi-ku, to'g'rimi?!  

 

Pirovardda, biz «Cotton 100%» nomli hujjatli filmni suratga oldik va aynan shu jarayon mening kelgusida qullik mavzusiga chuqur yondoshuvimning boshlanish nuqtasi bo'ldi.

borodin 4

MDH hududida eng mashhur bo'lgan keys — «Golyanovsklik qullar». 2012-yilda 12 ta odam — erkaklar, ayollar va bolalar Moskvaning Golyanovo tumanidagi oziq-ovqatlar do'konidagi qullikdan ozod etilgandi. Men shu do'konga bordim, ko'rdim-ki, u hamon ishlayapti, do'kon xo'jayinlari ham o'zgarmagan, u yerda ishlayotgan odamlarning qiyofalaridan ular ham qullikda ekani ayon ko'rinib turardi. Bu 2018-yildagi gaplar, lekin agar hozir ham Moskvaning Golyanovosiga borib, Novosibirskaya ko'chasidagi 11-binoda joylashgan ushbu do'konga kirsangiz, ahvol o'sha-o'sha ekanini ko'rasiz. Qullik holati oshkor bo'lgandan buyon ko'plab maqolalar, reportajlar, intervyular chiqdi, pyesa ham bor edi, mana endi bizning film chiqdi,  lekin o'sha do'kon hamon ishlamoqda.

 

— Filmni suratga olish davomida o'sha do'kondagi qullikdan ozod etilganlarning birontasi bilan gaplasha oldingizmi?

 

— Ha, gaplashdik. Hatto, ozod etilgan ayollardan biri, bu holat bo'yicha jinoiy ish ochilishi uchun hamon kurashib kelayotgan Bakiya Kasimova bizga maslahatchi sifatida juda asqotdi va «Mahsulotlar 24» filmida kichikroq rol ham o'ynadi.

 

— Filmda professional bo'lmagan boshqa aktyorlar ham qatnashganmi?

 

Kastingdan o'tganlarning 30-40 foizi professional aktyorlar bo'lsa, qolgani — professional emasdilar. Men bu uslubni «Men rasoman» filmida ham qo'llagan edim, ya'ni unda ham mahalliy posyolkada yashovchi oddiy yigitlar suratga tushishgandi. Bu yerda ham biz bu masalani Zvyagintsevning barcha filmlarida ishlagan kasting-direktorsa (Elina Ternyaeva), tomoshabin ishonmasligi mumkin, degan fikrni aytgan. Bu soxta ko'rinadi, qolaversa, Moskvada kelib chiqishi Markaziy Osiyolik bo'lgan professional aktyorlik barmoq bilan sanarli darajada kam edi. Kino — aslida anchayin xos doira uchun mo'ljallangan industriya. Ustiga-ustak, xususan, Rossiya kinosi Markaziy Osiyo auditoriyasi uchun ishlamaydi.  

 

— Tomoshabinlar «Mahsulotlar 24» filmini nihoyatda haqqoniy o'zbek kinosi, deb atashadi. Bu haqqoniylik nimada ko'rinadi?

 

— Haqqoniylik shundaki, bu hayotda bor odamlarning haqiqiy hayotidan olingan haqiqiy hikoya, ularning barchasi darhaqiqat o'sha do'konda ishlashgan. Masalan, Bakiya u yerda umrining 10 yilini o'tkazgan. Bu, hatto bir emas, yigirma yil orasida o'sha joyda yuz bergan bir nechta voqealar bayoni. Bu xayolot mahsuli emas, hazil emas yoki kimningdir kasallangan tasavvurida  tug'ilgan xomxayol emas, bu real voqealar. Men esa shunchaki ularni muayyan audiovizual obrazlar orqali tasvirlashga urindim xolos. Kino boshdan-oyoq hujjatli bo'lgani holda aslida hujjatli emasdek tuyuladi menga...

borodin 5

Muayyan tizim va bu tizimning mavjud bo'lishiga imkon beruvchi siyosiy qarorlar bor. Va odamlar shu tizimga moslashadilar yoki undan foydalanadilar. Odamlar hayotda o'z o'rnilarini topolmay qoladilar, tiklanolmaydilar, bu xuddiki bitmas-tuganmas ilojsizlik girdobiga o'xshaydi. Uning iskanjasidan Bakiyaga o'xshagan irodasi metindek odamlar chiqib keta oladi, lekin axir hamma ham shunday kuchli emas. Butun drama mana shunda. Savol tug'iladi, xo'sh, farzandi bilan birga bo'lish uchun yana shu girdobga qaytgan ayolni qanday tushunish mumkin, bunga qanday ko'nish mumkin? Аxir u zulmga xizmat qilmayaptimi? Ha. Biroq biz uni ayblay olamizmi? Аftidan, yo'q. Menimcha, film yakuni — bu mavzudagi munozaraning ayni boshlanishi.

 

— Bu filmingiz — vatandoshlaringizga yo'llangan murojaatmi yoki ko'proq rus auditoriyasiga qaratilganmi?

 

— Men dunyoning istalgan nuqtasidagi tomoshabinlarga murojaat qilganman. Tomoshabin Berlinda, Parijda, Singapurda bo'ladimi — ahamiyati yo'q, lekin asosiy muloqot shu yerda, O'zbekistonda bo'lmoqda. Filmning katta qismi ham o'zbek tilida. Tasvirlangan voqealar faqat Rossiyada yoki O'zbekistonda emas, har yerda ro'y berishi mumkin bo'lsa-da, men o'zim bilgan va anglagan narsalar haqida gapiraman. Men turli xarakterlar bilan ijtimoiy-siyosiy voqeliklar prizmasida ishlayman.

borodin 6

Bir yil oldin Toshkentda Tashkent Film School mustaqil kino maktabi ochildi va Mixail uning asoschilaridan biri bo'ldi. Bu maktab Yevropa va Osiyoda foto va kino ishlab chiqarishi sohasida yetakchi professionallarni jalb etgan holda prodyuserlik, rejissura, dramaturgiya, kino tarixi va ovoz rejussurasi yo'nalishlarida ko'plab kurslarni taklif etmoqda. Yaqinda maktabda Women watch Uzbekistan (WWU) loyihasiga start berildi, unga ham Mixail mentor sifatida jalb etilgan.

 

— WWUning maqsadi nima?

 

Bu maktab O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo bo'ylab ayollar tomonidan yaratilgan loyihalar akseleratoridir. U industriyadagi ishtirok ulushi juda kam bo'lgan xotin-qiz ijodkorlarga kino olishda yordam ko'rsatish, o'z salohiyatlarini namoyon etish va o'z loyihalarini yaratishlari, ko'makni his etishlari uchun tashkil etilgan.

Bu juda muhim masala, chunki Markaziy Osiyoda muqarrar patriarxat muammosi juda chuqur ildiz otgan, u juda dolzarb bo'lishiga qaramay, nihoyatda kam muhokama etiladi. Hozir bu masala tez-tez ko'tarilmoqda, lekin bu baribir kamlik qiladi.

borodin 7
borodin 8

Mening hamkorim bor — prodyuser Yuliya Shaginurova. U o'ziga xos meetup ni — ya'ni, kinoindustriyada ishlovchi ayollar davrasini tashkil etgandi. Shunda ma'lum bo'ldiki, Toshkentda ayollar exey o'z loyihalarini namoyish eta oladigan biron bir maydoncha yo’q ekan. Shu sababli Yuliya mana shu akselerator g'oyasini o'ylab topdi. Men esa shunchaki unga yordam  beryapman, maktabda menejment masalalari bilan shug'ullanaman va mentor sifatida o'zimiz yuritayotgan loyihalar bo'yicha fikrimni bildiraman.

 

— Umuman, maktabni tashkil etish va unda o'qituvchilik qilish fikri sizda qanday tug'ildi?

 

— Men o'zimni o'qituvchi deb hisoblamayman — men hech kimga kino olishni o'rgatmayman. Lekin qisqa film yaratishda o'zim foydalanadigan vositalar haqida ma'lumot berishim mumkin.

borodin 9

Tashkent Film School ni ochar ekanmiz, biz o'ta oddiy maqsadni ko'zlagandik. Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston kinosi dunyo kino olamiga deyarli kirib bormagan — biz esa uning dunyoga chiqishini istaymiz. Kino olish uchun juda ko'p to'siqlarni yengib o'tishga to'g'ri keladi: buning uchun texnika va mablag'ing bo'lishi shart, eng asosiysi, kino olishni bilishing kerak. O'zim ham aynan mana shulardan boshlaganman, o'z pulimga kino olishni o'rganib, o'z pulimga kino olishga majbur bo'lganman. Ishoning, bu ancha ogʼir yuk.

 

Biz imkoni boricha kino olamiga kirish badalini kamaytirishga intilamiz, toki ko'pchilik buni uddalay olsin. Аxir pirovardda bizning asosiy maqsadimiz — o'zbek kinosining yangi to'lqinini yaratish.

borodin 10

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish